Breaking News

Oq uy: AQShda hamma koronavirus testi topshirishi, niqobda yurishi shart emas


Keyli Makeneni, Oq uy matbuot kotibi
Keyli Makeneni, Oq uy matbuot kotibi

Oq uy yangi matbuot kotibi Keyli Makeneni 6-may kuni jurnalistlar bilan brifingda Tramp ma'muriyatining koronavirus testi bo'yicha siyosatini tushuntirdi.

"AQShda shu kungacha 7,5 million odam bunday test topshirgan. Misli ko'rilmagan ko'rsatkich. Bu borada mamlakatimiz dunyoda yetakchi", - deydi Makeneni.

Prezident Tramp Amerikada har bir odam tibbiy niqob taqib yurishi zarur deb hisoblaydimi? Oq uy matbuot kotibi bu borada ham savolga tutildi.

"Bu odamlarning o'ziga bog'liq. Zarurat deb hisoblasa, taqsin. Prezident, ko'rib turganingizdek, niqobsiz yuribdi. Uning fikricha, hamma niqobda yurishi shart emas. Bizning hukumat niqobni majburiyat deb e'lon qilgan emas. Maslahatimiz, o'zingizni ehtiyot qiling. Taqmoqchi bo'lsangiz, ta'minlayapmiz. Mamlakat bo'ylab N95 rusumidagi niqobning 70 million donasi tarqatildi. Yana 120 million jarrohlik niqobi muhayyo. AQShda hozir niqob yetarli deb hisoblaymiz va kerak bo'lsa, yana bor", - deydi Makeneni.

Ishga qaytish arafasidagi har bir amerikalik test topshirgani ma'qul emasmi? Infeksiya hollarining shu tariqa oldi olinmaydimi?

"Birinchidan, har bir amerikalikni testdan o'tkazish ularni bir marta emas, qayta-qayta testdan o'tkazish deganidir. Chunki test bilan yuqtirish hollarining oldini ololmaysiz. Oq uy boshidan bu yo'ldan bormagan va bormoqchi emasmiz. Bizning mutaxassislarimiz, shifokorlarimizga ko'ra albatta test topshirishi kerak bo'lgan toifalar bor. Birinchi navbatda ular ko'rikdan o'tmoqda. Keksalar, masalan, va oziq-ovqat sanoatida ishlaydiganlar", - deydi Makeneni.

"Strategik ish tutayapmiz. AQShda o'rtacha har ming kishidan 11 nafari test topshiryapti. Kasallik keng tarqalgan hududlarda esa o'rtacha har ming kishidan 17 nafari".

Shtatlar, shahar va tumanlar, mahallalar bo'ylab test markazlari qayerda ekani haqida ma'lumot tarqatilmoqda. Ko'rikdan o'tishni xohlagan odamga bu imkoniyat rad etilmaydi, deydi sog'likni saqlash mutasaddilari.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG