Gulgʻaqi Mamasaliyeva - “Interbilim” jamoat uyushmasining Oʻshdagi vakili. Uning aytishicha, yaqinda Qirgʻiziston Prezidenti Sadir Japarov qoʻl qoʻygan nohukumat tashkilotlar toʻgʻrisidagi qonunning yangi tahririni yuqori amaldorlar va parlament deputatlarining fuqarolik jamiyati tashkilotlariga nisbatan bosim va o’ziga xos qasos deb atash mumkin.
“Chunki biz doimo xalq tomonda turib, hukumatning baʼzi faoliyatini tanqid qilib, hukumatdagi poraxoʻrlarning notoʻgʻri ishlariga qarshilik bildirib, boshqa tegishli idoralarga shikoyat qilganimiz hukumatga yoqmayapti. Shuning uchun bu qonunni tezroq ishga oshirishni istashadi”, - deydi Mamasaliyeva.
Bu qonunni oʻch olish deb hisoblayman. Qanday qilib oʻch olsak deb, oʻn yildan beri oʻylab yurilgan narsa.
“Bu qonunni oʻch olish deb hisoblayman. Qanday qilib oʻch olsak deb, oʻn yildan beri oʻylab yurilgan narsa. Ammo, afsuski hukumatda oʻtirganlar aslida bizdan emas, xalqdan oʻch olmoqda. Borgan sari jamoat tashkilotlaridan huquqiy yordam olib, oʻz haq-huquqini himoya qila oluvchi fuqarolar koʻpaymoqda. Yerga, uyga boʻlgan huquqini yoki bolalar nafaqa puli boʻyicha huquqini bizning yordamimiz bilan tiklagan oddiy fuqarolar koʻp. Agar shunga qaramay bizga nisbatan bosim davom etaversa, men bu qonunni bosim deb sifatlagan boʻlardim. Asta-sekin jamoat tashkilotlari yopilib, rahbarlarning oʻzigina qolishi mumkin”, -deydi “Interbilim” tashkilotining vakili.
Qirgʻiziston parlamentida qabul qilingan “Notijorat tashkilotlar”, “Yuridik shaxslarni, filiallarni davlat roʻyxatiga qayd etish toʻgʻrisida”gi qonunlar tahririga Japarov 17-iyunda imzo chekdi.
Bu oʻzgarishlarga koʻra, notijorat tashkilotlar endi mablagʻ manbai, mulki, xarajati, xodimlarning soni, ularning mehnat haqi toʻgʻrisida Adliya vazirligiga hisobot berishga majbur. Mazkur hisobotlar Moliya xizmatining saytida eʼlon qilinadi.
Parlamentda uzoq vaqt muhokama qilingan o’zgartirishlar jamoatchilik tomonidan ham keskin tanqidga olingan. Xalqaro huquq bo’yicha tashkilotlari xavotir birdirgan.
Nohukumat tashkilotlar toʻgʻrisidagi qonun bunga qadar 2014-yilda ham ilgari surilgan. Ammo parlament tomonidan ma’qullanmagan. Oʻsha vaqtda nohukumat tashkilotlarga “xorijiy agent” degan maqom berish masalasi koʻtarilgan. Hozirgi qonun u loyihadan ancha yumshatilgan.
Tashabbuskorlarga ko’ra, maqsad taqiq qo’yish yoki cheklash emas.
Prezident Japarov ham bu haqda Fransiyaning Qirgʻizistondagi elchisi bilan suhbatda aytgan.
“Fransiyada nodavlat tashkilotlari bormi? Ularning byudjeti shaffofmi? Nega ular hisobot beradi-yu bizdagilar hisobot bermasligi kerak? Men bu savolni AQShning Qirgʻizistondagi elchisiga ham berdim. U ham javob bera olmadi. Ularda ham shaffof. Biz faqatgina pul qayerdan kelib, qayerga ketayotganini koʻrishni istaymiz. Bu jinoyat emas-ku?! Istasa milliard dollar olsin. Biz bundan faqat xursand boʻlamiz. Lekin pul qayerga ketayotganini koʻrsatishi kerak. Qonunning mohiyati shu”, - degan prezident.
Ammo yurist Maqsatbek Mergenbayev nohukumat tashkilotlar avvaldan hisobotlar berib, tegishli soliqlarini toʻlab kelgan, deydi.
“Hozir nohukumat tashkilotlar hisobot bermaydi degan gaplar boʻlyapti. Bu yolgʻon. Barcha notijorat tashkilotlar Soliq xizmatiga, Ijtimoiy jamgʻarmaga, Milliy statistika qoʻmitasiga qonunda koʻrsatilgan tartibda yillik hisobotlarni berib keladi. Tegishli turda soliqlarini toʻkadi. Mamlakat gʻaznasiga tushadigan soliqlarning aksari ana shu nohukumat tashkilotlar hisobidan tushadi, desak ham boʻladi”, — deydi yurist.
“Interbilim” vakili deydiki, nohukumat tashkilotlarning barcha maʼlumotlari ularning saytida shaffof eʼlon qilinadi. Ammo xavfsizlik yuzasidan tashkilot bilan hamkorlik qilayotgan mutaxassislarni, ularning maoshlarini sir saqlash zarurati bor.
“Bu maʼlumotlarning bari davlatning tegishli idoralarida bor. Ammo, xavfsizlik uchun ayrim maʼlumotlar yomon niyatdagi shaxslarning qoʻliga tushmasligi kerak”, — deydi u.
Mazkur qonun tashabbuskorlari esa hisobotni Adliya vazirligi qoshida ochilgan yangi davlat portalida eʼlon qilib, uni barchaga ochiq qilmoqchi.
Qonun loyihasining tashabbuskori Baqtibek Rayimqulovga koʻra, bu hujjat qirgʻiz davlatchiligiga boshqa mamlakatlarning aralashuvini toʻxtatadi va xalqning urf-odatini hamda madaniyatini himoya qiladi.
Ayrim ekspertlar nazarida mazkur qonun Rossiyada 2012-yili qabul qilingan xorijdan moliyalangan va siyosiy tadbirlarga qatnashgan tashkilotlarni “chet el agentlari” deb topuvchi qonunning bir oz yumshoq shaklidir.
Kuzatuvchilarga koʻra, siyosatda Rossiya iziga tushmoqchi boʻlayotgan Qirgʻizistonda u yerdagi kabi iqtisodiy imkoniyatlar yoʻqligini yoddan chiqarmaslik kerak.
Xalqaro tashkilotlar ogohlantirishicha, nohukumat tashkilotlar toʻgʻrisidagi mazkur qonun ortidan Qirgʻizistonning demokratik oʻlka degan obroʻsiga putur yetib, nohukumat sektorga yordam qisqarishi mumkin. Nazorat keskinlashgani sabab ba’zilari yopilishga majbur boʻladi.
Qirgʻiziston milliy statistika qoʻmitasiga ko’ra, Qirgʻizistonda sakkiz mingga yaqin notijorat tashkilot bor va ularda 60 ming nafardan ortiq kishi ishlaydi.
Facebook Forum