O'zbekistonda sobiq siyosiy mahbuslar adolatsiz sudlanganlar huquqini tiklash uchun kurashmoqchi. Adliya vazirligida ro’yxatdan o’tishga hozirlanayotgan “Adolatni qaror toptirish” tashkiloti ortida asosan so’nggi bir yilda qamoqdan ozod etilganlar turadi. Ular hukumatdan adolatsiz sudlov qurboni bo’lgan barcha fuqarolar ishini qayta ko’rib chiqishni talab qilishmoqda.
Your browser doesn’t support HTML5
Tashkilotchilarga ko’ra, hukumat bu tashabbusga qarshi emas, nohaq, adolatsiz qamalganlar nomi oqlanishi kerak.
Siyosiy faoliyati uchun chorak asr umrini qamoqda o’tkazgan Samandar Qo’qonov yaqinda o’z nomi oqlanishini talab qilib Oliy sudga ariza yo'lladi. Avvalroq xuddi shunday talab bilan jurnalist Solijon Abdurahmonov ham chiqqan edi.
Islom Karimov tuzumining eng uzoq yillik siyosiy tutquni sifatida tanilgan Qo’qonov murojaatidan qanoatlanmagan Oliy sud uni salkam 25 yil qamoqda ushlashga asos bo’lgan jinoyat ishini qayta ko’rishni paysalga solmoqda. Samandar Qo’qonov - “Adolatni qaror toptirish” tashkilotining tashabbus guruhi a’zolaridan biri.
Tashkilot tashabbuschilarining aksariyati yangi hokimiyat davrida qamoqdan chiqqan siyosiy mahbuslardan iborat. Tashkilot nafaqat siyosiy mahbuslar, balki adolatsiz sudlov qurboni bo’lgan barcha fuqarolarning huquqlari tiklanishi uchun kurashmoqchi, bu borada hukumat qo’lloviga, tashkilot ro’yxatdan o’tkazilishiga umid qilmoqda.
12,5 yilik qamoq jazosining 9 yilini qamoqda o'tkazgan jurnalist Dilmurod Sayyid yana bir sobiq siyosiy mahbus A’zam Turg’unov bilan tashabbusga oid takliflarini parlament vakillariga yetkazishgan, parlamentning inson huquqlari bo’yicha vakili qabulida bo’lishgan.
“Reabilitatsiya bo’yicha takliflarimizni Qonunchilik palatasiga topshirdik. Ombudsmen bilan uchrashganda ham shu masalalarni ko’tardik, unga ham hujjatlardan nusxa topshirdik. Bundan tashqari prezident qabulxonasiga, Adliya vazirligiga, “Xalq so’zi” gazetasiga elektron murojaatlar jo’natdik. Tashabbus guruhi ishlayapti, “Adolatni qaror toptirish” nodavlat tashkilotini Adliya vazirligidan ro’yxatdan o’tkazish masalasini hamma qo’llab-quvvatlayapti. Hukumat tomonidan ham hozircha biror e’tiroz bildirilgani yo’q”, - deydi jurnalist.
Shu oy huquq himoyachisi Faxriddin Tillayev, jurnalistlar Bobomurod Abdullayev va Hayotxon Nasriddinovlar ozodlikka chiqishi ortidan, O’zbekiston qamoqxonalarida huquq himoyachilari va jurnalistlar qolmadi, deb ko’rilmoqda.
Ozodlikka chiqqan siyosiy mahbuslardan bir nechtasi jinoiy ishlari qayta ko'rilishini so’rab sudga murojaat qilishgan, ammo hozircha oqlov to'g'risida ajrimdan darak yo'q.
Dilmurod Sayyidga ko’ra, yangi tashkilot bu borada hukumat oldiga aniq talablar qo’yadi:
“Asosiy talab bu Bosh prokuratura huzurida reabilitatsiya bo’yicha maxsus komissiya tuzilishiga erishish. Agar bunday komissiya tuzilmasa, bu boradagi harakatlar natija bermaydi. Biz mahbuslarni siyosiy yoki siyosiy emasga ajratmaymiz, qanday mahkum bo’lishidan qat’i nazar u nohaqlik qurboni bo’lgan. Mana hozir Samandar akaning (Qo’qonov) ishini Oliy sud ko’rib chiqishi kerak edi, biz bu haqda gaplashdik. Mayli yakka tartibdagi murojaatlar bo’lsin, lekin tashabbus guruhi nima uchun bu borada maxsus komissiya tuzilishiga erishmoqchi, chunki sudlar bu komissiyasiz biror siyosiy ish bo’yicha oqlov hukmi chiqara olmaydi, ular bunga jur’at topmaydi”.
So’nggi yilda o’nlab siyosiy mahbuslar ozod etilgan bo'lsa, aksariyati o’z faoliyatini davom ettirish qarorida qat’iy. Ular inson huquqlari, jumladan sud-huquq tizimida adolat tiklanishi uchun turli tashabbuslar bilan chiqishmoqda.
“Siyosiy mahbuslar, jumladan men ham ko’radiganimizni ko’rib chiqdik, yo’qotadiganimizni yo’qotib bo’ldik. Endi keyingi avlod bizning kunimizga tushmasligi uchun harakat qilishimiz kerak. Bizning maqsadimiz shu. Ishonchim komil, kim bo’lishidan qat’i nazar nohaqlikni ko’rib, moddiy, ma’naviy yo’qotishlar bilan chiqqan odamlar o’zlari mustaqil harakat qilishadi, kimnidir ularga buni qil, buni qilma deb o’rgatishiga hojat yo’q”, - deydi bu borada Dilmurod Sayyid.
“Adolatni qaror toptirish” mamlakatda hokimiyat o’zgarishi ortidan inson huquqlari himoyasi bo’yicha tuzilayotgan dastlabki mustaqil nodavlat tashkilotga aylanishi mumkin.