Breaking News

Yordam ozligi bois Afg'onistonda qish juda og'ir kechishi mumkin


“Amerika Ovozi” bilan gaplashgan ekspertlarga ko’ra, moliyaviy muammolar tufayli Afg’onistonda millionlab odamlar qishda oziq-ovqatsiz, tibbiy xizmatlarsiz va boshpanasiz qolishi mumkin.

“Afg’onistonda ochlikdan azob chekayotgan millionlab ayollar va bolalar hayoti xavf ostida”, - deydi Yan Egeland, Norvegiya Qochqinlar kengashi (NRC) bosh kotibi.

Mamlakatda 38 millionga yaqin aholidan kamida 15 millioni oziq-ovqatga muhtoj. Jahon oziq-ovqat dasturi avgust oyida ularning 5 millioniga yordam bera oladi, kelgusi oylarda ko’mak to’xtashi ehtimoli bor.

Moliya yetishmovchiligi, deydi Egeland, sog’liqni saqlash bo’yicha xizmatlarni ham xavf ostiga qo’yadi, chunki yordam agentliklari butun mamlakat bo’ylab shifoxonalarga dori-darmon va boshqa resurslarni xayriya qiladi.

Xabarlarga ko’ra, iyun oyida kamida 260 ta klinika yopilgan. BMTga ko’ra, moliyaviy yordam hozirgi darajada qoladigan bo’lsa, 3,7 million kishi tibbiy yordamdan mahrum bo’ladi.

Tashkilot Afg’oniston uchun 2023-yilda 3,2 milliard dollar so’ragan edi. 8-avgust holatiga ko’ra, donorlar bor-yo’g’i 800 million dollar ajratgan.

2023-yilda yordam fondiga eng katta hissa qo’shgan davlat bu AQSh – 335,7 million dollar. 2022-yilda Amerika 1,2 milliard dollar ajratgan edi.

2023-yilning avgustiga qadar Afg’oniston ehtiyojlari uchun Britaniya 23 million dollar (2022-yilda 454 million), Germaniya 34 million (2022-yilda 444 million) va Kanada 28 million (2022-yilda 106 million) ajratgan.

Siyosat yoki charchoq?

Yordam qisqargani siyosat, charchoq va Tolibonning repressiv siyosati bilan bog’liq xavotirlar, jumladan xotin-qizlar ta’lim va mehnat huquqlaridan mahrum qilingani kabi sabablar bilan bog’liq.

Toliblar yordam operatsiyalarini cheklashi va mablag’ni o’ziga yo’naltirayotgani haqidagi xabarlar tufayli ba’zilar shaffoflikni oshirishga, boshqalar Afg’onistonga ko’makni butunlay to’xtatishga chaqirmoqda.

Tolibon gumanitar faoliyatga aralashayotganini inkor etib, G’arb donorlarini masalani siyosiylashtirayotganlikda ayblaydi.

“Hech qachon yordam dasturlariga aralashmaganmiz. Ammo mas’ul tomon sifatida yordam eng munosib va muhtoj qatlamga yetkazilishini maslahat beramiz”, - deydi Tolibon so’zlovchisi Suhayl Shahin.

Bugungi kunda ko’plab donor davlatlar faqatgina Tolibonni butunlay chetlab o’tadigan dasturlarni moliyalaydi.

“Insonparvarlik yordami qisqarishi G’arb donorlarining siyosiy rejalarini aks ettirmaydi. Gumanitar inqirozga javob berish uchun ikki yillik favqulodda sa’y-harakatlardan so’ng charchoq shakllangan, shuningdek, yordam kamayishi bu global tendensiya”, - deydi Uilyam Berd, AQSh Tinchlik instituti xodimi.

BMT joriy yilda dunyoning turli burchaklaridagi favqulodda vaziyatlarga javob berish uchun 55,2 milliard dollar so’ragan bo’lsa, avgust holatiga ko’ra donorlar qariyb 14 milliard dollar bergan.

DavlatSo'ralgan yordam hajmi

Hozirgacha moliyalashtirilgan qismi

Suriya5,4 milliard dollar23%
Yaman4,3 milliard dollar31%
Efiopiya4 milliard dollar26%
Ukraina3,9 milliard dollar31%


“Sovuq urush”

Tolibon hukumati va donor davlatlar o’rtasidagi tavofutlar ro’yxatiga xalqaro ko’mak ham qo’shilar ekan, gumanitar tashkilotlar xodimlari arasotda.

“Ushbu sovuq urushning o’rtasida qoldik, prinsipial insonparvarlik xizmatlarini ko’rsatishga sodiq qolishga harakat qilayapmiz”, - deydi Egeland.

Uning aytishicha, Tolibon va xorijiy donorlar gumanitar dasturlarni qanday olib borish borasida turlicha mezonlarga ega.

Tolibon xalqaro sanksiyalar ostida, ularni Afg’onistonning qonunuy hukumati sifatida biror davlat tan olmagan. Toliblar ayollar huquqlarini hurmat qilish va inklyuziv hukumat tuzish chaqiriqlariga befarq.

Mutaxassislar fikricha, yordamni to’xtatish vaziyatni o’zgartirishi dargumon.

“Qorni to’q, qurol va hokimiyatga ega erkaklar, ayollar va bolalar och qolsa ham, o’z ish uslubini o’zgartirganini hech ko’rmaganman”, - deydi Egeland.

Afg’on hunarmandlariga o’z mahsulotini sotishga yordam beruvchi “Aseel” kompaniyasi vakili Samir Gavhariy deydiki, haddan tashqari qashshoqlik, izolyatsiya va gumanitar inqiroz ekstremist guruhlarning odam yollashiga qo’l keladi.

“Buning mintaqaviy va global xavfsizlikka ta’siri bor”, - deydi u.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG