Breaking News

AQSh Yevropada HIMARS trening markazi ochadi


AQShning M142 HIMARS raketa uchirish vositasi, Dubay, 15-noyabr, 2021
AQShning M142 HIMARS raketa uchirish vositasi, Dubay, 15-noyabr, 2021

AQSh hukumati Yevropada NATOdagi hamkorlari uchun HIMARS harbiy markazi ochmoqda. Ukrainaga yordamni oshirayotgan ittifoqchilar Sharqiy Yevropadagi rolini mustahkamlashga bel bog'lagan.

“Bir necha davlat harbiylari bir joyda mash qiladi", - deydi AQSh general-leytenanti Jon Kolasheski, NATOning sharqiy qanoti uchun mas'ul harbiy.

Bu hafta Vashington Polshaga 18 raketa uchirish vositasi uzatishini bildirdi, shuningdek, yuzlab boshqa raketa sistemalari ham beriladi. Polshaga jami 10 milliard dollarlik qurollar sotiladi.

HIMARS dasturida qatnashadigan tomonlar AQSh bilan uzoq muddatli harbiy shartnomalar imzolagan davlatlarning zobitlari bo'ladi, jumladan Estoniya, Polsha va Ruminiya.

“NATO Ukraina bu urushda qanchalik barbod qilinganini biladi va 30 a'zo o'zini himoya qilish uchun nimaiki zarur bo'lsa, qiladi", - deydi Kolasheski "Amerika Ovozi" bilan suhbatda.

Estoniya Mudofaa vaziri Hanno Pevkur deydiki, Ukrainadagi urush uzoq masofani nishonga olish salohiyati naqadar muhim ekanini ko'rsatgan. HIMARS tizim - qudratli vosita, deydi vazir.

Estoniya kelasi ikki yilda olti dona HIMARS oladi. Mamlakat zobitlari unga zudlikda o'rgatilishi rejalangan.

Kolasheski Polshada o'tgan yili ochilgan Abrams tank akademiyasini samarali loyiha deb atab, HIMARS ham shu shaklda ishlaydi, deya tushuntiradi. AQShdan 2022-yilda 250 dona M1A2 Abrams rusumidagi tanklar olgan Polsha bu yil boshida 116 dona M1A1 Abrams oldi.

Pentagon hamkor davlatga bu tanklardan qanday foydalanish, ularni saqlash va tuzatishni o'rgatadi.

Polsha hozirda AQShning Sharqiy Yevropadagi eng yaqin harbiy sherigi. Ukrainaga madad ko'rsatishda ham jonbozlik ko'rsatmoqda.

FILE - An M1A2 Abrams battle tank from the U.S. Army is unloaded at the Baltic Container Terminal in Gdynia, Poland, Dec. 3, 2022.
FILE - An M1A2 Abrams battle tank from the U.S. Army is unloaded at the Baltic Container Terminal in Gdynia, Poland, Dec. 3, 2022.

Polsha Mudofaa vaziri Mariush Blajakning aytishicha, uning kuchlari endilikda Ukraina harbiylarini treningdan o'tkazmoqda, xususan Germaniyadan olingan "Leopard 2" tanklarini safarbar etish bo'yicha dars bermoqda.

Abrams tank akademiyasi ukrainlar uchun ham ochiladimi? Bu borada hali qaror qilinmagan, deydi Blajak, ammo ular uchun alohida sharoit yaratilgan.

Ukrainaga va'da qilingan "Abrams" tanklari ishlab chiqarilishini kutish kerak, deydi Amerika rasmiylari.

"Leopard 2" tanklari va Britaniyaning "Challenger 2" tanklari Ukrainaga yaqin kelajakda topshiriladi.

Kolasheski nazarida Ukraina askarlari bu vositalarni qo'llashni tezlikda o'rganishga qodir.

“Ular g'ayratga to'la. Davlat hayot-mamot uchun kurashmoqda axir", - deydi AQSh harbiysi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG