To’qqiz faol “Jasoratli ayol” mukofoti bilan taqdirlandi

  • Amerika Ovozi
Xalqaro xotin-qizlar kuni munosabati bilan Qo’shma Shtatlar to’qqiz ayolni Mardlik mukofoti bilan taqdirladi.

Your browser doesn’t support HTML5

"Jasoratli ayol" mukofoti sohiblari - 2013/Shohruh Hamro


2009-yilda bu unvonga “O’tyuraklar klubi” inson huquqlari tashkiloti raisi Mo’tabar Tojiboyeva, 2011-yilda esa Qirg’iziston sobiq prezidenti Roza Otunbayeva ham loyiq topilgan edi.

AQSh Davlat departamenti tomonidan har yili taqdim etiladigan “Jasoratli ayol” mukofotiga bu yili Afg’oniston, Tibet, Gonduras, Rossiya, Somali, Nigeriya, Suriya, Vyetnam va Hindiston ayollari munosib ko’rildi.

Tantanali marosimga Davlat kotibi Jon Kerri hamda prezident rafiqasi Mishel Obama boshchilik qildi.

Sovrindorlar - Malalay Bahodiriy, Afg’onistonda narkotiklarga qarshi kurash idorasida ishlaydi. Uch farzandning onasi. Bu kasbni tanlagani uchun hayoti doimiy xavf ostida.

Tsering Vuser - Tibetlik mashhur yozuvchi, o’z yurtida inson huquqlari ayanchli ekani haqida oshkora gapirgani uchun Xitoy hukumati uning har bir qadamini kuzatadi. Vuserga AQShga kelishga ruxsat berilmagan.

Yelena Milashina - rossiyalik jurnalist, bu jamiyatdagi qabih jinoyatlarni fosh etgan. Jumladan, qoradori savdosi va muxbirlarga hujumlar haqida tanqidiy maqolalar yozgan.

Razan Zaytuna – Suriya muxolifatining faol a’zosi. Mamlakatda kechayotgan fuqaro urushida oddiy aholi qanchalik jabr ko’rayotgani haqida yozgani uchun hukumat tomonidan ayg’oqchilikda ayblangan.

Juliyeta Kastellanos – Gonduras Milliy Avtonom Universiteti rektori, davlat to’ntarilishi ketidan tinchlik va barqarorlikka erishish yo’lida ter to’kkan.

2013-yilning jasoratli ayollari ro’yxatida Nigeriya va somalilik faollar Jozefin Obiajulu va Fartuun Adan, Vyetnamdan blogger Ta Fong Tan, hamda Hindistonda o’tgan yili vahshiylarcha zo’rlangan 23 yoshli talaba qiz ham bor.

Xalqaro xotin-qizlar kunida Yevropa Kengashi hukumatlarni Istanbul Konvensiyasini ratifikatsiya qilishga chaqirmoqda. Hujjat qiz-juvonlarga qarshi zo’ravonlikni bartaraf etishga qaratilgan. Hozirgacha unga 25 davlat qo’l qo’ygan, ammo ratifikatsiya qilganlar ozchilik.

Tenglik va xotin-qizlarning jamiyatdagi rolini oshirish mavzusida bugun Birlashgan Millatlar Tashkilotida ikki haftalik anjuman boshlandi.

AQSh prezidenti Barak Obama esa ayollarga nisbatan jinoyatlarning oldini olishga qaratilgan qonun bandlarini yanada kengaytirish to’g’risida farmon imzoladi.

Ayollar va jamiyat