Breaking News

Mo'tabar Tojiboyeva AQSh bergan mukofotni xalqiga bag'ishladi


AQSh hukumati jahonning sakkiz ayolini mard va jasoratli insonlar deb tan olib, ularni oliy mukofot , 2005 yilning oktabridan 2008 yilning iyunigacha O'zbekistonda qamoqda o'tirgan faol.

Mukofot Vashingtonda AQSh Davlat kotibasi Xillari Klinton tomonidan topshirildi. Marosimda prezident rafiqasi Mishel Obama ham ishtirok etgan.

Mo'tabar Tojiboyeva qatorida bu unvonga Afg'onistondan Vajma Farog', Malayziyadan Ambiga Shrinivasan, Rossiyadan Veronika Marchenko, Iroqdan Suad Abbos Salmon Allamiy, Gvatemaladan Norma Kruz, Nigerdan Xadizatu Mani va Yamandan Rim al-Numiriy ham munosib topilgan.

Mo'tabar Tojiboyeva mamlakatda tanilgan huquq himoyachilaridan biri va hukumatni o'z xalqiga nisbatan shafqatsizlik va zulm hamda korrupsiyada tanqid qilib keladi.

2005 yil oktabrida O'zbekiston Jinoiy Kodeksining 16-bandi bo'yicha sakkiz yil qamoq jazosiga mahkum etilgan edi. U Andijon voqealariga hissa qo'shganlik va hukumatga qarshi fitnalar bilan chiqqanlikda ayblangan. O'tgan yilning iyun oyida muddatidan erta ozodlikka chiqarilgan.

2008 yilning yozida Mo'tabar Tojiboyeva Martin Ennals nomidagi xalqaro sovrin, sal keyinroq esa Fransiya hukumatining oliy mukofotiga ham sazovor bo'lgan.

Huquq oliy ne'mat ekani va O'zbekistonda buning uchun kurash ketayotgani xalqaro maydonda tan olinmoqda, deydi sovrindor.

"Bu mukofot nafaqat Mo'tabar Tojiboyevaga, nafaqat "O'tyuraklar" nomli inson huquqlarini himoya qilish tashkilotiga balki O'zbekistonda fuqaro jamiyatining rivojlanishi uchun mamlakatda va uning tashqarisida kurashayotgan har bir insonga berilgan mukofot deb bilaman. Bugungi kunda O'zbekistondagi siyosiy-iqtisodiy vaziyatni hisobga olib qaraydigan bo'lsak, bu mukofotning O'zbekiston xalqi, ayollari, fuqarolik jamiyati faollari uchun yuksak o'rni bo'ladi deb umid qilaman",- deydi Tojiboyeva.

AQSh Davlat kotibasi Xillari Klinton fikricha huquq hurmat qilinishini ta'minlash faqat hukumatlar qo'lida emas. Qonunni e'zozlash har bir fuqarodan boshlanadi, deydi Klinton.

Mo'tabar Tojiboyeva ham shu fikrda.

"O'zbek xalqi o'z haq-huquqlarining tiklanishidan umidvor, lekin eng achinarlisi Andijon fojiasiga o'xshagan fojialar xalqni juda ham qo'rqoq va har narsaga hadiksirab qaraydigan darajaga olib kelib qo'yayapti. Qachonki har bir fuqaro, hattoki ko'cha supuruvchi fuqaro, o'z haq-huquqini bilar ekan, ana shu yerda fuqarolik jamiyati rivojlanadi va ana shu yerda inson haq-huquqi haqida baralla gapirish mumkin bo'ladi".

Mo'tabar Tojiboyeva nazarida demokratiya fuqarolardan o'z huquqiy bilimini oshirishni talab qiladi. O'zbekistonda esa amaldorlar bunga imkoniyat bermayapti, deydi u.

"Bizning o'zbek xalqimizning huquqiy-siyosiy ongi juda ham past. Sabab shuki hukumat mansabdorlari fuqarolarning huquqiy-siyosiy onglari rivojlanishidan, o'z haq-huquqlarini taniy bilishlaridan juda ham qo'rqishadi",- deydi faol.

"Chunki O'zbekistonni korrupsiya boshqarayotgani barchaga ayon. Korrupsiya bor joyda inson huquqi haqida fikrlash, huquq himoyasi uchun kurashish o'limga tik borish bilan barobar deb aytsa bo'ladi".

Mo'tabar Tojiboyeva xalqaro hamjamiyat nazarida qahramon, lekin vatanda xoin, jinoyatchi, o'z yurtini tashqi dunyoga sharmanda qilayotgan, G'arbning nog'orasiga o'ynayotgan, mamlakatini yomonlab chet el tashkilotlaridan haq olayotgan, qolaversa mahalliy matbuot sahifalariga qarasangiz, Mo'tabar Tojiboyeva hatto ektremistik kuchlar bilan til biriktirgan, respublika tinchligiga raxna solayotgan bir shaxs sifatida tanqid qilinadi.

Safdoshlari nigohida esa Mo'tabar Tojiboyeva - sobiq siyosiy mahbus, vijdonli, jasur va zahmatkash ayol, farzandlarining mehribon onasi va o'z yurtiga yomonlikni ravo ko'rmaydigan, haqiqatni aytishdan qo'rqmaydigan bir fuqaro.

"O'zbekistonda chop etiladigan "Novosti Uzbekistana" gazetasining muxbiri Aydin Gudarzi nomli bir kimsa "Cherchez le Femme для Исламистов" sarlavhali juda katta bir maqola e'lon qilayapti. 6 fevralda boshlab chiqayapti. Gazetaning bir betini tashkil etadi. Mana to'rtinchi qismi ham chiqqan. Asosiy qahramon qilib meni olgan. Uning yozishicha men Andijon voqealarining tashkilotchisi va hattoki uyimda o'tirib Andijon voqealarini boshqargan kimsa ekanman. Bu yerda juda katta ayblovlarni qo'ygan. Aynan mana shu narsa hukumatning menga bildirayotgan munosabati deb bilaman",- deydi Mo'tabar Tojiboyeva.

"Men demokratiya o'chog'i deb biladigan Amerikaga borganimda amerikalik jurnalistlardan iltimos qilardimki, mana shu Aydin Gudarzi bilan yuzma-yuz, matbuot orqali ochiq muloqot qilib berishsa-da, men haqli ekanimni hujjatlar bilan isbotlab beraman, Aydin Gudarzi ham menga qo'yayotgan ayblovlarini isbotlab bersin. Endi bu mukofot ketidan mansabdorlar menga hali boshqa ayblovlar ham qo'yishsa kerak",- deydi u.

Mo'tabar Tojiboyevaning AQSh tomonidan yuksak mukofot bilan taqdirlanishi Amerika-O'zbekiston aloqalarida biroz iliqlashgan paytga to'g'ri kelmoqda.

Mo'tabar Tojiboyeva AQSh Davlat kotibi muovini Richard Boucher Toshkentga safar qilgan paytda ozod etilgan edi.

Amerika O'zbekiston bilan Afg'onistondagi vaziyat yuzasidan hamkorlikni kuchaytirish ilinjida. Obama ma'muriyati respublikada huquq va demokratiya masalasiga qanchalik urg'u beradi, buni vaqt ko'rsatadi.

Xillari Klinton mukofotni topshirayotganida "Sovrindorlarning har biri o'z jamiyatida uzviy huquqlar uchun kurashmoqda va Amerika bu fidoiy insonlar olib borayotgan harakatni yaqindan quvvatlaydi",- dedi.


Shu mavzuda

XS
SM
MD
LG