Xitoy Tashqi ishlar vaziri Van I 30-iyulda Bishkekda Qirgʻiziston Prezidenti Sadir Japarov bilan uchrashuvda uzoq yillardan beri rejalashtirilayotgan, ammo amalga oshmay kelayotgan Xitoy-Qirgʻiziston-Oʻzbekiston temir yoʻlini qurish loyihasiga ham eʼtibor qaratdi.
Qirgʻiziston prezidentining matbuot kotibi Erbol Sultanbavevning ijtimoiy tarmoqda bayon qilishicha, yaqin orada temir yoʻl loyihasida progress bo'lishi mumkin.
Maʼlumotda aytilishicha, Xitoy tashqi ishlar vaziri Pekin uch tarafning ishtirokida texnik-iqtisodiy asosnoma oʻtkazishga rozi boʻlgan.
“Shunday qilib, mazkur loyihani amalga oshirish jarayoni boshlanmoqda. Qirgʻiziston va Oʻzbekiston tomonning istagini hisobga olgan holda biz sentabrda Samarqanddagi sammitda bu loyiha boʻyicha uch tomonlama hujjatni tuzish imkoniyatini oʻrganishga tayyormiz”, — degan Van I.
Prezident Sadir Japarov esa “Kabar” davlat axborot agentligiga bergan intervyusida mazkur temir yoʻlning qurilishi 2023-yili boshlanishidan umidvod ekanini aytgan.
May oyida Yevrosiyo iqtisodiy forumida Oʻzbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev ham bu mavzuga toʻxtalgan.
“Yaqinda biz Oʻzbekiston-Qirgʻiziston-Xitoy temir yoʻli qurilishini boshlashni rejalashtirmoqdamiz. Loyiha Osiyo – Tinch okeani hududidagi bozorlarga chiqish uchun qoʻshimcha imkoniyatlarni paydo qiladi. Bu yoʻnalish Sharq-Gʻarb yoʻnalishida mavjud boʻlgan temir yoʻl liniyalarini toʻliqlaydi”,- degan edi Mirziyoyev.
Xitoy-Qirgʻiziston-Oʻzbekiston temir yoʻlining ahamiyati nimada?
Japarovga koʻra, bu temir yoʻli qurilsa, Qirgʻiziston tranzit davlatga aylanib, yangi ish oʻrinlari paydo boʻladi va iqtisodda katta oʻsish bo'ladi.
Qirgʻizistonning oldingi prezidenti Sooronbay Jeenbekov ham oʻz vaqtida mazkur temir yoʻli Qirgʻiziston uchun suv va havodek zarur, degan edi.
Xalqaro aloqalar boʻyicha mutaxassis, faol Sovetbek Zikirov fikricha esa Xitoy va Markaziy Osiyoni bogʻlovchi temir yoʻl loyihasi avvalo Pekinning iqtisodiy manfaatlari uchun ishlaydi.
“Xitoyning Markaziy Osiyoga boʻlgan iqtisodiy taʼsiri juda katta. Qirgʻizistonga esa boshqa qoʻshni davlatlarga qaraganda yanada koʻproq taʼsir koʻrsatadi. Qirgʻiziston Xitoyni tovarlari uchun muhim tranzit hudud sifatida koʻradi. Albatta, hozir Bishkekdagi “Dordoy” va Qorasuv bozorlarida bir oz muammolar paydo boʻlib, savdo koʻlami avvalgidan pastlab ketdi.
Hozirda asosiy savdo Qozogʻistonning Korday bozoriga koʻchirilgan. Bunga Qirgʻizistondagi ayrim siyosiy faktorlar sabab boʻldi. Ammo shunga qaramay Xitoy oʻzining tovarlarini Oʻzbekiston, Afgʻoniston va Sharqiy Osiyo davlatlariga eksport qilishning faol rejalarini ishlab chiqmoqda, deyish mumkin. Buning uchun Xitoy-Qirgʻiziston-Oʻzbekiston temir yoʻlini qurib mahsulotlarni toʻgʻridan-toʻgʻri yetkazishni koʻzlamoqda. Chunki yuqorida tilga olganimiz bozorlar orqali ish yuritish ularning qaysidir bir mezonlariga yoki rejalariga toʻgʻri kelmayapti. Masalan, Korday orqali Oʻzbekistonga tovar oʻtkazish, Turkmanistonga, Afgʻoniston va Eronga Qozogʻiston orqali oʻtish murakkab masala. Shuning uchun Xitoy bu davlatlarga oʻz mahsulotini bozor orqali emas, balki poyezd yoʻli orqali toʻgʻridan-toʻgʻri yetkazishni maqsad qilmoqda, deb oʻylayman”, — deydi Zikirov “Amerika Ovozi” bilan suhbatda.
Iqtisodiy tahlilchi Erkin Abdurazzoqov esa Xitoy-Qirgʻiziston-Oʻzbekiston temir yoʻlining Markaziy Osiyo davlatlarining ham dunyo bozoriga chiqish uchun bir imkon ekanini taʼkidlaydi.
“Agar bu temir yoʻli ochiladigan boʻlsa Markaziy Osiyo davlatlari, xususan Qirgʻiziston oʻzining oziq-ovqat mahsulotlarini, metallurgiya yoki boshqa mahsulotlarni Xitoy orqali Hind okeanlari bilan dunyo bozoriga chiqara oladi. Bundan tashqari Xitoy-Qirgʻiziston-Oʻzbekiston temir yoʻli ochilib, ishga kirsa Qorasuv, “Dordoy” bozorlariga, Oʻzbekiston bozorlariga Xitoy tovarlari arzon narxda kelib, aholiga yengillik boʻladi”, — deydi u.
Nima uchun bu loyiha yigirma yildan beri amalga oshmayapti?
Tahlilchilar deydiki, Xitoy – Qirgʻiziston – Oʻzbekiston temir yoʻlini qurish masalasi iqtisodiy jihatdan koʻra koʻproq geosiyosiy rakursdan koʻrib kelingan. Shu bois ayrim ekspertlar Rossiyani chetlab oʻtuvchi bu yoʻlning qurilishiga Moskva imkon bermaydi deb kelishgan.
Masalan, xalqaro mediaga bir necha yil avval intervyu bergan siyosatshunos Mars Sariyev Xitoy-Qirgʻiziston-Oʻzbekiston temir yoʻli loyihasini amalga oshirishga Qirgʻizistonning siyosiy erki yetmasligini, geosiyosat tomonidan Xitoy yoki Rossiyani tanlashga toʻgʻri kelib qolganda, Bishkek Moskvaning soʻzidan chiqa olmasligini aytgan edi.
May oyidagi intervyusida Prezident Japarov ham tahlilchilarning Rossiya boʻyicha taxminlarini mantiqan tasdiqladi deyish mumkin.
“Shu vaqtgacha hech Rossiya tomonga bu yoʻl bizga [Qirgʻizistonga] havo va suvdek zarur ekanini tushuntira olmagan. Yaqinda KXSHTning sammitiga borganda Vladimir Vladimirovich bilan yarim soat shu mavzuda gaplashdim. Oxirida u kishi bu temir yoʻl bizga qanchalik zarur ekanini tushunib, hech qarshiligimiz yoʻq, sizga kerak boʻlsa, quraveringlar degan pozitsiyasini bildirdi.”, degan Japarov.
Ammo Markaziy Osiyo va Xitoy boʻyicha ekspert Temir Umarov taxminicha, Xitoy – Qirgʻiziston – Oʻzbekiston temir yoʻlining qurilishiga Qirgʻizistonning ayrim taʼsirli guruhlari ham qarshilik qilayotgan boʻlishi mumkin.
“Menimcha, Qirgʻizistonning siyosiy elitasi, yoʻq deganda, ayrim taʼsirli guruhlar, Xitoy – Qirgʻiziston – Oʻzbekiston temir yoʻlining paydo boʻlishiga qarshidek seziladi. Chunki, agar u paydo boʻlsa, mazkur guruhlar daromaddan quruq qoladi. Aytmoqchi boʻlganim Qirgʻizistonning bojxona xizmati Xitoy va Markaziy Osiyoning boshqa davlatlarining oʻrtasida qulay joylashganidan koʻplab foyda topadi. Agar biz Xitoy va Qirgʻizistonning oʻrtasidagi eksport-importning statistikasiga nazar tashlasak, toʻrt yilda 10 mlrd dollar qayerga ketgani mavhum ekanini koʻramiz. Agarda Xitoydan Oʻzbekistonga chiqqan temir yoʻl paydo boʻlsa, u yerda Qirgʻizistonning hududi tranzit uchun qoʻllaniladi, yetkazish punkti sifatida emas va shu sabab ayrim guruhlar asosiy daromad manbasidan ajrab qoladi”, - degan Umarov Qirgʻizistonning “Kloop” nashriga bergan intervyusida.
Xitoydan Qirgʻizistonga, undan nari Oʻzbekiston, Eron va Turkiya orqali oʻtib, Yevropaga chiquvchi temir yoʻlning qurilishi boʻyicha soʻzlashuvlar 20 yildan ortiq vaqtdan beri oʻtkazib kelinadi. Agar rasmiylarning maʼlumotiga ishonsak, Xitoy-Qirgʻiziston-Oʻzbekiston temir yoʻlining qurilishi keyingi yil boshlanadi.
“Qirgʻiz temir yoʻl” hisobiga koʻra, bu qurilishga 6-8 yil kerak boʻladi.
Facebook Forum