"Bi-Bi-Si" jahon radiosi o’zbek xizmatining Tojikistondagi muxbiri O‘rinboy Usmonov So'g’d viloyat prokuraturasidan kecha ozod etilgandan so’ng jurnalistning uyida bayram boshlandi.
Bir oydan sal ko'p Tojikiston milliy xavfsizlik qo’mitasi va ichki ishlar vazirligi izolyatorida saqlangan Usmonov hozir o’zini yaxshi his qilmoqda.
U viloyat prokuraturasining qaroriga ko’ra, tergov tugaguncha yashash joyini tark etmaslik sharti bilan qo'yib yuborilgan.
“Hizb-ut Tahrir” ekstremist guruhiga a’zolikda ayblanib, qo’lga olingan jurnalist va yozuvchi qator xalqaro tashkilotlar va diplomatik korpus xodimlarining harakati bilan nihoyat erkin nafas olgan.
Hozir Usmonov o’z xonadonida, oilasi bag’rida quvonchini baham ko’rishga kelayotgan mehmonlarni tabassum bilan qarshilamoqda.
Jurnalistning umr yo’ldoshi Malohat Abduazimovaning quvonchlari cheksiz.
“Bizlar albatta xursandmiz, qarindosh-urug’lar, bola-chaqa, hamma xursand. Kechadan beri juda ko’p mehmonlar kelib ketishmoqda. Prezidentimiz bizning arzimizni tinglaganlaridan minnatdormiz”, - deydi u.
Usmonov "Bi-Bi-Si" prinsiplariga ko’ra faoliyat yuritganini ta’kidlarkan, uni qo’llab-quvvatlaganlarning barchasiga minnatdorchilik izhor etadi.
“Yana bir narsani aytib o’tmoqchiman. Tojikistonda dunyoviy-demokratik davlat qurilmoqda. Buni men o’z boshimga tushgan ish jarayonida yana bir bor angladim. Albatta, bu jarayon davom etadi", - deydi u.
“Prezidentimiz, janob Imomali Rahmonning shaxsan menga qilgan g’amxo’rliklari va ozod etilishimga ko’maklashgani -- mana shu Tojikistonda demokratik davlat qurilayotganini yana bir marta ko’rsatdi”, - deydi jurnalist.
Professional ish faoliyatini davom ettirish borasidagi savolga javob berarkan, Usmonov buni kelajak ko’rsatadi, deydi.
U boshidan o’tayotgan jarayon mahalliy jurnalistlar birdamligi qay ahvolda ekanini hammaga ko’rsatib qo’ygandek bo’ldi go’yo, deydi.
“Ayrim jurnalistlar o’zini manga hamkasb ko’rsatgan bo’lsa-da, aslida ruscha iborani ishlatadigan bo’lsak, “medvejya usluga" - "ayiq xizmatini” ko’rsatishdi. Yaxshilik qilaman deb teskari ishni qilib qo’ygan jurnalistlar ham bo’ldi. Shuni aytishim kerakki, hali tergov davom etayotgan paytda, hali mahkama bo’lmasdan oldin hech kim, hech qachon, hech kimni jinoyatchi deb e’lon qilmasligi kerak. Lekin shunaqa hollaram bo’ldi”.
"Bi-Bi-Si" muxbiri O’rinboy Usmonovning hibsga olinishi Tojikiston siyosiy obro’siga putur yetkazgani matbuotda ko’p takrorlandi.
Respublikada bosim shu darajada kuchlimi yoki u huquq-tartibot tizimining xatosimi degan savolga Usmonov bundan xabarim yo’q, hammasini sud hal etadi, deb javob qiladi.
Tojikiston Sotsial-demokratik partiyasi raisi Rahmatullo Zoyirovga ko’ra, "Bi-Bi-Si" muxbirining kuch tizimlari tomonidan qo’lga olinishi buyurtma bo’lib, bu ish siyosiy targ’ibot va reklama xarakteriga ega. Bunday fikrni ayrim mahalliy mustail jurnalistlar ham takrorlab kelmoqda.
Usmonov o’zining mahkama jarayonida oqlanishidan umidvor.
“Bizning sudimiz bu ishni albatta adolat bilan ko’rib chiqadi va xudo xohlasa, men ozod bo’laman”, - deydi u.