Amerikada Respublikachilar partiyasidan prezident saylovlarida yagona nomzodlikka yetti da’vogar kecha o’zaro bahs qildi. Bu ichkipartiyaviy saylovlar oldidan ilk yirik munozara edi.
Respublikachi siyosatdonlar prezident Barak Obamaning iqtisodiy siyosatini tanqid qilib, o’z tavsiyalari bilan o’rtoqlashdi. Xususan, soliqlarni kesib, hukumat xarajatlarini kamaytirish haqida so’z bordi.
“Iqtisodiy tanazzulni boshlagan Obama emasdir, lekin krizisni cho’zgan aynan shu prezident. Natijada ishsizlik tobora quloch yozib, surunkali tus oldi. 20 million odam ishsiz. Ko’chmas mulk bozori hali ham xarob ahvolda. Prezident Obama ishni uddalay olmadi”, - deydi Mitt Romni.
Massachusets shtati sobiq gubernatori, ijtimoiy so’rov natijalariga qaraganda, respublikachi safdoshlaridan oldinda.
“Mana shu sahnada Obamadan afzalroq rahbar bor” , - deydi 2008-yilgi poygada ham qatnashgan Mitt Romni o’ziga ishora qilar ekan.
Prezident poygasida qatnashaman deya dushanba kuni hujjatlarni topshirgan yana bir arbob, qonunchi Mishel Bakmanning aytishicha, Obama faqat bir muhlatga loyiq nomzod.
“Respublikachilar uni mag’lub eta oladi”, - deydi u.
Yetti da’vogar safida Kongress Vakillar Palatasi sobiq spikeri Nyut Gingrich ham bor. U noqonuniy immigratsiyani to’xtatish va xavfsizlik haqida shunday dedi.
“Chegara nazoratini kuchaytirish kerak. Milliy Gvardiyani Iroq, Afg’oniston yoki Quvaytga yuborgandan ko’ra, o’z chegaralarimizni muhofaza qilishsa, Amerika ancha xavfsizroq bo’lar edi”, - deydi Nyut Gingrich.
Gingrich prezidentikdan umidvor ekan, xodimlari uni bu fikrdan qaytarishga, g’alaba sarob ekaniga ishontirishga uringan. Natija bo’lmagach, ishchilar ommaviy tarzda bo’shagan.
Obama bilan bellashishga ahd qilganlar safida shuningdek, Minnesota shtati sobiq gubernatori Tim Polenti, tadbirkor Xerman Keyn, qonunchi Ron Pol va Pensilvaniya shtatidan sobiq senator Rik Santorum bor.
Amerikada prezident saylovlari 2012-yil noyabrida o’tadi. Ijtimoiy so’rov natijalariga ko’ra, Barak Obamaning reytingi baland. Lekin iqtisodiy vaziyat hamon og’ir ekan, Obama yana to’rt yil rahbar bo’lishga munosibmi, buni salkam bir yarim yildan keyin fuqaro hal qiladi.