AQShda prezidentlikka da’vogar respublikachi arboblar tashqi siyosat, davlat xavfsizligi xususida qanday fikrda?
Saylangan taqdirda ular Pokiston, Afg’oniston va Eronga nisbatan qanday yondashadi? Kechagi telebatda mana shu masalalar yuzasidan bahs ketdi.
AQShning Pokistonga yordami haqida to’xtalar ekan, Texas gubernatori Rik Perri rasmiy Islomobod Amerika manfaatlarini hurmat qilishi lozim, aks holda mablag’ kesiladi, dedi.
Minnesota shtatidan saylangan qonunchi Mishel Bakman nazarida bu davlat yadro dasturini ko’zdan qochirish xavfli.
“Terrorizmga qarshi kurashda ham Pokiston yordami muhim. AQSh madadi mana shularni hisobga oladi”, - deydi Bakman.
Noqonuniy immigratsiya muammosi ko’tarilganida Vakillar Palatasi sobiq spikeri Nyut Gingrich safdoshlaridan farqli o’laroq bunga “insoniy”, “muruvvat” bilan yondashishga chaqirdi.
Joriy hafta o’tkazilgan so’rovga ko’ra, respublikachilar orasida Gingrichning nufuzi baland.
Massachusets shtati sobiq gubernatori Mitt Romni va Yuta shtati sobiq gubernatori, AQShning Xitoydagi sobiq elchisi Jon Xantsman Afg’oniston ustida qattiq tortishdi.
Romni dediki, prezident harbiy qo’mondonlar gapiga quloq solishi va askarlarni olib chiqishga shoshmasligi darkor.
Xantsman pozitsiyasi – prezident bosh qo’mondon ekan, qarorni nafaqat harbiy, balki boshqa maslahatlar asosida qabul qilgani ma’qul. Xantsman amerikalik zobitlar Afg’onistonni imkon qadar tez tark etishi tarafdori.
Xitoyni AQSh milliy xavfsizligiga tahdid deb ko’rayotgan - gubernator Rik Perri. U bir oilaga bir farzand siyosatini tanqid qilib, kommunistik tuzum barbod bo’lishi muqarrar, dedi.
Eron bilan munosabatlar borasida tadbirkor Xerman Keyn mulohaza bildirib, Isroil islomiy respublikaga nisbatan kuch qo’llab, ommaviy qirg’in quroli yaratilishining oldini olsa, bu rejani qo’llab-quvvatlash niyatida.
Mitt Romni va Mishel Bakman esa prezident Barak Obamaga Eron bilan murosa izlayotgani uchun, keskinroq jazo choralari ko’rmayotgani uchun tanbeh berdi.
Gingrich fikricha, Eronga nisbatan qurol ishlatishdan oldin ming bor o’ylab ko’rish kerak. “Yadro qurolini qo’lga kiritmasidan oldin tuzumni o’zgartirishning tinch yo’llari bor”, - deydi u.
Yanvar oyidan saralash musobaqalari, ya’ni partiyaviy saylovlar boshlanadi. Respublikachilar mana shu sakkiz da’vogardan birini tanlashi kerak.
G’olib kelasi yilning noyabr oyida prezidentlik uchun demokrat nomzod, Oq Uyga qayta saylanishga qaror qilgan Barak Obama bilan bellashadi. Kurash natijasini iqtisodiyot hal etishi kutilmoqda.
Prezident Obama Amerika ahlini sabrli bo’lishga undamoqda. Iqtisodiy ahvolni yaxshilash, 9 foizlik ishsizlikni kamaytirish vaqt talab qiladi, deydi u Nyu Xemshir shtatida qilgan nutqida.