O'zbekiston yoshlari uchun AQShda ta'lim olish qachon osonlashadi?

2010-yilning 2-dekabrida Toshkentda AQSh Davlat kotibasi Xillari Klinton va O'zbekiston Bosh vazir o'rinbosari Rustam Azimov ilmiy-texnologik hamkorlikni oshirish borasida yangi hujjat imzolagan edi

Bu sohada aloqa to'xtab qolganiga ancha bo'lgan, ayniqsa 2004-yildan keyin. AQSh o'quv dasturlarini yuritadigan tashkilotlar haydalgan, xususan ACCELS, IREX va Ochiq Jamiyat Instituti (Soros Jamg'armasi) singari muassasalar.

Ayni damda Toshkentda “Yuksak bilimli va intellektual rivojlangan avlodni tarbiyalash – mamlakatni barqaror taraqqiy ettirish va modernizatsiya qilishning muhim sharti” degan mavzuda xalqaro forum bo'lib o'tmoqda.

Adam Ereli, AQSh Davlat kotibining Ta'lim va madaniyat masalalari bo'yicha muovini

Hukumat tomonidan tashkil etilgan bu tadbirga Yevropa va Osiyo mamlakatlaridan ko'plab mutaxassislar taklif qilingan.

Amerikadan borgan eng yuqori lavozimli mehmon bu Adam Ereli bo'lib, u Davlat departamentining Ta'lim va madaniyat byurosi rahbar o'rinbosari. AQShning ta'lim sohasida chet el bilan aloqalariga mas'ul diplomatlardan biri. U 16-fevral kuni Toshkentda Tashqi ishlar vazirligi rasmiylari bilan uchrashgan. Tomonlar faqat fikr almashgan, biror yangi hujjat imzolanmagan.

O'zbekiston-Amerika, Toshkent-Vashington orasida diplomatik munosabatlar yo'lga qo'yilganiga 20 yil bo'ldi. Shu kungacha AQSh ilmiy dargohlarini minglab o'zbekistonliklar bitirdi. Ko'pi vatanga qaytdi, yana ko'pi xorijda, jumladan Amerikaning o'zida mehnat qilmoqda.

"Amerika Ovozi"ga o'zbekistonlik yoshlardan tushadigan savol va keladigan maktublar asosan Amerikada o'qish orzum degan mazmunda. Yoshlar bu yerga qanday qilib kelish mumkinligi, o'qishga kirish, viza olish va xarajatlar haqida qiziqadi. Murakkab masalalar. Biz ularga odatda AQSh elchixonasiga murojaat qilishni tavsiya etamiz. Saytimizning Ta'lim-tarbiya va Ilm-fan qismida bu borada ko'plab ma'lumotlar, maqola va lavhalar bor. Haqiqat shuki, O'zbekiston yoshlari uchun Amerikaga kelib o'qishning asosiy yo'li maxsus dasturlarda qatnashish. Ular esa juda oz va cheklangan.

Rasmiy ma'lumotlarga ko'ra, hozirda AQSh kollej va universitetlarida O'zbekistondan qariyb 700 talaba ilm olmoqda. O'qish uchun o'zi to'layotganlar bor, lekin aksariyat talabalar va tadqiqotchilar mezbon oliygohdan moliyaviy yordam oladi yoki Vashington taklif qiladigan turli stipendiyalarni yutgan.

Har hafta "Amerika Ovozi" o'zbekistonlik yoshlardan o'nlab maktublar oladi. Amerikada o'qish orzum degan mazmunda. Yoshlar bu yerga qanday qilib kelish mumkinligi, o'qish kirish va xarajatlar haqida so'raydi.

2010-yilning dekabrida AQSh Davlat kotibasi Xillari Klinton Toshkentga safar qilganida, tomonlar ilmiy-texnologik hamkorlikni oshirish borasida yangi hujjat imzolagan. Undan ko'zlangan maqsad - oliy va o'rta ilm maskanlari, tahlil va tadqiqot markazlarini bir-biriga yaqinlashtirish, yoshlar va mutaxassislarga bilim olish va malaka oshirish imkoniyatlarini kengaytirish, buni ta'minlovchi dasturlarni joriy etish.

Lekin shu kungacha biror konkret o'zgarish bo'lgani yo'q. Amerika diplomatlari, xususan AQSh Davlat kotibi muovini Robert Bleyk va Toshkentdagi elchi Jorj Krol ilmiy-texnologik hamkorlikni jonlantirish uchun O'zbekiston hukumati bilan muloqot olib borayotgani ma'lum. Muzokaralarda bu masala tez-tez tilga olinadi.

Almashinuv dasturlari - Amerika diplomatiyasining ajralmas qismi. Kongress ajratgan mablag' evaziga turli mamlakatlardan yiliga minglab talaba va o'quvchi bu davlat ilm dargohlariga qabul qilinadi. J-1 vizasi bilan keladigan bu mehmonlar o'qish muddati tugagach, vatanga qaytishi shart.

O'zbekiston yoshlari uchun AQShda ta'lim olish qachon osonlashadi?

Bu programmalarni yuritish odatda nohukumat tashkilotlar, jumladan yuqorida tilga olingan ACCELS, IREX va Ochiq Jamiyat Instituti singari muassasalarga topshiriladi. 2004-2005 yillarda bu tashkilotlar O'zbekistondan chiqarib yuborilganida ular yoshlarning miyasini zaharlaganlik, mavjud tuzumga qarshi targ'ibot ishlari olib borganlik va ma'muriy qonun-qoidalarni buzganlikda ayblangan. G'arbda olingan bilim O'zbekistonga to'g'ri kelmaydi degan rasmiy bayonotlar chiqqan.

O'tgan yillar ichida O'zbekiston-Amerika aloqalari ancha jadallashdi, ammo ta'lim sohasida hamkorlik qilish. rasmiylarning tan olishicha, hamon nozik masala.

AQShning ilm-fan bo'yicha maxsus vakili Elis Gast 2011-yilning yozida Toshkentga safar qilganida, yangi dasturlar ochilar deya ko'plab ziyolilar va yoshlar umidga to'lgan edi. Hozircha yangilik yo'q.

Mavjud programmalar bilan AQShning Toshkentdagi elchixonasi saytida tanishish mumkin:

http://uzbek.uzbekistan.usembassy.gov/resources.html