Breaking News

Qonli toshlar: Qo’shnilar chegara muammolarini qanday hal qilishi mumkin?


Yer almashish chegara nizolariga yechim bo’la oladimi?
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:06:58 0:00

Qirgʻizistonning Botken viloyatidagi Chechma qishlogʻi va Oʻzbekistonning Soʻx tumaniga qarashli Chashma qishlogʻi aholisi oʻrtasida 31-mayda buloq talashuvidan chiqqan janjal ortidan Qirgʻizistonning qoʻshni davlatlar bilan chegaradosh bahsli hududlari masalasi kun tartibiga chiqdi.

Qirgʻiziston parlamentining 4-iyunda oʻtgan yigʻinida deputatlar mamlakat bosh vazirining oʻrinbosari Qubatbek Boronovdan Soʻxda yuz bergan mojarodan keyin Oʻzbekiston Bosh vaziri Abdulla Aripov bilan oʻtkazilgan muzokaralar natijasi haqida soʻradi.

Shu bilan birga deputatlarning aksariyati bu masalani yopiq tarzda muhokama qilishni istadi. Oqibatda Qubatbek Boronov ikki davlat rasmiylari oʻrtasidagi muzokaralar haqida umumiy maʼlumotlarni aytib oʻtdi.

“Uchrashuvda Oʻzbekiston tomondan bizga uch masala qoʻyildi. Birinchisi - Rishton tumanidagi “Qaytmas” postini ochib berish boʻyicha. Ikkinchisi - Yaylov, uchinchisi – Toʻqtoʻgʻul suv ombori yoki Sirdaryodan sugʻorish davrida suv olish masalasi. Biz tomondan ham ikki masala qoʻyildi. Birinchisi – chegaralarni aniqlash boʻyicha hukumatlararo komissiya ishini tezlashtirish. Bunga rozi boʻlishdi. Ikkinchisi – Soʻx tumani atrofidagi Qirgʻizistonning ikki qishlogʻiga suv chiqmay qolgan ekan. Masala joyida hal etilib, qishloqlarimizga suv berildi. Janjalning sababi boʻlgan Chashma bulogʻi suvini qoʻshni tomon oʻziga burib olgan ekan. U avvalgi holiga keltirildi”, - deb maʼlumot bergan Boronov.

Unga koʻra, ikki tomonlama soʻzlashuvlar natijasida Oʻzbekiston va Qirgʻiziston hukumati chegaradagi soʻnggi voqeani hamkorlikda tergov qilish va aybdorlarni jazoga tortishga kelishib olgan.

Toshboʻron bilan boshlanib, oʻqotar qurollar ham ishlatilgani xabar qilingan mojaro vaqtida Oʻzbekistonda 187 kishi, Qirgʻizistonda esa 25 kishi jarohatlangan.

Boronovning parlamentda bildirishicha, chegara masalalari boʻyicha Qirgʻiziston va Oʻzbekistonning hukumatlararo komissiyasining keyingi yigʻini 20-iyunga belgilangan.

Anklavlar Qirgʻiziston hududida joylashganini hisobga olib, ularni balki Qirgʻizistonga oʻtkazib berish kerak. Uning oʻrniga bizning boshqa yerlarimizni taklif qilib, shu asosda chegara muammosini hal qilishga harakat qilish kerak.

Janubi-gʻarbiy va shimoli-gʻarbiy qismi Tojikiston, shimoli esa Oʻzbekiston bilan chegaradosh boʻlgan Qirgʻizistonning Botken viloyatida Sovet Ittifoqi tarqagandan beri qoʻshni davlatlar aholisi bilan bir qancha chegara nizolari yuz bergan. Yer va suv talashish ortidagi omillar - bir qancha anklavlar va bahsli hududlar.

Qirgʻiziston va Tojikiston chegarasida 2019-yili 12 mojaro qayd qilingan. Chegara nizolari vaqtida oʻqotar qurollardan foydalanilgan; yarador boʻlganlar, halok boʻlganlar bor. Chegara janjallari joriy yilda ham davom etmoqda.

Ko’plab yuqori darajadagi soʻzlashuvlarga qaramay, chegaradagi masalalar oʻz yechimini topmagan.

Qirgʻiziston faollari tarafidan 2019-yili tashkil qilingan “Shakek” chegara jamoat uyushmasining yetakchisi Jumatayev Srajdinning fikricha, hukumat chegara muammolarini hal qilishda yangicha bir dasturni ishlab chiqib, shu asosda ish olib bormasa, qoʻshni davlatlar bilan nizolar tinmaydi.

“Delimitatsiya va demarkatsiya boʻyicha Qirgʻiziston tomonidan tayinlangan davlat komissiyasi oʻz ishini puxta bajara olmayotgani, komissiya aʼzolariga qatʼiylik yetishmayotgani ham chegara masalalarining hal boʻlmayotganiga bir sabab”, - deydi u.

26-mayda Rossiya Tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov Qirgʻiziston va Tojikiston oʻrtasidagi chegara janjallarini hal qilishda yordamga tayyor ekanini bildirgan.

Tojikistonlik siyosiy tahlilchi Ravshan Qosimov Rossiyaning aralashuvidan koʻra Markaziy Osiyo integratsiyasi tomon intilgan ma’qul, deydi. Ammo, deydi u, birdamlik yoʻlida koʻplab toʻsiqlar mavjud.

“Agar buni oʻzimiz hal qilolmasak, yechimi bitta narsa, u ham boʻlsa Markaziy Osiyo respublikalarining birligi. Yaxshi bir loyiha bor, u ham boʻlsa Gʻarbdan kelyapti, oʻzimizdan chiqmayapti, besh qoʻshuv bir. Bu yerga Afgʻoniston ham qoʻshilgan. Agar shu narsa amalga oshsa, u zoʻr. Ana unda biz oʻzimiz hal qilamiz. Lekin gap ikkita qoʻshni respublika yoki uchta qoʻshni respublikaning bir boʻla olishida. Siyosiy onglilik, birlik. Hozir eng asosiy narsa, uchta respublika bir boʻlolmay turibdi. Faqat bitta yoʻl qolyapti, hech boʻlmasa aqalli bitta respublika bilan ittifoqning jipsligini koʻrsatish kerak. Meni nazarimda hozir birinchi birlashuv faqat Tojikiston bilan Oʻzbekiston orasida qolyapti. Agar shu narsa boʻlsa, uchinchi respublika bu Qozogʻiston boʻladi. Ehtimol shuki, Tojikiston bilan birlashib boradi, birinchi oʻrinda. Soʻx masalasi, umuman anklavlar masalasi, Tojikiston-u Qirgʻiziston, Qirgʻiziston-u Oʻzbekiston masalalari ana shunda juda yaxshi hal boʻladi”, - deydi tahlilchi.

Oʻshlik iqtisod fanlari nomzodi Erlan Kamolovning “Amerika Ovozi”ga aytishicha, Botken viloyatidagi qoʻshni davlatlar bilan chegaradosh hududlarda yuz berayotgan nizolarni yer almashish usuli bilan hal qilish kerak.

“Anklavlar muammosi yaqindagina paydo boʻlgani yoʻq. Shu boʻyicha muammolar qaytalayverishi ham mumkin. Shuning uchun qatʼiy qadamlar tashlab, anklavlar Qirgʻiziston hududida joylashganini hisobga olib, ularni balki Qirgʻizistonga oʻtkazib berish kerak. Uning oʻrniga bizning boshqa yerlarimizni taklif qilib, shu asosda chegara muammosini hal qilishga harakat qilish kerak. Balki yana boshqa bir necha variantlarni koʻrib chiqish kerakdir. Oʻsha takliflar ichidan ikki tomonni ham qanoatlantiradigan eng yaxshi yoʻl chiqib qolar”, - deydi Kamolov.

Uzoq yillardan beri nizolarga sabab boʻlayotgan bahsli hududlar masalasi - Qirgʻiziston, Oʻzbekiston va Tojikistonning ogʻriqli nuqtalari. Chegara masalalari boʻyicha fuqarolar oʻrtasida chiqqan har toʻqnashuvdan keyin davlat rahbarlari oʻzaro soʻzlashuvlar olib borishadi, ammo aholi ularning samarasiz ekanidan norozi.

Qirgʻiziston va Tojikiston oʻrtasidagi chegara bahslariga barham berishda Rossiya vositachi boʻlishga tayyor. Qirgʻiziston bu borada oʻz munosabatini bildirmagan boʻlsa-da, Dushanbe bu taklifga rozi emas.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG