Uznews.net xakerlar hujumi ostida

O’zbekistonlik jurnalistlar asos solgan va hamkorlikda yuritadigan axborot sayti uznews.net xakerlar hujumiga uchramoqda.

Sahifa ba'zida ochilmay qoladi, uni yangilash qiyinlashgan.

Sayt - O’zbekiston mustaqil axborot agentligi. Bosh muharrir Galima Buxarbayeva fikricha, hujumlar ortida rasmiy Toshkent turibdi.

Buxarbayeva "Amerika Ovozi" bilan suhbatda deydiki, 28-fevral kuni boshlangan hamla natijasida sayt ishlamay qolgan. 1-martdan saytning “Youtube” portalidagi video-lavhalari ham shu muammo bilan yuzlashgan. Tahririyat doimiy kurashda.

“Avvaliga bizga xizmat ko’rsatayotgan mutaxassis bu hujumlarni qaytarishga urinib ko’rdi, lekin turli yo’nalishdan faqat bir nuqtaga qaratilgan zarbalar shu qadar kuchli ediki, vaqtincha yopilishga majbur bo’ldik”, - deydi Buxarbayeva.

Uning aytishicha, Osiyoning bir necha davlatlaridan qilingan amaliyot faqat O'zbekiston hukumati buyurtmasi bo’lishi mumkin, chunki "uznews.net” faqat shu respublikadagi vaziyatni yoritadi.

“Har holda bu qandaydir havaskorlarning ishiga o’xshamaydi. Hujumlar keng ko’lamli ekani ham shuni ko’rsatib turibdi. Rahbariyat bu bilan ishimiz ularga yoqmayotganini bildirib qo’ymoqchidir”, - deydi Buxarbayeva.

Mutaxassislar fikricha, biror saytga zarbani tashkillashtirish ancha qimmat jarayon. O’zbekiston haqida tanqidiy fikrlar va ma'lumotlar tarqatuvchi, muxolif tashkilotlarning saytlarini buzish avval ham kuzatilgan.

“Bu DDOS ataka deb yuritiladi, va minglab adreslardan bir vaqtning o’zida ma’lum bir serverga kirish kerak. Bir lahzada qilinadigan ish. Natijada server buni ko’tara olmasdan ishdan chiqadi. Albatta, buncha odamni topish juda qiyin va ular faqat pulga ishlashadi. “Uznews.net” ham xuddi shunday bo’ldi, hujumlar bugun ham davom etayapti. Hozir provayder saytning nusxasini yaratib qo’yib qo’ygan, xolos”, - deydi jurnalist Qudrat Bobojon.

Uznews.net hujumlardan birinchisi 2005-yilda kuzatilgan va bu galgisini Buxarbayeva shunday izohlaydi.

“Haqiqatda, uznews.net anchadan buyon hukumatning jig’iga tegib keladi. Nima sababdan hujumlarning bugun amalga oshirilayotganiga kelsak, taxminimcha, bu so’nggi paytda Obidxon qori Nazarovga uyushtirilgan suiqasd bo’yicha yozilgan maqolalarimiz bilan bog’liq. Chunki bu materiallarda biz bilan gaplashgan odamlar qorini O’zbekiston maxsus xizmati otib ketdi, deb fikr bildiradi. Ehtimol, bu ularning sabr kosasini to’ldirgandir. Sayt ishlashda davom etadi, hozir manzilni o’zgartirib, xavfsizlik choralarini oshirayapmiz”, - deydi Buxarbayeva.

Germaniyada asoslangan uznews.net O’zbekistonda o’z muxbirlariga ega oz sonli nashrlardan. Buxarbayeva O’zbekison jurnalistlar uchun xavfli mamlakatlardan biri ekanini, bir muxbiri qamoq jazosini o’tayotganini afsus bilan tilga oladi.

“Bosh muharrir sifatida hamkasblarim uchun mas’ulman, chunki hukumat uchun jurnalistlarni aniqlash qiyin emas. Shundoq ham ularni barmoq bilan sanasa bo’ladi. Bundan tashqari, yana bir jurnalistimiz, Solijon Abdurahmonov qamoqda qolayotganiga to’rt yil bo’lmoqda. Har doim hamkasblar xavf ostidaligini sezib turish juda og’ir ”, - deydi Buxarbayeva.

Ommaviy axborot vositalari mutlaq hukumat nazorati ostida, internetdagi mustaqil manbalarga kirish yo’llari berkitilgan. Aholi global tarmoqdan aylanma yo’llar orqali ma’lumot olar ekan, hukumat bularni ham yo’q qilish harakatida.

28-fevral kuni Toshkent aeroportidan Bi-Bi-Si (BBC) jurnalisti Natalya Antelava deportatsiya qilingan.