Mirziyoyev militsiya va xavfsizlik xizmatiga ishonchni tiklamoqchi

Toshkent, O'zbekiston

O'zbekiston rahbari Shavkat Mirziyoyev tarkibi taxminan 20 ming kishilik ichki qo'shinlarni Milliy Xavfsizlik Xizmatidan olib, Ichki ishlar vazirligiga (IIV) bo'ysundirish haqida farmon bergan.

Prezident ikki qudratli idora vakolatlarini muvozanatga keltirishga urinayotgani kuzatiladi. MXXning mamlakatda ichki jarayonlarga tegishli ayrim vakolatlari vazirlikka o'tishi mumkin. Toshkentda matbuot anjumani o'tkazgan Ichki ishlar vaziri Abdusalom Azizov vazirlikda keng islohotlar kutilayotganini aytgan.

2-may kungi matbuot anjumanida qatnashgan Ichki ishlar vaziri Abdusalom Azizov prezident farmoniga ko'ra, 1-maydan ichki qo'shinlar vazirlikka bo'ysunishi haqida bayonot qilgan. Qo'shinlar yirikligi jihatidan Mudofaa vazirligi harbiylaridan so'ng ikkinchi o'rinda turadi, norasmiy ma'lumotlarga ko'ra, tarkibi 20 ming kishi atrofida.

Oxirgi xabarlar vazirlikning qudrati qayta tiklanayotganini namoyon etmoqda.

Mirziyoyev mamlakat boshqaruvini Milliy xavfsizlik xizmati raisi Rustam Inoyatov bilan bo'lishgan holda amalga oshirishga majburligi haqidagi farazlar yangrab keladi. Bu esa Inoyatov boshliq xizmat qudratini cheklash uchun qo'yilgan dastlabki jiddiy qadamdek ko'rinadi.

Ichki ishlar vaziri ishtirokidagi matbuot anjumani O'zbekistonda kam kuzatiladigan holat.

Azizov bu uchrashuvda vazirlik vakolati kengaytirilayotgani, xodimlar soni yanada ko'paytirilishi, maxsus qismlar tuzish ko'zda tutilayotgani haqida gapirgan. Shu yilning yanvar oyida lavozimga tayinlangan Abdusalom Azizov avval bir qator lavozimlarda, jumladan, Jizzax viloyati Ichki ishlar boshqarmasi rahbari sifatida ham ishlagan.

Mirziyoyev hokimiyatga kelishi ortidan huquq-tartibot organlari faoliyatini keskin tanqid qildi, bu sohada islohot o'tkazilishini ta'kidladi. Aprel boshida Ichki ishlar organlari faoliyatini tubdan takomillashtrish haqida prezident farmoni imzolandi.

Farmon vazirlik vakolatini kengaytirish bilan birga tarkibida qo'shimcha bo'limlar tashkil etilishini, xodimlar sonini oshrishini nazarda tutadi.

Sharhlovchilarga ko'ra, hokimiyatda o'z qudratini mustahkamlashda davom etayotgan prezident bu jarayonda asosan shu vazirlikka suyanmoqchi.

Jizzaxlik jurnalist Ulug'bek Haydarovga ko'ra, Mirziyoyev o'zini MMXdan uzoq tutayotgani seziladi, ichki ishlarga esa u avvaldan ishonch bildirib kelgan:

“Ichki qo'shinlarni IIVga o'tkazilayotgani Mirziyoyev bu tashkilot vakolatlarini kengaytirishidan dalolat. Bu uning hokimlik davridan kuzatiladi. U hamisha vazirlik mulozimlari bilan juda yaqin munosabatda bo'lgan, tadbirlarda ham asosan IIB boshlig'i bilan qatnashardi. Hozir mana Jizzax viloyatida IIB boshlig'i bo'lgan Azizovni vazir qilib olib keldi. Bu Mirziyoyev boshqaruvida ko'proq Ichki ishlar vazirligiga suyanishni rejalayotganini ko'rsatadi. Mirziyoyev MMXdan o'zini uzoq tutmoqda, qandaydir bir hayiqadigan joyi bordek, aksincha ichki ishlarga ishonch bildirmoqda, o'ziga yaqin olmoqda”, -deydi jurnalist.

"Reyter" agentligi O'zbekiston hokimiyatini boshqarishda Mirziyoyev, Rustam Azimov, Inoyatovlar uchligi o'rtasida kelishuv borligi, bu kelishuv ziddiyatga aylanganiga doir bir necha maqola e'lon qildi. So'nggi maqolada Rustam Azimov boshqaruvdan chetlatilgani, Mirziyoyev va Inoyatov o'rtasidagi munosabat tarang ekani yozildi.

Haydarovga ko'ra, O'zbekistonda hokimiyat uchun kurash davom etayotgani haqidagi farazlar haqiqatdan uzoqdek.

“Men bu fikrlarga qo'shilmayman, rejim o'zgarmadi, tadbirkorlarga munosabat ham o'sha, qiynoqlar ham davom etayapti. Jizzaxdagi yaqindagi voqea, fermerlar rejadan tashqaridan ekkan ekinlari buzib tashlangan, buni videoga olib fermer farzandlari o'qiyotgan maktablarda ko'rsatish buyurilgan. Buni qishloq xo'jaligi vaziri aytayapti. Tuzum qanday bo'lsa, o'shanday turibdi, hech narsa o'zgarmadi. Hozirgi mavjud fikrlar, go'yo Mirziyoyev islohotlar o'tkazmoqchi, lekin unga to'sqinlik qilayotgan guruhlar bor degani, yaxshilab sahnalashtrilgan tomoshaning bir qismi xolos”, - deydi jurnalist.

Sharhlovchilarga ko'ra, O'zbekiston huquq-tartibot organlari faoliyati hozirgacha aholi tomonidan qo'llab kelingan deyish qiyin. Aksincha Ichki Ishlar vazirligi, Milliy Xavfsizlik Xizmatidan odamlar qo'rqadi.

Prezident aholida ishonch yo'qolganidan ham xabardor, “xalq bilan muloqot” shiorining joriy qilinishi, Ichki ishlar organlari faoliyatini tubdan isloh qilish rejasi ham shu ishonchni qaytarishga urinish sifatida baholanmoqda.