Prezident Jo Bayden Kongressni fuqarolarning ovoz berish huquqini ta’minlashga doir qonun loyihasini qabul qilishga da’vat etmoqda. Yil boshidan buyon respublikachilar hukmron shtatlar birin-ketin ovoz berishni qiyinlashtiruvchi qonunlar qabul qilmoqda.
Mustaqillik deklaratsiyasi qabul qilingan joydan, Pensilvaniya shtatining Filadelfiya shahridan turib so’zlar ekan, Prezident Bayden 2020-yilgi prezidentlik saylovlari adolatli o’tmagani, Trampning g’alabasi tan olinmagani haqidagi yolg’on da’volarni qoraladi.
“Kongressdagi, shtat, shahar va okruglardagi respublikachi do’stlarimdan saylovlarni, muqaddas ovoz berish huquqini barbod qilish sa’y-harakatlarini bartaraf etishni so’rayman. Uyat bormi sizlarda?”, - deydi Bayden.
Prezident demokratlarni bir yoqadan bosh chiqarishga da’vat etsa-da, taklif qilinayotgan yangi qonun qanday ovozdan o’tishini tushuntirmadi. Loyihani respublikachilar bloklagan.
Fuqarolar qanday ovoz berishi va ovozlar qanday hisoblanishini federal hukumat emas, shtatlar o’zi belgilaydi. Joriy yilda respublikachilar nazoratidagi kamida 17 shtat yangi qonunlar qabul qildi. Demokratlarga ko’ra, bu qonunlar ovoz berishni qiyinlashtiradi, xususan, ozchilikdagi jamoalar uchun.
Texasdagi qonunchilik organida shunday loyiha muhokama qilinayotganda demokratlar majlisni ham, shtatni ham tark etgan.
“Respublikachilarning mamlakat bo’ylab ovoz berishni cheklash harakatlari Texasda inqiroz nuqtasiga yetdi”, - deydi texaslik qonunchi Kris Terner.
Respublikachilar deydiki, qonunlar firibgarlikni bartaraf etishga qaratilgan.
“Firibgarlikning oldini olish choralarini saylovni bostirish deb da’vo qilish mutlaqo yolg’on”, - deydi respublikachi senator Jon Kornin.
Ovoz berish huquqi ikki partiyani keskin bo’lib qo’ygan. Yaqinda o’tkazilgan so’rovga ko’ra, amerikaliklarning 32 foizi, biror dalil bo’lmasa-da, Bayden firibgarlik tufayli g’alaba qilganiga ishonadi.
“Bu tendensiyalarga sababchi Donald Trampdir. 2016-yilda u hali saylov o’tmasidan agar g’olib bo’lmasam, bunga firibgarlik sababchi bo’ladi, deb ta’kidlagan edi. 2020-yilgi saylovdan oldin va keyin ham Tramp xuddi shunday bayonotlar qildi. Gap shundaki, bu da’volar uning tarafdorlariga ham, respublikachilarga ham yoqadi”, - deydi professor Deyvid Shultz.
Jo Baydenga ko’ra, yuqoridagi gaplar qip-qizil yolg’on. Ammo Tramp yutqazganini hanuz tan olmagan. Sobiq prezidentning da’volari 6-yanvarda uning tarafdorlari Kapitoliyga hujum qilishiga olib kelgan edi.