Chegara xavfsizligi va Ukrainaga pul ajratishga kelisholmagan AQSh qonunchilari qishki ta’tilga chiqdi. Muzokaralar kelasi oyning ikkinchi haftasida davom etishi kutilmoqda.
Your browser doesn’t support HTML5
AQSh 2022-yil fevralidan beri Ukrainaga 75 milliard dollarga teng harbiy va gumanitar yordam ko’rsatgan.
Oq uy Kongressdan qo’shimcha 60 milliard dollar so’ragan edi, biroq respublikachi qonunchilar ayni qonun loyihasiga AQSh-Meksika chegarasi xavfsizligi uchun pulni ham qo’shishni talab qildi.
“Demokratlar ham, respublikachilar ham qonunni qabul qilish uchun qo’shimcha harakat qilishi kerak. Amerika xavfsizligi va G’arbiy dunyo xavfsizligini himoya qilishimiz zarur”, - deydi Senatda demokratlar sardori Chak Shumer.
Immigratsiya AQShda og’riqli masalalardan biri bo’lib, unga doir qonun 1980-yillar oxiridan beri yangilanmagan.
“Reyganning ikkinchi prezidentlik muhlatidan beri immigratsiya bo’yicha jiddiy qonun qabul qilganimiz yo’q. Bu ish oson emas. Mamlakatimiz uchun kerakli natijaga erishish yo’lida harakatlarimizni davom ettiramiz”, - deydi respublikachilar sardori, senator Mitch Makkonel.
Qonun loyihasida Isroilga salkam 14 milliard dollarlik yordam ko’rsatish ham belgilangan. Biroq bu shoshilinch emas, deydi vashingtonlik bir tahlilchi.
“Isroilliklarning urush uchun ehtiyojlari qoplanmoqda. Qonun loyihasida so’ralayotgan pul asosan uzoq muddatli yordam paketi uchundir, ya’ni urushdan keyingi qayta qurish ishlari uchun. Mablag’ning kichik qismigina hozirgi mojaro uchun ko’zlangan”, - deydi Strategik va xalqaro izlanishlar markazidan Mark Kansian.
Oq uy Ukraina uchun yil oxirigacha oz miqdorda pul qolganini bildirmoqda.
Ukrainaga yordam ko’rsatilmasa, oqibati yomon bo’ladi, deydi yana bir ekspert.
“Qo’shma Shtatlar jiddiy harbiy yordam ko’rsatdi. Agar yordam ko’lami davom etmasa, Ukraina harbiy tarafdan inqirozga uchraydi. Chunki hozirgi pozitsion urush uchun ko’p o’q-dori va anjomlar kerak, fuqarolik infratuzilmasini himoya qilish uchun havo mudofaasi tizimlariga ehtiyoj katta”, - deydi Jorj Vashington universitetidan Kolin Kliri.
Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy yillik matbuot anjumanida AQSh Ukrainaga xiyonat qilmaydi deya umid bildirdi.
Ukrainaning AQShdagi tarafdorlari nazarida, Kiyev G’arb madadisiz qolsa, Rossiya g’alaba qozonadi.
“Ukraina, Yevropa, AQSh va umuman Rossiyaga qarshi agressiv niyati bor barcha shuni bilsinki, agar muzokara qilmoqchi bo’lishsa, biz tayyor, ammo o’z manfaatlarimizdan kelib chiqib muzokara qilamiz”, - dedi yaqinda Rossiya Prezidenti Vladimir Putin.