Qozog’istonda o’zbek jamoasi nashr qila boshlagan, qozoq va o’zbek tilida chiqayotgan “Turkiston tongi” gazetasi xalqlararo do’stlikni mustahkamlash, ziddiyatlarni bartaraf qilishni ko’zlaydi.
Qozog’iston janubida etnik taranglik yo’q emas. Nashr tashkilotchilari deydiki, qadim Turkiston xalqlari o’rtasidagi ixtilofning sabablari tarixni puxta bilmaslik hamda ayrim ijtimoiy haqsizlikka borib taqaladi.
“Turkiston tongi” bosh muharriri o’rinbosari, filologiya fanlari doktori Botir Norboyevning aytishicha, totuvlikni targ’ib etish gazetaning bosh maqsadi sifatida ko’rilmoqda.
“Millatchilikni yo’qotish, ayniqsa, mana Qirg’iziston voqealaridan keyin. Bu yerda ham millatchilik bor, o’zbek tomonida ham, qozoq tomonida ham, buni ochiq aytish kerak. Maqsadimiz ikki xalqning ko’nglida bir-biriga mehr uyg’otish. Qozoq va o’zbek ziyolilari birgalashib shu Qirg’izistondagi qonli voqealar takrorlanmasligi uchun nima qilish kerak deb ko’p o’yladik. Birovlar televideniye ochish kerak, dedi. Uni qilish, buni qilish kerak deyishdi, lekin biz uchun eng osoni gazeta ochish bo’ldi. Oramizda qozoq ziyolilari ko’p, avval O’zbekistonda ham yashab kelishgan. Masalan, Serik Boyzullayev avval Bahrom G’oyib bilan birga Toshkentda “Turkiston birligi” harakatini ochgan. Xullas, Cho’qay, Cho’lpon, Qodiriy izidan boradigan ziyolilar bor bu yerda”, - deydi Norboyev.
“Qozoq, o’zbek ziyolilari chiqarayapmiz. Hozircha ko’p mablag’ talab qilayotgani yo’q, keyinchalik homiylar topib, tiraj va sahifalarini oshiramiz”.
Norboyev so’zlariga ko’ra, mintaqadagi bugungi millatlararo vaziyat qaltis, bunday ziddiyatlar alangasini kutmaslik va kuzatmaslik uchun mavjud chigalliklarni avvaldan bartaraf etish ustida ishlash kerak.
“Turkiston tonggi” shu bo’shliqni to’ldirishga urinadi, turkiy ziyolilar, jamoatchilik e’tiborini shu nozik va qaltis muammoga qaratishga harakat qiladi.“Biz qozoq va o’zbek ziyolilari bir xalq ekanimizni, hech kim bu yerga boshqa joydan kelib qolmaganini targ’ib qilayapmiz. Lekin umumiy vaziyat bir qadar qaltis, chunki tushunmaydigan odamlar ko’p.
Tahririyat faqat targ’ibotga qaratilgan maqolalar bilan cheklanmoqchi emas, bugungi kunning dolzarb muammolarini yoritmoqchi. Xususan, o’zbekistonlik mehnat muhojirlarining Qozog’istondagi sharoiti, ular duch kelayotgan qiyinchiliklar va haqsizliklardan jamoatchilikni xabardor etib bormoqchi.
Bugungi kungacha gazetaning uch soni nashrdan chiqqan. Ilk sonlar jamoatchilik tomonidan iliq kutib olingan.
“Turkiston tongi” to’rt ming nusxada chop etilmoqda, hozircha nashrning internet sahifasi yo’lga qo’yilmagan.