O’zbekiston hukumati ijtimoiy xavfli sanalgan materiallarni matbuot va internetda, xususan, ijtimoiy tarmoqlarda tarqatgan shaxslarni jinoiy javobgarlikka tortish choralarini kuchaytirdi. 5-8 yillik qamoq jazosini nazarda tutuvchi band 26-apreldan “O’zbekiston qonunchiligiga ayrim o’zgartirishlar kiritish” to’g’risidagi qonun imzolanishi bilan kuchga kirdi. Diniy ekstremizmga qarshi kurashni maqsad qilgan jinoiy modda, ijtimoiy tarmoqlarda faol musulmonlarni nishonga oladi va huquq-tartibot organlari vakolatini yanada kengaytiradi.
Your browser doesn’t support HTML5
Prezident Islom Karimov tomonidan imzolangan qonun O’zbekiston jinoyat kodeksining jamoat xafsizligiga tahdid soluvchi materiallar tayyorlash va tarqatish bilan bog’liq 244-moddaga o’zgartirishlar kiritgan.
Dindorlarga nisbatan qo’llanilishi bilan mashhur bu modda jamoat xavfsizligiga tahdid soluvchi materiallarni tarqatish doirasini “ommaviy axborot vositalari, telekommunikatsiya va internet tarmoqlari vositasida” degan qo’shimchalar bilan to’ldirilgan.
Ekstremistik yo’nalishdagi materiallarni tayyorlash, tarqatish, shu ruhdagi ramzlar, belgilarni namoyish etganlik uchun 5 yildan 8 yilgacha qamoq jazosi tayinlanishi ko’rsatilgan.
Huquq himoyachilari nazarida bu o’zgarishlar internet ustidan nazoratni kuchaytrish bilan birga ijtimoiy tarmoqlarni nishonga olmoqda, ayniqsa xorijda yurgan, o’z diniy qadriyatlarini saqlashda turli tarmoqlar xizmatidan foydalanayotgan mehnat muhojirlarini tahdid ostiga qo’yadi.
Markaziy Osiyo inson huquqlari uyushmasi rahbari Nadejda Atayeva tahlilicha, o’zgartirishlar ijtimoiy tarmoqlarda so’z erkinligini cheklaydi.
“O’ylashimcha, bu o’zgartirish ijtimoiy tarmoqdagi faol foydalanuvchlar sahifasini bloklashga xizmat qiladi. Ular diniy ekstremizmga bog’liq bo’lmagan taqdirda ham. Kuzatayotganimizdek, huquq-tartibot xodimlari erkin fikr bildirishni har qanday imkoniyatini cheklashga tayyor turishibdi. Internet hozir shunday imkoniyatki, juda ko’plab yolg’on ma’lumotlar, odatda O’zbekiston maxsus xizmatlariga ishlovchi provokatorlar tomonidan uyushtiriladi. Ularga qanday chora ko’radi, bunisi mavhum, ammo shunisi aniqki, bu o’zgartirish avvalo xorijda yurgan, o’z diniy qadriyatlariga amal qilishda ijtimoiy tarmoqlardan foydalanayotgan mehnat muhojirlarini nishonga oladi”, - deydi Atayeva
Tashkilot yaqinda “Odnoklassniki” ijtimoiy tarmog’ida diniy ulamolar suratini joylagani uchun Rossiyada ushlanib O’zbekistonga qaytarilgan va 7 yillik qamoq jazosiga hukm qilingan mehnat muhojiri 24 yoshli Davron Kamoliddinov taqdiri haqida ma’lumot tarqatgan edi. Huquq himoyachilarining aytishicha, u qiynoqqa solingan bo’lishi mumkin.
“Bugun O’zbekiston maxsus xizmatlari xorijdagi fuqarolarga, mehnat muhojirlariga qarshi keng kampaniya boshlagan. Masalan, Davron Kamoliddinov ijtimoiy tarmoqdagi sahifasida taniqli o’zbek imomining suratini joylagani uchun Rossiyada ushlandi. Uning musodara qilingan kompyuteridan diniy ekstremizmga aloqador biror material chiqmagan. Shunga qaramasdan O’zbekistonga topshirilishi ortidan u diniy ekstremizmda ayblanib 7 yilga qamaldi. Bu ijtimoiy tarmoqdan foydalangan, umuman taqiqlanmagan mavzuda muloqot qilgan odamni qanday qilib ozodlikdan mahrum etish mumkinligiga oddiy bir misol”, - deydi Atayeva.
Mutaxassislar deydiki, O’zbekistonda taqiqlangan ekstremistik guruhlar ro’yxati e’lon qilinmagan bir sharoitda, fuqarolarni bunday guruhlarga aloqadorlikda ayblashning o’zi mantiqsiz.
“Biz bilamiz, AQSh Davlat departamenti o’z ro’yxatiga ega. KXShda ham bor shunday ro’yxat. Ammo O’zbekistonning o’zida bormi taqiqlangan tashkilotlar ro’yxati? Bu qonunda belgilanishi va jamoatchilikka e’lon qilinishi kerak. Ijtimoiy xavf haqida ayrim detallar oydinlashtirilgan, masalan, avval ijtimoiy xavf tug’diruvchi materiallar mavhum ko’rinishda edi. Yangi o’zgartirishda bular tartibsizlikka chaqiruvchi, da’vat etuvchi kabi jumlalar bilan to’ldirilgan”, - deydi Atayeva.
Diniy ekstremizmga qarshi kurashni kuchaytirishni nazarda tutuvchi o’zgarishlar nisbatan erkinroq qolayotgan ijtimoiy tarmoqlardagi chiqishlarga yo’naltirilgani xavotir bilan kuzatilmoqda.
Xaqaro tashkilotlar hisobitida O’zbekiston erkin fikr bildirish tahdidli bo'lgan, so’z erkinligi bo’g’ilgan mamlakatlar qatorida. Dunyoning 199 davlatidagi erkinlik darajasini o’rgangan “Ozodlik uyi” yaqinda e’lon qilingan yillik hisobotida O’zbekiston 197-o’rinda, ya’ni so’z va fikr erkinligidan mahrum jamiyatlar safida turadi.