O’zbekistonda taniqli jurnalist, “Chempion” gazetasi bosh muharriri muovini Xayrulla Hamidov olti yilga ozodlikdan mahrum etilgan. Yangiyo’l Jinoiy ishlar sudi uni O'zbekiston Jinoyat Kodeksining 216-moddasiga ko'ra, noqonuniy diniy tashkilotga a’zolikda aybdor deb topgan. Hamidov, deyiladi sud qarorida, "Jihodchilar" guruhiga kirgan.
Adokatlarning aytishicha, shu yil yanvarida hisbga olingan Xayrulla Hamidov ayblovni qisman tan olgan. Jurnalist nafaqat sport sharhlovchisi sifatida tanilgan, balki diniy mavzudagi chiqishlari, xususan "Xolislik sari" nomli radio dasturi bilan ham jamoatchilik e’tiborini qozongan edi.
Hamkasblari uni sofdil, mustaqil fikrlaydigan, iymonli inson deya ta’riflaydi.
Huquq himoyachilari nazarida Xayrulla Hamidov O’zbekistondagi repressiv tuzumning yana bir qurboni. Erkin so’zi va fikri uchun jazolanayotgan fuqaro. Ekstremizm aybi faqat bir bahona xolos deydi ular.
Sud yopiq tarzda o’tib, uning yaqinlari jarayonga qo’yilmagan.
Xayrulla Hamidov qatorida yana uch kishi yuqoridagi ayblovlar bilan olti yilga qamalgan. Qolganlardan ikkisi to'rt yilga, boshqalar esa uch yilga umumiy rejimdagi koloniyaga jo'natilgan. Ba'zilari esa jarima jazosi bilan ozod etilgan. Jami 19 kishi sudlangan.
Mahkama jarayonida jurnalist radikal g'oyalarni rad etishini aytib, ayrim diniy yig'inlarda islomiy oqimlar haqida gapirganini, ma'raka va xudoyilarda Qur'ondan so'z ochganini tan olgan xolos.
Xayrulla Hamidovning "Xolislik sari" dasturi "Navro'z" radiosida efirga chiqar edi. U "Odamlar orasida" degan gazetaga ham asos solgan. Programma tezda to'xtatilgan, gazeta ham yopilgan. Ammo jamoatchilik diqqatini o'ziga qaratishga ulgurgan.
Huquq faollarining aytishicha, jurnalist 2007 yildan beri kuzatuvda edi. Ichki ishlar bo'limi va Milliy Xavfsizlik Xizmati idorasiga tez-tez chaqirilib turar, yaqinlarining bayon qilishicha, unga din va e'tiqod mavzularidan uzoqda yurish maslahat berilgan va keyinchalik bu ogohlantirishga aylangan. Shundan keyin jurnalist asosan sport sharhlash bilan band bo'lgan.