Aeroportlar yopilar ekan, xorijdagi o’zbekistonliklar borasida mavhumlik

Your browser doesn’t support HTML5

O’zbekistonda aeroportlar 20-aprelgacha yopiladi. Xorijdagi fuqarolarni mamlakatga olib kelish vazifasi yuklatilgan respublika maxsus komissiyasi ham 30-martdan aviaqatnovlar to’xtatilishi, barcha aeroportlar yopilishi haqida ma’lum qilgan.

Aviaqatnovlar bekor qilinishini bildirgan komissiya qarorida xorijda qolayotgan o’zbekistonliklar taqdiriga doir biror izoh yo’q. Bunday izoh respublika komissiyasi qarorini e’lon qilgan Tashqi ishlar vazirligi saytida ham uchramaydi.

Avvalroq xorijda qolayotgan O’zbekiston fuqarolariga murojaat bilan chiqqan Tashqi ishlar vazirligi aviaqatnovlarni tashkil etish diplomatlar vakolatidagi vazifa emasligi, bu bilan respublika komissiyasi shug’ullanayotganini eslatgan edi.

26-mart kuni O’zbekiston Tashqi ishlar vazirligi vakili ishtirokidagi matbuot anjumanida xorijdagi 16 mingga yaqin fuqaro O’zbekistonga qaytish uchun ro’yxatdan o’tishgani, hukumat ularni charter reyslar bilan qaytarish choralarini ko’rayotgani, ro’yxat kengayishi mumkinligini ta’kidlangan edi.

Moskvaning "Vnukovo" aeroportidagi o'zbekistonliklar

Bosh vazir Abdulla Aripov raisligidagi respublika maxsus komissiyasi qarorida koronavirus tarqalishini oldini olish chora-tadbirlarini kuchaytirish maqsadida 30-martda soat 00.01 dan 20-aprel soat 00.01 ga qadar O’zbekistondagi mavjud barcha aeportlar yopilishi va aviaqatnovlar butunlay to’xtatilishi ma’lum qilingan.

Bu qaror charter reyslarga taalluqli ekanligi alohida ko’rsatilmagan, ammo O’zbekiston bungacha barcha qatnovlarni, jumladan jadvalga ko’ra amalga oshirilayotgan xalqaro aviaqatnovlarni ham to’xtatgani inobatga olinsa, aeroportlarning yopilishi aynan charter reyslarga tegishli bo’lishi mumkin.

Hozircha hukumat aviaqatnovlar bekor qilinishiga doir qaror yuzasidan biror izoh taqdim etmagan.

Shuningdek, xorijdagi fuqarolar 30-martga qadar olib kelinadimi yoki bu aviaqatnovlar tiklanishi kutilayotgan muddat – 20-apreldan so’ng amalga oshiriladimi, noma’lum.