Breaking News

Hisobot: Avtomobil kompaniyalari ta'minot zanjirida majburiy mehnatdan voz kechishi kerak


Yangi hisobotga ko’ra, ayrim avtomobilsozlik kompaniyalari Xitoy hukumatining bosimi tufayli bu mamlakatdagi qo’shma korxonalariga inson huquqlari borasida zaifroq standartlarni qo’llamoqda. Bu esa ta’minot zanjirlariga majburiy mehnat jalb qilinishi ehtimolini oshiradi.

“Human Rights Watch” (HRW) tashkilotining “Rulda uxlab qolganlar” nomli hisobotida aytilishicha, bir qancha global korxonalar, jumladan “Volkswagen”, “Tesla”, “General Motors” va “Toyota” alyuminiy ta’minot zanjirida uyg’urlarning majburiy mehnatidan foydalanishni minimallashtirishni uddalay olmayapti.

“Alyuminiy ta’minot zanjiri - avtomobil kompaniyasi va alyuminiy ishlab chiqaruvchisi o’rtasida bir necha qatlamdan iborat jarayon. Bu qatlamlar avtosanoat uchun foydali, chunki kompaniyalar materialni, uning qanday yaratilishini va Shinjon kabi joylarda qanday xavflar borligini bilmasdan sotib olishlari mumkin”, - deydi HRW tadqiqoqtchisi va hisobot muallifi Jim Vormington.

So’nggi yillarda bir qancha xalqaro tekshiruvlar Shinjonda majburiy mehnat qo’llanishini aniqlagan, xususan quyosh panellarini eksport qiladigan zavodlarda va avtosanoatda.

Xitoyda ishlab chiqariladigan alyuminiyning 15 foizi Shinjonga to’g’ri keladi. HRW davlat OAVdagi maqolalar, kompaniya hisobotlari va hukumat bayonotlari orqali shuni aniqladiki, alyuminiy ishlab chiqaruvchilar mintaqada ishchi kuchini ko’chirish dasturlarida ishtirok etmoqda.

“Shinjon, alyuminiy sanoati va majburiy mehnatni Xitoy hukumati yuritadigan ishchi kuchini ko’chirish dasturlari bog’lab turadi. Uyg’urlar va boshqa musulmon jamoalar a’zolari Shinjon va boshqa hududlarda majburan ishlatiladi”, deyiladi hisobotda.

Shinjondagi alyuminiyning katta qismi Xitoyning boshqa hududlarida qotishmalar tayyorlash uchun ishlatilishi sababli Shinjonning o’zida qancha alyuminiy olinishini aniqlash qiyin.

Oldingi tadqiqot va tekshiruvlarga ko’ra, Shinjondagi kamida uchta alyuminiy ishlab chiqaruvchi yoki erituvchi korxona, jumladan, Xinjiang East Hope Nonferrous Metals, Tianshan Aluminum va Xinfa Group Xinjiang, uyg’urlarni olib kelib ishlatish dasturlarida qatnashadi yoki “Shinjon ishlab chiqarish qurilish korpusi” nomli kompaniya bilan hamkorlik qiladi.

Ushbu kompaniya uyg’urlarni repressiya qilishda asosiy rol o’ynashi aytiladi.

Xitoyning Vashingtondagi elchixonasi hisobot xulosalarini “Xitoyni qoralash uchun o’ylab topilgan asr yolg’onlari” deb atadi.

“Shinjondagi ishchilarning huquqlari aniq kafolatlangan. AQShda ba’zilar inson huquqlari bahonasida Xitoyga zarar yetkazish, xalqaro savdo qoidalarini buzish va xalqaro ta’minot zanjirlarini beqarorlashtirish uchun bu yolg’ondan foydalanmoqda”, - deyiladi elchixona “Amerika Ovozi”ga bergan bayonotda.

HRWning qayd etishicha, global avtomobil kompaniyalari BMT tomonidan belgilangan qoidalarga muvofiq ta’minot zanjirlarida majburiy mehnat mavjudligini aniqlash, oldini olish va kamaytirish uchun javobgar.

“Volkswagen” va “Tesla” Xitoydagi qo’shma korxonalarining Shinjon bilan savdo-sotiq aloqalariga ta’sir qilish imkoniyatlari cheklanganini bildirdi.

Xitoyning “SAIC” kompaniyasi bilan tuzilgan qo’shma korxonada 50 foiz aksiyalarga egalik qiluvchi “Volkswagen” ta’minot zanjirida inson huquqlarini hisobga olishga javobgar emasligini da’vo qildi. Chunki, deya bildiradi kompaniya, Germaniya qonunlari faqatgina kompaniyalar “hal qiluvchi ta’sirga ega bo’lgan sho’ba korxonalarni qamrab oladi”.

Xitoydagi qo’shma korxona va Shinjondagi alyuminiy ishlab chiqaruvchisi o’rtasidagi potensial aloqalar haqida so’ralganda, “Volkswagen” Xitoydagi qo’shma korxonasi mahsulotni qanday olishi bo’yicha shaffoflik yo’qligini tan oldi.

Xitoyda audit o’tkazish qiyinligiga qaramay, deydi HRW tadqiqotchisi Jim Vormington, Xitoydagi korxonalardan ko’proq ma’lumot talab qilish yo’llari bor.

“Xitoy avtomobilsozlari ham global bozorga chiqishni istaydi. Xitoy hukumatidan qo’rqishsa-da, global avtomobil kompaniyalari Xitoydagi hamkorlaridan ta’minot zanjirlari haqida ko’proq ma’lumot so’rab olishlari mumkin. Albatta, inson huquqlari bilan bog’liq muammolar haqida so’ray olmaslik kontekstida bu juda qiyin”, - deydi u.

Ayrim xorijiy yurisdiksiyalar, jumladan AQSh va Yevropa Ittifoqi korxonalardan ta’minot zanjirlari va ularning inson huquqlari toptalishiga aloqadorligini oshkor etishni talab qiluvchi qonunlar qabul qilgan yoki qilishni rejalamoqda.

Ayrim hukumatlar, shuningdek, majburiy mehnatga aloqador mahsulotlarning o’z mamlakatlariga kirishiga yo’l qo’ymaslik uchun import cheklovlarini ham joriy etgan.
Ba'zi tahlilchilar fikricha, bizneslar Pekinga o’z xavotirlarini bildirishi kerak.

“Ideal dunyoda korxonalar eng yuqori darajada Xitoy hukumatiga bu muammo bo’lishini tushuntirishi kerak. Yoki bizneslarning o’z xodimlariga tekshiruv o’tkazib, majburiy mehnatga yo’l qo’ymaslikka yo’l qo’yib berilishi lozim”, - deydi Uilyam Ni, AQShda asoslangan Xitoy inson huquqlari himoyachilari nomli tashkilot vakili.

Britaniyadagi Sheffild Hallam universiteti tadqiqotchisi Yolqin Uluyolning aytishicha, ishchi kuchini ko’chirish dasturlari va Shinjondagi hibsxonalar miqyosi shunchalik kengki, har qanday mahsulotni ishlab chiqarishda majburiy mehnat aralashgan bo'ladi.

Shu bois kompaniyalar, deydi u, Shinjon-Uyg’ur mintaqasidan mahsulot olishni to’xtatishi, bu haqda jamoatchilik oldida so’z berishi kerak, deydi u.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG