Kaliforniya shtatining Los-Anjeles shahrida uysizlik katta muammo. Yaqinda 95 kishiga mo’ljallangan boshpana ochildi. Bu yerda uysizlar ovqatlanishi, narkomaniyadan davolanishi, ish topishda yordam olishi ham mumkin.
Uysizlar uchun “Shimoli-sharqiy yangi boshlanishlar” nomli bu majmua qurilishi 2022-yilda boshlangan edi. 2024-yil yanvarida ishga tushdi. Los-Anjeles meri Karen Bass ochilish marosimida ishtirok etdi.
“Menimcha, butun shahar bo’ylab qurishimiz kerak bunday joylarni. Nima qilishni bilamiz, muammo qanday qilib katta miqyosda qurishda”, - deydi rasmiy.
Bu majmua 95 kishiga mo’ljallangan. Los-Anjeles uysizlarga xizmat ko’rsatish byurosiga ko’ra, shaharda uysizlar soni taxminan 46 mingni tashkil etadi.
Bu yerda rezidentlar uchun hamma narsa bor – to’liq jihozlangan hammom, oshxona va kattagina joy.
“Bu uch kishilik uy, hammomi bilan. Hamma narsa uch kishiga moslashtirilgan, ranglarigacha tanlangan. O’zlarini uydagidek his qilishlarini istaymiz”, - deydi dastur direktori Sheril Morris.
Bu boshpananing o’ziga xos jihati shundaki, bu yerda residentlarga uyda yashash qayta o’rgatiladi. Ish topishda yoki ishsizlik nafaqasini olishda ham yordamlashishadi. Giyohvandlikdan davolanish ham mumkin. Shahar kengashi a’zosi Yunises Hernandezga ko’ra, bu vaqtinchalik uy-joyning yangi ko’rinishidir.
“Odatda boshpanalar - shunchaki uxlaydigan joy. Lekin bizning loyiha boshqacha. Doimiy joyga ko’chib o’tguncha yashashlari mumkin”, - deydi Hernandez.
2024-yilda Los-Anjeles shahar byudjeti 13 milliard dollarga teng. Suhbatdoshga ko’ra, shahar ma’muriyati mehmonxonalarni sotib olib, ularni boshpanalarga aylantirish va yuqoridagi kabi majmualar qurish uchun qariyb bir milliard dollar sarflaydi.
“Bu loyiha 16 million dollarga tushdi. Unchalik katta pul emas, chunki vertolyot, formalar va boshqa narsalarga undanda ko’p sarflaymiz. Bu shahar byudjetidan bir tomchi”, - deydi kengash a’zosi.
So’nggi bir necha yil ichida Kaliforniya uysizlik muammosiga qarshi kurashga 2 milliard dollar sarflagan, ammo mahalliy aholi katta o’zgarish yo’qligini aytadi. O’tgan yili imzolangan qonunga ko’ra, giyohvand yoki ruhiy kasallikka chalingan odamlarni ushlab, davolanishga majburlash mumkin.
Savino yangi majmua qarshisida, chodirda yashaydi. Besh yildan beri uysiz.
“Ish yo’qligi va ijara – muammo. Ijarani ko’pchilik to’lay olmaydi. Oilangiz yordam bermasa, yanada qiyin. Albatta, boshpanadan joy istardim”, - deydi u.
U qishni yangi qurilgan majmuada o’tkazishni xohlaydi, ammo navbat uzun. Yozgacha joy bo’lmasligi mumkin.
Kaliforniya uysizlik muammosiga qanday yechimlar taklif qilmoqda?
- Amerika Ovozi