Breaking News

Garchi “muhtarama ayol” deb e’zozlasak-da...


Asli farg’onalik Mohira Qurbonova AQShda PhD, ya’ni fan doktori darajasini olgan. Ayollar huquqlariga doir ko’plab xalqaro loyihalarda faoliyat yuritgan. Hozirda esa Shveysariyada yashaydi. Xalqaro Ish beruvchilar tashkilotining loyihasida ishlaydi. Suhbatdoshimizga o’zbek jamiyatida ayollarning huquqlari va muammolari borasida qator savollar bilan yuzlandik.

Oydin Sa’dullayeva: Aholini ro’yxatga olish byurosiga ko’ra, 2019-yilda AQShda 13 million bizneslarga ayollar rahbarlik qilgan. Bu esa jami bizneslarning 42 foizini tashkil etadi. O’zbekistonda-chi? Bu borada vaziyat qanday? Umuman, ayollarning siyosatda, biznesda o’rni qanchalik?

Mohira Qurbonova: Boshqa davlatlar bilan qiyoslaganda, ko’rsatkichlarimiz aslida yomon emas. Faqat jamiyatda eng yuqori martabadagi rahbarlik lavozimlarida faoliyat yurituvchi ayollar ulushi 2 foizga yetmaydi. Tadbirkorlik sektorini olsak, ayollar ulushi 38-40 foizni tashkil etadi. Lekin mazkur sektorda rahbar lavozimlarida ishlayotgan ayollar esa 12 foizga yaqin. Bu Jahon banki tashkilotining 2017-yildagi hisobotlaridan. Oxirgi to’rt yil ichida yanada ijobiy o’zgarishlar bo’lgan bo’lishi mumkin. Nima uchun ayollarimizning biznes sektorida 38-40 foiz ishtiroki bo’lsa ham, faqat uchdan bir qismigina rahbar lavozimiga erisha olgan?

O’zbek jamiyatida ayol bo’lish qiyinmi?
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:17:57 0:00

Ayollar erkaklarga nisbatan murosaga, yon berishga moyil. Bu natijalarga erishishda qiyinchiliklarga sabab bo'ladi.

Ayollarning tadbirkorlik faoliyatini qo’llab-quvvatlash uchun yaratilgan sharoitlar, chora-tadbirlar ham muhim. Bu yo’nalish bo’yicha Shvetsiya, Fransiya, Germaniya, Britaniya, Yangi Zelandiya, AQSh va Kanada kabi davlatlar yaxshi o’rnak bo’la oladi.

O. Sa’dullayeva: AQShda 2018-yilda bizneslar tashkil etishga kiritilgan barcha investitsiyalarning 13 foizigina ayollar rahbarligidagi bizneslarga berilgan. O’zbekistonda ham bu boradagi vaziyatni quvonarli deb bo’lmaydi. Tadbirkorlik faoliyatida gender notenglikni kamaytirish uchun nima qilish kerak? Gender tenglik nisbatan mavjud bo’lgan davlatlarda ayollarning biznes “start-up”larini, umuman tadbirkorlik faoliyatini qo’llab-quvvatlash uchun qanday chora-tadbirlar amalga oshiriladi?

M. Qurbonova: Gender notengligi barcha davlatlarda mavjud. Xoh Afg’oniston bo’lsin, xoh Germaniya. Albatta, darajasi turlicha. Sohasiga qarab ham farq qiladi. Ba’zi sohalarda gender notenglik kuchliroq. Biznes sohasida olsak, ayollar boshqargan bizneslar asosan kichik va o’rta tadbirkorlikka kiradi. Bu banklar ayollar boshqargan bizneslarni kamroq moliyalashtirishining sabablaridan biri bo’la oladi. Umuman, tashqi omillar katta rol oynaydi. Ayollar bizneslarini rivojlantirish uchun davlatdan yordam kerak bo’ladi.

Ayollar erkaklarga nisbatan murosaga, yon berishga moyil. Bu natijalarga erishishda qiyinchiliklarga sabab bo'ladi.

Yana bir sabab - bu o’ziga ishonch. Ayollar erkaklarga nisbatan o’zining boshqaruvchanlik qobiliyatiga boshqacha nazar bilan qaraydi. Bu ham aslida jamiyatdagi dunyoqarashdan kelib chiqqan. Muvaffaqiyatga erishishda qat’iyat, iroda, o’ziga ishonch, yetakchilik qobiliyatlari juda zarur.

Shu bilan birga, bozor va zamon bilan hamnafas yashash kerak. Shunday davlatlar borki, tadbirkor ayollarda, hattoki, bank hisobi yo’q.

O. Sa’dullayeva: Amerikada O’zbekistonda nodavlat notijorat tashkilotlari (NNT) xususan ularda ayollarning o’rni to’g’risida ilmiy ish olib borgan ekansiz. Bugun O’zbekistonda ana shu yo’nalishdagi vaziyatni qanday baholayiz? Nodavlat-notijorat tashkilotlari tashkil etish va yuritishda ayollarning o’rni qanday? Ular asosan qanday muammolarga duch keladi? Bu muammolarning yechimi nimada deb o’ylaysiz? Ayollar rahbarligidagi tashkilotlar jamiyat taraqqiyoti uchun qanchalik hissa qo’shmoqda?

M. Qurbonova: Nodavlat notijorat tashkilotlarini boshqarishda o’zbek ayollarining salohiyati yetarli, deb hisoblayman. Bundan o’n yilcha avval dissertatsiyam doirasida ayollarning yetakchilik qobiliyatlarini o’rgandim. Ular bilan suhbat, so’rovlar o’tkazdim. Tadqiqotim natijalaridan kelib chiqib aytsam, ayollar, yoshidan qat’i nazar, o’zi duch kelgan muammolarni hal qilishga harakat qiladi. Ayollarga qayerda imkoniyat berilsa, albatta, rivojlanadi.

O’zbekistonda keyingi vaqtlarda NNTlarni ro’yxatga olish, faoliyatini yo’lga qo’yish bo’yicha ancha yengilliklar yaratildi. Lekin yanada rivojlantirish uchun erkinlik berish zarur.

O. Sa’dullayeva: Ko’pgina mamlakatlarda ayollarning fertillik xususiyati va ro’zg’or tashvishlari ularning mehnat munosabatlariga kirishishiga xalaqit qiladi. BMT hisobotiga ko’ra, 2017-yilda dunyo bo’yicha ayollarning ishsizlik darajasi olti, erkaklar o’rtasida besh foizni tashkil etgan. Bu raqamlar davlatlar misolida alohida olinganda turlicha ko’rsatgichga ega. Ayniqsa, Shimoliy Afrika va Yaqin Sharqdagi musulmon mamlakatlarida ayollar o’rtasida ishsizlik darajasi kuchli. Ayollar o’rtasidagi ishsizlik ko’pligiga sabab ayollarning fertillik xususiyatimi yoki eskicha, an’anaviy, diniy dunyoqarash?

M. Qurbonova: Fertillik masalasi nozik masala. Ayol kishi nechta farzand ko’rishini o’zi belgilashi kerak, deb hisoblayman. Bu uning inson huquqlariga kiradi. Lekin, to’g’ri aytdingiz, fertillik bilan ishsizlik orasida bog’liqlik bor. O’zbekiston sharoitida bu iqtisodga bog’liq, deb bilaman. Oilada moddiy qiyinchilik bo’lsa, onaning nechta farzandi bo’lishidan qat’i nazar ishga chiqib ketadi. Norasmiy bozorda mehnat qilayotgan ayollarimiz ko’p, masalan, mardikor sifatida. Lekin ular davlat statistikasida hisobga olinmagan. Bunday ayollarning huquqlarini himoya qilish, turmush tarzini yaxshilash biroz qiyinroq. Buning oldini olish uchun, eng avvalo, xotin-qizlarni ta’limga jalb etish kerak. Ta’lim tizimini isloh qilish kerak. Bozor talabiga javob beradigan mutaxassislar yetishtirishda nafaqat ayollar, balki erkaklarning ham o’rni bor.

O. Sa’dullayeva: Ko’pgina davlatlarda ayollar mehnat bozorida erkaklarga nisbatan passiv. Ba’zi davlatlarda bunga chek qo’yish, ayollarni iqtisodiy mustaqilligini ta’minlash uchun bola parvarishi ta’tili ko’p berilmaydi. 3-4 oydan so’ng yosh onalar ishga qaytishga majbur. Sizningcha, bu ayollar faolligini oshirish yo’lidagi yaxshi yechimmi? Bu, aksincha, yosh bolali ayollarga qiyinchilik tug’dirmaydimi?

M. Qurbonova: Yevropa davlatlarida, masalan Shveysariyada onalik ta’tillari 3 oydan 6 oygacha. Lekin otalar uchun otalik ta’tillari bor. Ba’zi idoralarda onalar uchun uydan turib ishlash imkoniyatlari yaratib beriladi.

Agar biz ham ayollarga uydan turib ishlash imkoniyatini yaratib bersak, katta potensialni yo’qotmaymiz.

O. Sa’dullayeva: Hisobotlarga ko’ra, kam daromadli mamlakatlardan tobora ko’proq ayollar pul topish, oilasini boqish niyatida xorijga chiqib ketyapti. So’nggi 10 yillikda kam daromadli davlatlardan ayol mehnat migrantlari soni 49,2 foizdan 50,2 foizga oshgan. Moliyaviy jihatdan baquvvat mamlakatlardan esa, aksincha, kamroq ayol xorijga ishga chiqqan. O’rta daromadli mamlakatlardan 48,5 foizdan 45,6 foizga tushgan bo’lsa, yuqori daromadli mamlakatlardan 49,1 foizdan 43,2 foizga kamaygan. O’zbekistondan ham xorijga ishlashga ketayotgan ayollar talaygina. Ular ko’pincha hech qanday rasmiy shartnomasiz ishlaydi. Masalan, bola qaraydi, farroshlik qiladi. Bu esa huquqlari buzilgan holda o’zini himoya qila olmasligi, ijtimoiy himoya va boshqa imtiyozlarga da’vo qila olmasligiga olib keladi. Qolaversa, ba’zida turli zo’ravonliklarga ham duchor bo’ladi. Migrant ayollarning huquqlarini muhofaza qilishda O’zbekistonda qanday kamchiliklar ko’zga tashlanadi?

M. Qurbonova: To’g’ri aytasiz. Bugun global miqyosda 240 milliondan oshiq odam mehnat migranti hisoblanadi. O’zbekiston ishchi kuchi yetkazib beruvchi mamlakat hisoblanadi. Bizda ish izlab chiqib ketayotgan oqim ko’p. Avvaliga O’zbekiston bunday holatga tayyor emas edi. Ijtimoiy himoyaga muhtoj migrantlarimiz juda kop edi. Hozirda bu borada ko’plab chora-tadbirlar amalga oshirilyapti. Jumladan, O’zbekistonda “Istiqbolli avlod” nodavlat-notijorat tashkiloti bor. Mehnat migrantlariga yordam berish, ijtimoiy himoya qilish, qullikka sotilib ketganlarni qaytarib olib kelish, reabilitatsiya, profilaktika ishlari bilan shug’ullanadi. Buning uchun turli davlat va nodavlat tashkilotlar bilan hamorlik qiladi.

Har qancha “muhtarama ayol” deb e’zozlasak-da, ikkilamchi standartlarimiz bor. Ya’ni biz ayollarimizni o’qimishli bo’lishini istaymiz, bir vaqtning o’zida uy bekasi bo’lib, uyda o’tirishini xohlaymiz. Kuchli bo’lishini istaymiz, shu bilan birga itoatkorlikni talab etamiz. Shu kabi ikkilamchi standartlarimiz bor.

O. Sa’dullayeva: O’zbek jamiyatidan chiqqan, necha yillardan beri G’arb jamiyatlarida yashayotgan ayol sifatida shu jamiyatda ayollarga bo’lgan munosabatni qanday baholaysiz? O’zbek jamiyatida ayol bo’lish qiyinmi?

M. Qurbonova: Bu savolni menga hech kim bermagan edi. Bu savolga javob berish ham oson emas. Ha, o’zbek jamiyatida ayol bo’lish qiyin, deb hisoblayman. Chunki har qancha “muhtarama ayol” deb e’zozlasak-da, ikkilamchi standartlarimiz bor. Ya’ni biz ayollarimizni o’qimishli bo’lishini istaymiz, bir vaqtning o’zida uy bekasi bo’lib, uyda o’tirishini xohlaymiz. Kuchli bo’lishini istaymiz, shu bilan birga itoatkorlikni talab etamiz. Shu kabi ikkilamchi standartlarimiz bor.

Ayollarning potensialini yuzaga chiqarish uchun avvalo ayollar o’zaro bir-birini qo’llab-quvvatlashi kerak, deb hisoblayman. Kattalar yoshlarni, qaror qabul qiluvchi lavozimdagi ayollar yangi ishga kelayotganlarni… Biz o’zimizga ishonsakgina, boshqalarni ishontira olamiz.

O. Sa’dullayeva: Suhbat uchun rahmat.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG