Breaking News

YXHT O'zbekistonda referendumni cheklangan missiya bilan kuzatmoqchi


Prezident saylovi, Toshkent, 24-oktabr, 2021
Prezident saylovi, Toshkent, 24-oktabr, 2021

Shavkat Mirziyoyev davrida saylovlarni kengaytirilgan tarkibda kuzatishga o’tgan Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkiloti (YXHT) qoshidagi Demokratik institutlar va inson huquqlari byurosi (DIIHB) bu gal referendumni cheklangan missiya bilan kuzatmoqchi. Bu xulosa O’zbekistonda o’tkazilgan muzokaralar ortidan e’lon qilingan. Odatda DIIHB kuzatuv missiyasi tarkibi saylovlar ochiqligi yuzasidan dastlabki xulosalar o’rnida ham ko’riladi.

Tashkilotning kengaytirilgan missiyasi nisbatan demokratik saylovlarga, cheklangan missiya esa nodemokratik, natijasi oldindan hal etilgan saylovlarga jalb qilinadi.

Mirziyoyev hokimiyatga kelishi ortidan o’tgan barcha saylovlarni kengaytirilgan missiya bilan kuzatgan DIIHBning referendumga kelganda cheklangan missiya jo’natishga qaror qilishi jamoatchilikka yo’llangan jiddiy ishoradek ham ko’rinadi.

O’zbekistonda kutilayotgan referendum sanasi, unda qanday savollar, qanday tartibda chiqarilishi hozirgacha ma’lum qilinmagan, ammo DIIHB xulosalari referendumda qo’yilajak savollarga ham bir qadar oydinlik kiritgan.

Tashkilotning O’zbekiston Markaziy saylov komissiyasiga tayanib bildirishicha, referendumda fuqarolarga “Ha” yoki “Yo’q” tanlovi taklif qilinadi.

Bundan kelib chiqilsa, yuzdan oshiq tuzatishlarni o’z ichiga olgan konstitutsiyaviy o’zgarishlar bo’yicha ovoz berish bu o’zgarishlarni bir yo’la qabul qilish yoki inkor etishni taklif qiladi.

Jiddiy munozaralarga sabab bo’layotgan prezidentlik muddati haqidagi 90-moddaga o’zgarishlar kiritishni alohida rad etish barobarida boshqa bir o’zgarishlarni yoqlash imkoniyati qoldirilmagan ko’rinadi.

DIIHB 90-modda, prezidentlik muddatini 5 yildan 7 yilga uzaytirilishi masalasi va bu borada o’zbek jamoatchiligi tomonidan bildirilayotgan xavotirlarga ham to’xtab o’tgan.

Hisobotda ta’kidlanishicha, O’zbekiston hukumati konstitutsiyaviy islohotlar bo’yicha jamoatchilik o’ta faol ekanligiga diqqat qaratayotgan bo’lsada, haqiqatda konstitutsiyaviy o’zgarishlar taqdimi ancha mavhum ko’rinadi.

DIIHB iyul oyida O’zbekistonga qilgan safari, konstitutsiyaviy islohotlar bo’yicha rasmiylar va fuqarolik jamiyati faollari bilan o’tkazgan uchrashuvlaridan kelib chiqqan holda referendumni cheklangan tarzda kuzatishga qaror qilgan.

Referendumni kuzatish uchun cheklagan missiyadan tashqari yana 14 nafar mutaxassis ham jo’natilishi, ular saylov uchastkalarida bo’lishi, lekin DIIHB jarayonni sistemali tarzda kuzatmasligi ta’kidlangan.

DIIHBga ko'ra, O'zbekistonda saylovlar shu paytgacha raqobatdan yiroq holda o;tgan.

Faollar esa tashkilotni shu borada tanqid qiladi, ya'ni raqobatsiz saylovlarni to’liq missiya bilan kuzatishdan foyda nima?

2021-yilda prezidentlikka da’vogarlik qilgan Jahongir Otajonov DIIBH vakillari bilan uchrashgan. Bu safar ular bilan gaplashmagan, ammo taqdiri va maqsadi aniq bo’lgan referendumni kuzatishdan naf yo'q deb hisoblaydi.

“Konstitutsiyaviy islohotlardan asosiy maqsad - Prezident Mirziyoyevning uchinchi muddatga saylanishini tashkillashtirish, O’zbekistonda avtokratiyani saqlab qolish. Men bu o’zgarishlardan boshqa maqsadni ko’rmayapman. Xalqaro jamoatchilik bu narsani avvalgi saylovlar davrida ham ko’rgan, lekin ko’ra bila turib ikki yuzlamachilik qilgan, soxta islohotlarni qo’llab quvvatlagan edi. Bu hukumat uchun ham, ular uchun ham sharmanadalik. Mening shaxsiy fikrim, toki xalqimizning o’zi bu tartibsizlikka chek qo’ymas ekan, kimlarningdir tor yoki keng doirada kuzatishi bir tiyinga qimmat”, - deydi Otajonov.

  • 16x9 Image

    Malik Mansur

    Malik Mansur Toshkent Davlat Universitetini (hozirda O'zbekiston Milliy Universiteti) bitirgan. Professional jurnalist. Bu sohada 1990-yilardan beri ishlab keladi. O'zbekistonda qator nashrlarda faoliyat yuritgan. "Amerika Ovozi bilan 2002-yildan buyon hamkorlik qilib keladi. Vatandagi siyosat, iqtisod va ijtimoiy hayotni yoritadi.
     

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG