O'zbekni jangariga aylantirayotgan sabablar talay va murakkab

Yaqinda Suriyada o'zini portlatgan yosh o'zbeklardan biri. Uning Rossiyaga ish izlab borib, bedarak ketgan.

Amerikada asoslangan va xavfsizlik bo'yicha izlanuvchi “The Soufan Group” hisobotiga ko'ra, o'zini "Islomiy davlat" deb ataydigan to’da tarkibidagi markaziy osiyoliklar ichida o'zbeklar ko'pchilik. Suriyadagi o’zbekistonlik jangarilar soni taxminan 500.

Keng tarqalgan mulohaza shuki, siyosiy va diniy bosim, iqtisodiy yetishmovchilik, qolaversa oxirgi yillarda Rossiyada mehnat muhojirlari yuzlashayotgan qiyinchiliklar o’zbeklarni jihodchilikka yetaklamoqda.

“Ha, bu to’gri, yarim yil ichida ular yanada ko’paygan bo’lishi mumkin”,- deydi Rossiyada mehnat muhojirlari huquqi bilan shug’ullanib kelayotgan faol Bahrom Hamroyev.

“Mingarnlarga bosimlar boshlangan. Imkoniyat esa kamayib ketayapti. Krizis… O’zbekistonda esa qatag’onlar davom etayapti. Muhojirlar berib yuborilayapti, o’g’irlab olib ketilayapti. Bu narsa ular o’rtasida doim muhokama qilinadi. Kim, qachon nima uchun o’girlab ketildi? O’zbekiston hukumatini yoqtirmagan odamlarda Suriyaga borishdan boshqa imkoniyat ham qolmayapti. Bu yerda biror huquqiy himoyasi o’lmasa, O’zbekistonga borganda qamalishi aniq bo’lsa…”,- deydi Hamroyev.

Mintaqada radikallashuv va ekstremizm muammosi yaqinda Bishkekda Britaniyaning Urush va tinchlikni yoritish instituti (IWPR) konferensiyasida ham tahlil qilindi.

Unda qatnashgan o’zbekistonlik siyosatshunos Farhod Tolipov fikricha, Markaziy Osiyoda davlat va diniy tashkilotlar o’rtasidagi munosabatlar islohotga muhtoj. Tojikistonda davlat va islomiy kuchlar orasidagi murosa qilingan edi, lekin bu yili Islom uyg’onish partiyasining yopilishi ayrim toifalarning radikallashishiga turtki berdi.

Suriyada jang qilayotgan tojikistonliklar soni ham yarim yil ichida bir necha barobarga ko’payib, 386 kishiga yetgan. Radikal qarashdagi qatlam ko’payishi sababi ham so’ngi paytda musulmonlarga nisbatan tazyiq va taqiblar kuchayishi, siyosiy repressiya bilan bog’liq.

Toshkentdagi rasmiy va norasmiy qarashlarga ko’ra ham Suriyaga jihodchilikka ketayotgan o’zbekistonliklarning aksariyati chet elga ish va imkoniyat izlab chiqqan shaxslar.

O’zbekiston maxsus xizmatlari o’tkazayotgan aksilterror amaliyoti davomida so’nggi oyda 200 dan oshiq kishi hibsga olingan, aksariyati xorijdan qaytgan fuqarolar. Poytaxt va viloyatlarda nazorat kuchaytirilgan.

Tazyiqlar ortida Milliy Xavfsizlik Xizmati (MXX) va militsiya ayblanadi. Prezident Islom Karimov o’tgan hafta qilgan nutqida jamiyatdagi adolatsizliklar haqida gapirarkan, bu organlar faoliyatini tanqid qildi.

“Shuncha qamashlar bilan O’zbekistonda bir o’zgarish bo’layotgani yo’q, faqat rejimning cho’kib, mag’buliyatga uchrashini Karimov ham sezdi. Bo’lmasa u hozirgacha bilmas edimi, xalqning adolatsizlikda qiynalayotganini? Bilardi. Shunchaki tinchlantirib qo’ymoqchi xolos. Xalq boshqa narsani - siyosat o’zgarishini kutayapti”, - deydi Hamroyev.

Norasmiy hisoblarga ko’ra, O’zbekistonda dindorligi sabab qamalganlar taqriban 12 ming. Hukumat ularni ekstremizmda, taqiqlangan guruhlarga a’zolikda, terrorchilik va konstitutsiyaviy tuzumga tajovuzda ayblab keladi.