O'zbekiston tashqi ishlar vaziri Bosh Assambleyada gapirdi

O'zbekiston tashqi ishlar vaziri Bosh Assambleyada gapirdi

Nyu-Yorkda BMT Bosh Assambleyasining 66-sessiyasi davom etar ekan, davlat rahbarlari va rasmiylari birin-ketin dunyoda va o'z mamlakatlaridagi jarayonlar haqida fikr bildirmoqda. Kecha O'zbekiston Bosh vazirining o'rinbosari, Tashqi ishlar vaziri Elyor G'aniyev ma'ruza qildi.

Vazir nutqini O'zbekistonning mustaqillikdan keyingi 20 yil ichidagi yutuqlariga baho berishdan boshladi. So'ng Markaziy Osiyodagi jarayonlarga to'xtalar ekan, Afg'onistondagi urush, Orol dengizi muammosi, o'tgan yil yozida Qirg'iziston janubidagi etnik xunrezliklar va mintaqada suv tanqisligiga to'xtaldi.

Xususan, deydi Elyor G'aniyev, O'sh voqealariga sababchi kuchlar - buyurtmachilar, tashkilotchilar va ijrochilar bo'yicha tergov haligacha yakuniga yetkazilmadi. Adolat o'rnatilmas ekan, Qirg'iziston janubida o'zbeklar va qirg'izlar o'rtasida ishonch va hamkorlik tiklanmaydi. Bu esa butun mintaqa tinchligi uchun tahdiddir.

Afg'oniston masalasida O'zbekiston tashqi ishlar vaziri deydiki, bu yurt muammosining yechimi afg'on xalqining qo'lida. Mojaroni harbiy yo'l bilan hal etib bo'lmasligiga barcha tomonlar amin bo'ldi, deydi G'aniyev.

O'zaro urush qilayotgan ichki kuchlar murosa qilsagina tinchlik qaror topadi, deydi u.

Sessiyada Tojikiston Tashqi ishlar vaziri Hamroxon Zarifiy ham nutq so'zladi. Uning aytishicha, Tojikiston tog'lardagi muzliklarni saqlab qolishga qaratilgan jamg'armani tuzish taklifiga xalqaro hamjamiyatdan javob kutmoqda.

"O'zaro hamkorliksiz iqlim o'zgarishi oqibatlariga barham berib bo'lmaydi," - deydi Zarifiy. Vazir a'zo davlatlarni tashabbusni qo'llab-quvvatlashga chaqirdi.

Afg'oniston masalasiga to'xtalar ekan, Zarifiy bu davlatning mintaqa bilan savdo va iqtisodiy aloqalarini ijobiy hol sifatida ta'kidlab o'tdi, Afg'oniston-Tojikiston chegarasida beshta ko'prik qurilganini aytib, 220 kilovatt elektr liniyasi tushirilganini ma'lum qildi.