O'zbek ziyolilari Ikkinchi jahon urushini xotirlovchi tadbirlar Toshkentda Rossiya elchixonasi tarqatayotgan Georgiy lentasi bilan bayram qilinishidan norozi. Bu tasma - Turkistonni zabt etgan Rossiya imperiyasi timsoli, deydi ular.
Tarixchilar nazarida, Turkistonda qirg'in o'tkazgan rus generallarining ko'pchiligi ilohiy Georgiy ordeni bilan taqdirlangan.
Rossiyada Georgiy lentasi Ikkinchi jahon urushida qozonilgan g'alaba ramzi sifatida qabul qilingan. Bu ramz so'nggi yillarda sobiq ittifoq davlatlari, jumladan Markaziy Osiyoda ham keng tarqalmoqda.
O'zbekistonda Georgiy tasmasi bilan bog'iq aksiya may oyining ilk kunlarida boshlandi. Rossiyaning Toshkentdagi elchixonasi tasmalarni bepul tarqatishni yo'lga qo'ygan.
Respublikada bu tasmani o'z mashinasi yoki kiyimiga taqib yurganlar ko'p. Tahlilchi va jurnalistlar izohicha, bunday odat - ahmoqlik, vijdonsizlik.
Siyosatshunos Anvar Nazirlar va Ziyo.uz internet nashri asoschisi Davron Tojialiyev bu borada Toshkent hokimiyatiga ochiq murojaat bilan murojaat qilgan.
Murojaatga ko'ra, Xotira va qadrlash kuni munosabati bilan chigal vaziyat yuzaga kelgan. G'alaba bayramini nishonlovchi o'zbekistonliklar o'zlariga Rossiya davlati tomonidan ta'sis etilgan Georgiy tasmasini ramz sifatida tanlashgani achinarli hol, deya tasvirlanadi.
Bu xat ijtimoiy tarmoqlarda munozaralarga sabab bo'lmoqda. Tarmoqda Georgiy tasmasiga qarshi o'zbekistonliklar sahifasi ochilgan.Tarixchi olim Shuhrat Barlos bu sahifaning faollaridan biri. U bu lenta O'zbekistonda tarqatilishiga qarshi.
“Ikkinchi jahon urushida ko'plab odamlarimiz halok bo'ldi, qurbonlar berildi. Bugun biz ularni eslab, ruhlarini shod etishimiz kerak. Mustaqil bo'ldik, sovet ideologiyasidan voz kechdik. Bu kunni g'alaba bayrami sifatida emas, Xotirlash va qardlash kuni sifatida belgiladik. Yekaterina tomonidan joriy etilgan Georgiy lentasini Ikkinchi jahon urushining timsoli, g'alaba ramzi sifatida qabul qilishni noto'g'ri deb hisoblayman. To'g'ri, har bir davlatning o'z g'oyasi bor, jumladan Rossiyaning ham, lekin uni bizga targ'ib qilmasin, buning orqasida katta narsa yotibdi. Biz yigitlarimiz, qizlarimizni shundan ehtiyot bo'lishga chaqiramiz”, - deydi Shuhrat Barlos.
Kremlning yana bir tashabbusi “Barhayot polk” aksiyasi bo'lib, bu yil O'zbekistonda o'tishi mumkinligi haqida xabarlar paydo bo'ldi. “Ozodlik” radiosiga intervyu bergan faollardan biri mazkur tadbir birinchi bor Toshkentdagi “Birodarlik qabristoni” xiyobonida o'tishi haqida ma'lum qildi.
Ammo O'zbekistondagi ayrim axborot vositlariga ko'ra, Toshkent shahar hokimligi tomonidan Xotira va qadrlash kuni munosabati bilan rejalangan tadbirlar qatorida “Barhayot polk” aksiyasi yo'q.
Ayrim manbalarga ko'ra esa bu aksiyada qatnashmoqchi bo'lgan o'zbekistonliklar “Barhayot polk”ning Moskvadagi namoyishida ishtirok etadi.
Rossiya olg'a surgan tadbirlar uchun O'zbekistonda yo'l ochiqmi? Ayrim sharhlovchilar fikricha bu ishlar Prezident Islom Karimovning yaqinda Moskvaga qilgan safari bilan bog'liq. 25-26 aprel kunlari Rossiya rahbari Vladimir Putin bilan muzokara o'tkazgan Karimov federatsiya va shaxsan Putinga ishonchi yuqori ekanini izhor etgan edi. O'tgan yillarda bir qadar sovuqlashgan munosabatlar iliqlashdi.
Siyosatshunos Baxtiyor Isabek deydiki, Georgiy tasmasi yoki boshqa o'xshash tashabbuslar Toshkent-Moskva aloqalari mustahkamlanganidan darak emas. Toshkent, deydi u, hatto AQSh bilan eng qalin hamkorlikka ega bo'lgan davrda ham Moskva ta'siridan butunlay xalos bo'lmagan.
"Hukumat, ayniqsa prezident devoni hech qachon Rossiyaga qaramlikdan butunlay voz kechish uchun siyosiy iroda topmagan. Hozirgacha Moskva ilgan mustamlakachilik bo'yinturug'i butunlay olib tashlanmadi. Faqat bu ba'zan ochiq, ba'zan esa zimdan kuzatilayotgan bo'lishi mumkin”, - deydi Isabek.
Rossiya elchixonasi Georgiy lentalarni bepul tarqatar ekan, ko'plar uchun bu - Ikkinchi jahon urushi ramzi emas, Turkistonni zabt etgan chor Rossiyasi timsoli.
“Turkistonni, Xiva, Qo'qon xonligi zabt etilishida, umuman O'rta Osiyo istilosiga doir mezonlarda Georgiy tasmasi va Yekaterina tomonidan joriy etilgan Georgiy ordenining o'rni bor. Masalan Go'gtepadagi jangda 20-40 mingga yaqin odam o'ldirilgan. Bu janglarda qahramonlik ko'rsatgan imperiya askarlari esa aynan shu tasmaga osilgan ordenlar bilan taqdirlanishgan. Masalan, taniqli qo'mondonlaridan Chernyayev, Kaufman”, - deydi Shuhrat Barlos.
Rasmiy ma'lumotlarga ko'ra, Ikkinchi jahon urushida 1,5 milliondan oshiq o'zbekistonlik qatnashgan. Shundan 500 mingga yaqini nobud bo'lgan yoki bedarak ketgan. 600 mingdan oshiq kishi jarohatlangan
9-may - O'zbekistonda Xotira va qadrlash kuni.