Bugungi o'zbek tili: Qirg'iziston janubida ziyolilar bilan muloqot

Jalol-Obod viloyatining Suzoq tumanidagi eski bozor... Bugun bu hududda kirill alifbosida yozilgan bu so'zlardan tashqari biror o'zbekcha kalima ko'rmaysiz

“Vatandosh” O’zbek-Amerika federatsiyasi o’zbek tiliga e’tiborni oshirishga undab, oktabr oyini internetda ona tili oyligi deb e’lon qildi. Qirg’izistonda bir millionga yaqin odam o’zbekcha so’zlashadi. Janubiy viloyatlar O’sh va Jalol-Obodda o’zbeklar katta sonni tashkil etadi.

Your browser doesn’t support HTML5

Bugungi o'zbek tili - Qirg'iziston janubi - Muhiddin Zarif

O’sh davlat universitetining o’zbek filologiyasi kafedrasi mudiri Ravshanbek Tursunov fikricha, Qirg’izistonda o’zbek tili qo’llanishi hamda ravnaqi uchun qator imkoniyatlar mavjud bo’lib, gap bor imkoniyatlardan naqadar samarali foydalana olishda.

“Qirg’izistonda o’zbek maktablari, mahalliy universitetda O’zbek filologiyasi kafedrasi faoliyat ko’rsatmoqda. O’zbek tilida darsliklar yaratish va chiqarish markazi tashkil qilingan. O’zbek akademik drama teatri spektakllar qo’ymoqda. O’zbek tili o’qituvchilarining metodik birlashmasi, malaka oshirish kurslari mavjud… Bu narsalar - katta imkoniyat. Bor imkoniyatdan foydalana bilish kerak, men shunday fikrdaman”, - deydi Ravshanbek Tursunov.

Ayni paytda mutaxassis o’zbek tilida chiquvchi axborot vositalari safini kengaytirish, maktablarda ona tili saboqlari sifatini oshirish lozimligini ta’kidlaydi.

Ziyoli deydiki, iqtisodiy muammolar sabab va darslar ko’pligi bolalarga salbiy ta’sir etishi vaj qilingan holda, mamlakat maktablarida barcha fanlar bo’yicha o’qitish soatlari qisqargan. Aytaylik, beshinchi sinflarda o’zbek adabiyoti darslari ikki barobar ozaygan. Va bu hol, tabiiyki, ona til va adabiyotni o’rganishda yahshi omil bo’lolmaydi.

Mahalliy mutaxassislar nazarida, ona til qo’llanishi doirasining toraya borishiga o’zbek tilida chiquvchi axborot vositalarining ozayishi ham ma’lum ta’sir qilmoqda.

“Ammo bor ommaviy axborot vositalaridan ham foydalanmayapmiz. Gazeta-jurnal o’quvchilar, kitobxonlar kamayib ketdi”, - deydi Ravshanbek Tursunov.

Tilshunos olim Saidakbar Mahsumxonov:

“Har qanday jamiyatda tilning rivojlanishini ijtimoiy ong belgilaydi. Shu jihatdan qaraganda hozirgi sharoitda Qirg’izistonda davlat tilidan o’zga tillarning taraqqiyoti va kelajagiga men uncha ishonmayman. Chunki millatdoshlarimizning o’zlarida ona til kelajagiga ishonch ancha yo’qolgan. O’zbek tili qollanish doirasi keskin qisqargan va u, asosan, oiladagina ishlatiladi. Odamlar farzandlarini davlat tili bo’lmish qirg’iz tili, rus tili hamda ingliz tilini o’rganishga yo’naltirishayapti. Va bu ijtimoiy jarayon”.

Mahsumxonov kelajakda Qirg’izistonda sof ona tili qay darajada bo’lishini tasavvur qilolmaydi.

“Menimcha, qandaydir bir aralashma til bo’lsa kerak - o’zbek, qirg’iz, rus so’zlari aralashmasi”, - deya taxmin qiladi tadqiqotchi.

Suhbatdosh aytishicha, o’zbek tili o’qituvchilari yetishmay qolishi ehtimoli ko’ndalang turibdi. Avvallari O’sh davlat universiteti tarkibida O’zbek filologiyasi fakulteti bo’lgan, hozirda u kafedraga aylangan. Qolaversa, faqat yuqori kurs talabalari qolgan. Mazkur mutahassislikni tanlaganlar o’ta kamligi bois, 1,2,3 - kurslar ochilmagan.

“Davlat mamlakat byudjeti hisobiga o’qish imkonini bergan, ammo byudjet hisobiga ham, shartnoma asosida ham o’qishni istashmayapti. Yoshlar o’zbek tili muallimligiga qiziqmaydi - darslar kam, maktablarda maosh oz”, - deydi suhbatdosh.

Tilshunos Qirg’izistonda davlatning o’zbek maktablarini darsliklar bilan ta’minlash chora-tadbirlarini olqishlaydi.

“Birinchi sinfdan to’qqizinchi sinfgacha maktablarimiz o’zbek tili va adabiyoti darsliklari bilan ta’minlangan, lekin o’sha darsliklardan foydalanucvhilar oz”, - deydi Mahsumhonov.

U mahalliy o’zbeklarning ma’lum qismi farzandlarini qirgiz yoda rus maktablarida o’qitishni ma’qul topayotganini tabiiy ijtimoiy jarayon, deb hisoblaydi.

“Ammo o’zbek bolalaridan iborat bo’lgan bunday sinflarda ona til saboqlari kiritilishi joiz, toki yoshlar ona zabon, milliy madaniyat, urf-odatlarni unutmasin”, - deya taklif qiladi tadqiqotchi.

Yozuvchi Qo’ldosh Mirzo ta’kidlashicha, tilni o’rganish, uni taraqqiy ettirish, til boyliklaridan foydalanishda adabiyotning o’rni va roli beqiyos. Qo’ldosh Mirzo Qirg’izistonda o’zbek adabiyotining hozirgi saviyasidan qoniqmaydi.

Ayni paytda barcha suhbatdoshlar ona tilga muhabbat va hurmat, ona til ko’nikmalari oiladan boshlanishi, oiladagi muhitda shakllanishi va oziqlanishini urg’ulaydi.