Breaking News

BMT: “Islomiy davlat” zaiflashgan, lekin hamon harakatda


Abu Bakr al-Bag'dodiy, "Islomiy davlat" yetakchisi deb qaraladigan odam. Surat 2019-yilning aprel oyida olingan videodan.
Abu Bakr al-Bag'dodiy, "Islomiy davlat" yetakchisi deb qaraladigan odam. Surat 2019-yilning aprel oyida olingan videodan.

"Islomiy davlat" - o'zini xalifalik deb e'lon qilgan guruh Iroq va Suriyadagi o'choqlarining aksariyatidan ayrilgan, ulkan talafot ko'rgan va zaiflashgan. Lekin qoldiqlari hamon harakatda va kuch yig'ishga urinmoqda. BMT shunday ogohlantirmoqda.

Tashkilot shu kunlarda United Nations report on IS degan hisobot chiqardi. Unga ko'ra, "Islomiy davlat" yetakchilari, jumladan Abu Bakr al-Bag'dodiy Iroqda va boshqa liderlar ham unga yaqin hududda.

BMT tahlilicha, guruh yangi sharoitga moslashmoqda, yangi strategiya va taktika ustida bosh qotirmoqda. Mahalliy aholi ichiga yashiringan holda faoliyatni davom ettirish - asosiy yo'llardan biri, deb belgilangan.

Suriyadagi oxirgi qo'rg'onlarini ham boy bergan "Islomiy davlat" boshpanasiz bo'lsa-da, batamom yo'qolmagan. AQSh va boshqa davlatlar ham shunday xulosada.

Pentagonga ko'ra, bu to'daning qayta oyoqqa turmasligiga hech kim kafolat bera olmaydi, lekin bugungi kunda faoliyati o'ta sustlashgan.

"Bu - urush tugadi degani emas", - deydi Jeyms Jeffri, Suriya bo'yicha maxsus vakil.

Amerika va BMT ekspertlari "Islomiy davlat" Suriya va Iroqda yana jonlanishi mumkinligiga ishonadi. Ayni paytda 10-15 ming jangari uning safida bo'lishi mumkin. Ko'pi tarqab ketgan, lekin sodiq, ya'ni qaytishga moyil.

"Islomiy davlat" bayrog'i
"Islomiy davlat" bayrog'i

Iroqda "Islomiy davlat" mahalliy aholini qiynagan, hosilga hujum qilgan, bizneslarni talagan hollar kuzatiladi. Yaqinda Iroqda dalalarga o't qo'yilgan.

"Islomiy davlat" odamlarni norozi qilib, hukumatni zaif qilib ko'rsatib, "biz faqat bu yerlarni idora eta olmaymiz" degan qabilda targ'ibot olib bormoqda, deydi kuzatuvchilar. Oldindan shunday propaganda ish bergan, mahalliy va markaziy hukumatga ishonchni o'ldirish.

Chet ellik jangarilar ham hamon katta muammo. Yaqingacha "Islomiy davlat" ga xorijdan 45 ming jangari kelgani taxmin qilinar edi. BMT hisobicha, to'da dunyo bo'ylab 30 mingga yaqin jangariga ega bo'lishi mumkin.

"Islomiy davlat"ning Afg'onistondagi odamlari deya hibsga olinganlar, Qandahor, may, 2019
"Islomiy davlat"ning Afg'onistondagi odamlari deya hibsga olinganlar, Qandahor, may, 2019

Xo'sh, "Islomiy davlat" da qancha pul bor?

50-300 million dollar atrofida, deyiladi BMT tahlilnomasida. Iroq va Suriyaning katta hududlarida hukmronlik qilgan paytda orttirilgan boylik. Lekin bu mablag' kimning qo'lida va nimaga sarflanmoqda? Bunga javob topish qiyin. "Islomiy davlat" qoldiqlariga ketayotgan bo'lishi mumkin.

"Islomiy davlat" ning raqibi al-Qoida ham yillardan beri faollashishi mumkin deya taxmin qilinadi. Uning lideri Ayman al-Zavohiriy kasal ekani ma'lum. O'rniga kim keladi, bu ham mavhum. Biroq bu to'da ham butunlay tarqab ketmagan yoki bartaraf etilmagan.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG