Breaking News

Tahlilchilar: Bayden prezidentligi AQSh-Turkiya aloqalarida burilish nuqtasi bo'ladi


Turkiyalik tahlilchilarga ko’ra, Jo Baydenning saylovda g’alaba qozonishi Turkiyaning Qo’shma Shtatlar bilan munosabatlarida hal qiluvchi rol o’ynaydi. Anqara G’arbdagi azaliy ittifoqchilari tomoniga burilishi yoki Rossiya va Xitoy bilan aloqalarini chuqurlashtirishi mumkin.

Yevropa liderlari Baydenni darrov tabriklagan bo’lsa, Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdog’an 10-noyabrgacha kutdi. Erdog’an o’z tabrigida ikki tomonlama aloqalarni “strategik” deya ta’riflab, ularni mushtarak manfaatlar asosida yanada mustahkamlash zarurligini bayon qilgan.

Turkiya rahbari Donald Trampga ham maktub yo’llab minnatdorchilik bildirgan.

Tanqidchilar fikricha, Tramp prezidentligi davrida Erdog’an NATO tashkilotiga a’zo boshqa davlatlarga qarshi borgani va Moskva bilan apoq-chapoq bo’lgani uchun jazolanmadi. AQSh rahbari Turkiyaga sanksiya qo’yish takliflariga qarshi chiqdi. Bayden prezidentligi davrida vaziyat o’zgarishi bashorat qilinmoqda.

“Bayden Turkiyadan o’zini ittifoqchi kabi tutishni so’raydi. Bayden prezidentligi [Anqaraga] manfaatlaridan voz kechmagan holda yo’nalishni o’zgartirish imkonini beradi. Biroq Turkiya hammaga qarshi borishni istasa, hech narsaga erisha olmaymiz. Buning kaliti S-400 tizimida”, - deydi Qodir Xosh universitetida xalqaro aloqalardan dars beruvchi Soli Ozel.

Turkiya S-400 havo mudofaa tizimini Rossiyadan xarid qilayotganda Vashington qonunlar buzilayotgani, ushbu sistema radarlari NATOning mudofaa tizimlarini xavf ostiga qo’yishi haqida ogohlantirgan edi.

AQSh qonunchilariga ko’ra, Turkiya o’tgan oy tizimni sinovdan o’tkazgani uchun sanksiyalarga uchrashi mumkin. Turkiya Tashqi ishlar vaziri deydiki, mavzu yopiq, Vashington shikoyatlarini bas qilishi kerak.

Bayden oldidagi masalalar

Tashqi siyosatda Bayden yuzlashadigan ilk qarorlardan biri ham shu – Turkiyani jazolash masalasi. Erdog’anning Rossiya Prezidenti Vladimir Putin bilan chuqur aloqalari NATO xavotiriga sabab bo’lmoqda.

“Amerikaning raqiblariga sanksiyalar orqali qarshilik ko’rsatish” haqidagi qonun (CAATSA) doirasida Bayden ramziy sanksiyalarni ham, kuchli moliyaviy jazo choralarini ham qo’llashi mumkin. AQSh Turkiyaning “Xalqbank” davlat bankini ham Eronga qo'yilgan sanksiyalarni buzganlikda ayblab kelmoqda.

Tahlilchilarning aytishicha, Anqara sanksiyalarni chetlab o’tish uchun strategik ahamiyatiga tayanadi. Eron, Iroq, Suriya bilan chegaradosh respublikada AQSh radar tizimlari joylashtirilgan. Shuningdek, AQSh harbiylari uning Injirlik harbiy bazasidan foydalanadi.

Kuzatuvchilar fikricha Turkiya o’ziga haddan ziyod ishonib yuborayotgan ko’rinadi.

“AQShda ishni Turkiyasiz ham eplaymiz deyayotganlar ko’p. Vashingtonning Injirlik bazasiga bo’lgan ehtiyoji jiddiy savolga tutilmoqda”, - deydi Soli Ozel.

Anqaraning Vashingtonga nisbatan o’jar pozitsiyasi muzokara usuli bo’lishi ham mumkin. Erdog’an, deydi tahlilchilar, Bayden Rossiyaga qarshi qat’iyroq turishi mumkinligini biladi va Turkiya bu strategiyada rol o’ynashi mumkin.

“Ko’pchilik Turkiyadan, shaxsan Prezident Erdog’andan g’azabda. AQSh Turkiyani Rossiyaga tobelikdan ajrata oladimi, yo’qmi, buni ham kuzatyapmiz. Fikrimcha, Erdog’an bu o’yinni qanday olib borishni, AQSh va Rossiya o’rtasida qanday muvozanat topishni biladi”, - deydi siyosiy tahlilchi Asli Oydintoshbosh.

Ba’zilar AQShni Anqaraga sanksiya qo’ymaslik haqida ogohlantirmoqda.

“Turkiyaga qarshi dushmanlik harakatlari uni oxir-oqibat Rossiya va Xitoy kabi Yevrosiyo va Osiyo davlatlariga yaqinlashtiradi”, - deydi iste’fodagi admiral Jem Gurdeniz.

Turkiyada 2016-yildagi muvaffaqiyatsiz harbiy to’ntarish ham Bayden uchun vaziyatni murakkablashtiruvchi omillardan. Bayden vitse-prezident bo’lgan davrda AQShning bu to’ntarishda qo’li bo’lgani haqidagi shubha-gumonlar Anqarada hamon yangraydi. Vashington bu da'volarni rad etgan.

Asli Oydintoshbosh fikricha, Bayden Turkiya bilan qanday ishlashni biladi.

“Obama ma’muriyatining so’nggi yillarida Turkiya bilan aloqalar salbiylashgan edi. Biroq Bayden Erdog’an bilan til topisha oldi. 2016-yilgi to’ntatishga urinish ketidan aloqalarni tuzatish uchun aynan Bayden Anqaraga borgan. Bayden va Erdog’an bir-birini tanishi munosabatlarga ijobiy ta’sir ko’rsatadi”, - deydi u.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG