O’rta barmoqni “Trump Tower” ga ko’rsatib suratga tushish.
Kimsasiz “Times Square” da esa gitarasini ko’tarib chiqqan yalang’och kovboy va katta rollar orzusidagi ko’cha artisti, sobiq huquqshunos, rassom va faol Tutsi Varhol duetidagi qo’shiq.
Jahl bilan Donald Tramp yonini olgan, jinsiy ozchilik harakati bayrog’ini ko’tarib chiqqan keksa.
Ona shahri AQShning 45-prezidenti Donald Trampni 20-yanvar kuni ana shunday kuzatdi.
Tutsi Varhol anti-trampchi bo’lib saylovlar arafasida hajviy nomzod sifatida “Amerikani qayta aqlli qilamiz!” shiorini ko’tarib chiqib ham odamlar diqqatini o’ziga tortgan.
“Masxaraboz kabi bizni ko’p va xo’p kuldirgani uchungina Donald Trampga rahmat deya olishim mumkin”, - deydi Tutsi Varhol.
“Unga so’nggi tilagim esa endi hech qachon siyosatga va davlat rahbarligiga qaytmasin”, - deya so’nggi tilagini bildiradi u.
Vashingtonda inaguratsiya marosimi o’tayotgan paytda Manxettenning markaziy qismlarida hamda Trampning nomi va biznesi bilan bog’liq burchaklarda mikrofon va kamerasini ko’tarib yurgan o’nlab matbuot vakillarini ko’rish mumkin edi.
Tramp tarafdorlari namoyishlarga chiqishlari mumkinligi va buning ortidan tartibsizliklar ro’y berishidan xavotirlar bor edi. Biroq katta do’konlar oynalari saylovdan keyingi kabi yog’och to’siqlar bilan yopilmagani ham inaguratsiya kuni Nyu-Yorkda tinch o’tishiga bir ishora edi.
Facebook Forum