Breaking News

AQSh Yevropani Rossiya gazidan butunlay voz kechishga undamoqda


2025-yilning 20-yanvaridan Oq uyda yangi prezident ish boshlaydi. Ammo ungacha Jo Bayden ma'muriyati Rossiyaning energetika sanoatiga yangi sanksiyalar qo’yishda davom etadi. Bu chora-tadbirlar Moskvaning Ukrainaga qarshi urushini moliyalashtiruvchi manbalardan ayirishga qaratilgan.

AQSh Davlat kotibi muovini Jeffri Payat energiya xavfsizligi masalalarini muhokama qilish uchun shu oy Yevropa va Osiyoda bo’lib, ittifoqdosh davlatlar bilan muzokaralar olib bordi.

“Amerika Ovozi” bilan suhbatda Payat Ukraina va Rossiya o‘rtasidagi gaz tranziti shartnomasining muddati 31-dekabrda tugashini va Yevropa fursatdan foydalanib, Rossiya energiyasiga bo‘lgan qaramlikni tugatish uchun qat'iy qadamlar tashlashi kerakligini ta’kidladi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, Yevropa davlatlarining energiya muammolarini hal qilishda Amerikaning suyultirigan tabiiy gaziga (STG) murojaat qilayotgani quvonarli hol. Yevropa davlatlari va hatto gazining 10 foizini Rossiyadan import qiluvchi Yaponiya, deydi u, yangi ta’minotchilarni topish zarurligini tushunadi.

Quyidagi intervyu qisqa va aniq bo’lishi uchun tahrir qlindi.

AQSh Davlat kotibi muovini Jeffri Payat
AQSh Davlat kotibi muovini Jeffri Payat

Amerika Ovozi: So‘nggi haftalarda Rossiya Ukrainaning energetika sektoriga qarshi yirik hujumlarni amalga oshirdi. Qish mavsumiga tayyorgarlik ko’rilgan. Ittifoqchilarining ko‘magi bilan Ukraina energetika sektori bu hujumlarga chidab bera oladimi?

Jeffri Payat: Qish juda nozik davr bo'lishini bilardik. Ukrainaga, bu sektor ishchilariga yordam berish har qachongidan kuchliroq amalga oshirilmoqda. Yaqinda Ukrainaning Lvov, Ternopil va Ivano-Frankovsk hududlari yana shafqatsiz hujumlarga uchradi. Hozir qishning eng sovuq davri va shuning uchun birgalikda ishlashda davom etishimiz kerak.

Men ikki haftalik safardan yaqinda qaytdim. Tokioga bordim, undan avval Parij va Londonga. “Katta Yettilik” (G7) guruhidagi barcha hamkorlarimizdan bir xil va aniq gapni eshitdim: Rossiyaning qishni qurol sifatida ishlatishga bo‘lgan urinishi muvaffaqiyatsizlikka uchrashi uchun bor imkoniyatimizni ishga solishimiz kerak.

...bu daromadlar Shimoliy Koreya raketalariga, Ukrainadagi fuqarolik infratuzilmasini vayron qilayotgan dronlar ishlab chiqarishga sarflanmoqda.

Amerika Ovozi: Rossiya va Ukraina o‘rtasidagi gaz tranziti bo‘yicha shartnoma yil oxirida tugaydi. Sizningcha, Yevropa bunga tayyormi? Ukraina gaz tranzitini davom ettirish bo‘yicha birmuncha bosimga ham uchradi. Sizningcha, Yevropaning Rossiya gaziga bo‘lgan qaramligi haqiqatan tugaydimi?

Jeffri Payat: Albatta, men shunday bo‘lishiga umid qilaman. Muhimi, bosim faqat bir yoki ikki davlatdan kelmoqda. Yevropa Ittifoqining energetika masalalari bo’yicha yangi komissari Den Yorgensenning gazdan bosqichma-bosqich voz kechish, Rossiya energiyasiga har qanday qaramlikni tugatish zarurati haqida aniq bayonot berganini eshitib, juda xursand bo‘ldim. Yevropa 2027-yilga qadar qaramlikni nolga tushirishni maqsad qilgan.

Shubhasiz, Bryussel va Kiyev yaqin bir necha hafta ichida muhim qarorlar qabul qilishi kerak. Ammo uzoq muddatda energiya va ayniqsa gaz savdosi mustaqillikdan beri Rossiyaning Ukraina iqtisodiyotiga ta'sir o’tkazish vositasi bo‘lib kelgan. Shunday ekan, nima uchun kimdir bu munosabatlarni davom ettirishga qiziqishi mumkin?

Amerika Ovozi: Yevropa Rossiyadan ko‘proq STG sotib olmoqda. Rossiyaning STG loyihalariga qarshi qo‘shimcha sanksiyalar qo‘yiladimi?

Jeffri Payat: Biz Yevropaning qadamlarini qo’llab-quvvatlaymiz. Yaqinda Yevropa Rossiyaga qarshi 15-sanksiyalar paketini qabul qildi, bu juda muhim. Vashington, Bryussel va London o‘rtasidagi hamkorlikni muvofiqlashtirish ustida astoydil ishlamoqdamiz. Yevropaga shuning uchun bordim. Har bir davlatning o’ziga yarasha ish sur’ati bor.

Den Yorgensen Amerikaning suyultirilgan gazi Yevropaning energiya muammosini hal qilishda muhim rol o’ynashini ta’kidlagan. Shuning uchun Rossiyaning energiya eksportiga bosimni yanada kuchaytiramiz, Putinning energiyadan keladigan daromadlarini kamaytirish uchun barcha imkoniyatlarni ishga solamiz. Bu daromadlar Shimoliy Koreya raketalariga, Ukrainadagi fuqarolik infratuzilmasini vayron qilayotgan dronlar ishlab chiqarishga sarflanmoqda.

Amerika Ovozi: Kelasi yilda AQShning Ukrainaga ko‘rsatayotgan yordami kamayishi mumkin. Sizningcha, Yevropa va boshqa ittifoqchilar Ukraina energiya sektorini qo‘llab-quvvatlashni davom ettirishga tayyormi?

Jeffri Payat: Hammamiz allaqachon o‘z hissamizni qo‘shmoqdamiz. Davlat kotibi Entoni Blinken yaqinda Ukraina Tashqi ishlar vaziri Andriy Sibixa bilan ikkinchi energiya anglashuv memorandumini imzoladi. AQShning o’zigina energiya sektoriga qo‘shimcha 825 million dollar yordam ko‘rsatadi.

Boshqa G7 davlatlarining yordam hajmi yanada ko‘proq. Bu Ukrainaga yordam ko‘rsatishda xalqaro hamkorlikning muhimligini va keng ko‘lamda qo‘llab-quvvatlash davom etayotganini ko‘rsatadi.

Amerika Ovozi: Memorandumda Ukrainadagi kompaniyalarni siyosiy ta'sirdan himoya qilishga katta e'tibor qaratilgan. Urush davom etayotgan bir paytda, Ukrainada islohotlar qanchalik muhim?

Jeffri Payat: Bilasizmi, 10 yildan beri islohotlar masalasi bilan shug‘ullanib kelaman. Real progressga erishilgan. Masalan, [Ukrainaning] “Naftogaz” korxonasi ishlab chiqarish ko‘rsatkichlari yaxshilangan. Bu, ehtimol, boshqaruv yaxshilanganligi yoki o’g’rilik kamaygani, ochiq va shaffof ish usuliga o’tilgani natijasidir. Qanday bo‘lmasin, bu ijobiy natija. Ammo hali qilinadigan ishlar ko‘p.

Ukraina bir kunda Yevropa Ittifoqi a'zosiga aylana olmaydi, ammo Kiyevda elchi bo‘lgan paytimda xalq inqilob paytida ifoda etgan istaklarni bajarish bugungi kunda har qachongidan muhimroq. Ukrainaning energiya sektorini Yevropa hamda Iqtisodiy Hamkorlik va Taraqqiyot Tashkilotining eng yuqori standartlariga moslashtirish ittifoqqa a’zo bo‘lish jarayonining muhim qismidir.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG