Breaking News

Bayden: XAMAS salohiyatidan ayrilsagina, Ga'zoda urush tugaydi


Isroil hujumlarida G’azoda tinch aholi orasida qurbonlar soni ko’paygani sari Oq uyga Isroilni jilovlash da’vatlari tobora qattiqroq yangramoqda.

Xalqaro hayot - 17-noyabr, 2023-yil
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:10:24 0:00

G’azo Sog’liqni saqlash vazirligi Isroil askarlarini al-Shifo kasalxonasida asossiz reydlar o’tkazayotganlikda aybladi, biroq Isroil armiyasi kasalxonada qurollar va harbiy uskuna topilganiga ishora qilib video tarqatgan.

XAMAS tibbiy muassasalardan harbiy maqsadlarda foydalanayotgani haqidagi da’volarni inkor etmoqda.

7-oktabrdan beri Isroil hujumlarida sektorda 11500 dan ziyod falastinlik o’lgan.

AQSh rahbari Jo Bayden Isroilning XAMASni yo’q qilish rejasini qo’llab-quvvatlashini bildirdi.

"XAMAS isroilliklarni o’ldirish, tahqirlash, ularning boshiga dahshatli kunlarni solish salohiyatidan ayrilishi bilan urushga barham beriladi”, - dedi Bayden.

Qator mamlakatlar G’azoda otashkesimga da’vat etayotgan bir paytda Oq uy bunday qilmayapti.

"Biz qarorlarimizni ijtimoiy so’rov natijalariga qarab qabul qilmaymiz. Prezidentimiz va davlat kotibi shu tobda otashkesimdan XAMAS foyda ko’radi degan xulosaga kelgan”, - deydi Davlat departamenti so’zlovchisi Mettyu Miller.

AQSh qonunchilarining aksariyati Isroilga harbiy yordam berish bobida yakdil. Amerikalik bir tahlilchining aytishicha, Oq uy Isroilni G’azoda tinch aholi orasida talafotlarni kamaytirishga chaqirmoqda

“Bizning eshitishimizcha, AQSh rasmiylari Isroilga kichikroq bombalardan foydalanishni tavsiya qilyapti”, - deydi Chikago Tashqi aloqalar kengashidan Elizabet Shekelford.

Payshanba kuni Isroil G’azo janubidagi to’rtta shahar aholisiga evakuatsiya qilishni buyurdi. Bu esa mojaroning shimoliy hududlardan qochgan falastinliklar turgan joylarga ham yoyilish ehtimoli haqidagi xavotirlarni kuchaytirmoqda.

Jahon sog’liqni saqlash tashkiloti Isroilning to’xtovsiz hujumlari natijasida G’azo Sektorida oziq-ovqat va toza ichimlik suvi tanqis bo’lganiga ishora qilib, kasalliklar tarqalishidan xavotir bildiryapti.

Tashkilotning istilodagi Falastin hududlaridagi vakili Richard Piperkornning aytishicha, hududda 70 mingdan ziyod odamda o'tkir respirator infeksiyalari, 44 mingdan ortig’ida esa diareya qayd etilgan.

Kuzatuvchilar kanalizatsiya sistemasi ishdan chiqib, kasallik tarqalishidan tashvishlanmoqda. Chunki yoqilg’ining tugagani nasos stansiyalari va suvni tuzsizlantiruvchi zavodlar ishining to’xtashiga olib keldi, suvning zararlanish ehtimoli kuchaygan.

“808 kishida suvchechak, 14200 dan ziyodida teri toshmasi qayd etilgan. 14200 dan ortiq qo’tir va bit toshish holatlari, gepatitning A va B shakllari ro’yxatga olindi. 72 ta birlamchi tibbiy yordam muassasalaridan 47 tasi, 36 ta kasalxonadan 25 tasi ishlamayapti”, - deydi Piperkorn.

Falastinlik shifokorlar barcha bemorlarga xizmat ko’rsatish imkoni yo’qligini aytmoqda.

Bugun musulmon dunyosida Falastinga xayrixoh namoyishlar bo’lib o’tdi.

“AQShni G’azo Sektorida sodir etilayotgan urush jinoyatlariga sherik deb bilamiz”, - deydi Iordaniyadagi namoyishchilardan biri.

Bugun Quddusda isroilliklar ham namoyishga chiqdi. Unda XAMAS garovga olgan odamlarning oila a’zolari va yaqinlari, hamdard fuqarolar qatnashdi.

7-oktabrdan beri harakat qo’lida 240 ga yaqin isroillik va xorijlik saqlanmoqda.

"Yaqinlarimning yetti nafarini G’azoga olib ketishgan. Onam, opam, pochcham, ularning 3 va 8 yashar farzandlari, xolam va uning farzandlari ham. Ularning ozod etilishini so’raymiz”, - deydi Yuval Haran ismli bir isroillik.

Ayrim xabarlarga ko’ra, Isroil va XAMAS Qatar vositachiligida uch kunlik sulhga kelishishi mumkin. Buning evaziga XAMAS garovdagilarning 50 nafarini, Isroil ham o’z qamoqxonalaridan 50 nafar falastinlik ayol va qizlarni ozod etadi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG