Finlyandiya Yevropada eng yuqori media savodxonlik darajasiga ega davlat sifatida muntazam ravishda yetakchi o‘rinni egallab keladi. Xususan, maktab dasturlarida onlayn firibgarliklarni aniqlash bo‘yicha ko‘nikmalar o‘qitilishi, ayniqsa hozirgi soxta va chalg‘ituvchi ma’lumotlar to‘lqini kuchaygan bir paytda juda dolzarbdir.
“Ilgari kim troll nima ekanini bilar edi?” – deya so‘radi adabiyot va fin tili o‘qituvchisi Saara Varmola noyabr oyida Helsinkidagi maktabda 14–15 yoshli o‘quvchilariga. Barcha o‘quvchilar darhol qo‘lini ko‘tardi.
“Siz tomosha qilayotgan materialni kim ishlab chiqdi, o‘zingiz qanday kontent yaratyapsiz va bu ishda axloqiy javobgarlik bormi?” – deydi Varmola.
U vatandoshlariga yolg‘on xabarlar, soxta va chalg‘ituvchi ma’lumotlarni fosh etish, media kontentni tanqidiy tahlil qilish va shuningdek, o‘zining mustaqil kontentini ishlab chiqishni o‘rgatish orqali Finlyandiyada media savodxonlikni fuqarolik malakasi sifatida rivojlantirishni maqsad qilgan.
Bu davlat 2013-yilda Yevropada birinchilardan bo‘lib media savodxonlik bo‘yicha milliy siyosatni ishlab chiqqan edi. 2019-yilda yangilangan siyosatga ko‘ra, media savodxonlik bog‘cha yoshidan tortib yuqori sinflargacha bo‘lgan deyarli barcha fanlarga integratsiya qilingan. Kattalar va keksa avlod vakillari o‘rtasida ham bu ko‘nikmalarni mustahkamlash uchun kutubxonalar va nodavlat tashkilotlar tomonidan turli kurslar tashkil etilmoqda.
“Jamiyat barqarorligini saqlashda media savodxonlik juda muhim rol o‘ynaydi. Finlyandiya buni juda erta tushunib yetgan,” – deydi Ta’lim vaziri Anders Adlerkreuts.
“An’anaviy OAV bizga yetib kelayotgan axborotning tobora kichik qismini tashkil etayotgani sababli, o‘qiganlaringizni tanqidiy baholash ko‘nikmasi bugun ayniqsa zarur,” – deya qo‘shimcha qiladi u.
“Ta’sirga qarshi to‘liq himoyalanmagan”
Media savodxonlik bo‘yicha kashshof davlat sifatida e’tirof etiladigan Finlyandiya 2017-yilda Bolgariya Ochiq jamiyat instituti tomonidan chop etilgan Yevropa Media Savodxonlik Indeksida hamisha birinchi pog‘onani egallab keladi. Bu indeks 41 ta davlatda dezinformatsiyaga qarshi turish darajasini ta’lim sifati, OAV erkinligi va jamiyatdagi ishonch kabi ko‘rsatkichlar orqali taqqoslaydi. O‘tgan yili Finlyandiyadan keyingi yuqori o‘rinlarni Daniya, Norvegiya, Estoniya va Shvetsiya egallagan edi.
Adlerkreutsning aytishicha, 5,5 millionga yaqin aholining media savodxonlik darajasini oshirishda turli sektorlarning hamkorligi katta ahamiyat kasb etgan: “Bu faqat maktab yoki o‘qituvchilarning vazifasi emas, bu ishga OAV, gazeta-jurnallar, bizneslar, kutubxonalar va muzeylar ham jalb qilingan. Hammaning hissasi bor.”
Finlyandiyaning Milliy Audiovizual instituti (KAVI) direktor o‘rinbosari Leo Pekkalaning so‘zlariga ko‘ra, bunga finlarning o‘z jamiyat institutlariga – armiya, politsiya, hukumat va siyosatchilarga, shuningdek, OAVlarga bo‘lgan ishonchi ham katta ta’sir ko‘rsatadi.
“Biz finlar mudofaa kuchlari va politsiyaga hamda hukumatga juda ishonamiz, siyosatchilarimizni ham qo‘llab-quvvatlaymiz, OAVga ham ishonamiz,” – deydi u.
Shunga qaramasdan, Rossiya bilan 1340 kilometrlik chegaraga ega Finlyandiya sun’iy intellekt rivojlanib borayotgan davrda dezinformatsiya va soxta xabarlar tahdididan to‘liq himoyalangan, deb bo‘lmaydi, deydi Adlerkreuts.
“Hali bu borada to‘liq sinovdan o‘tdik, deb ayta olmayman,” – deya ogohlantiradi u.
Tanqidiy fikrlash — kalit
Xelsinkining qor qoplagan bir maktabida Varmola o‘quvchilarga onlayn dezinformatsiyaga oid topshiriqlarni tarqatdi.
“YouTube yoki striming platformalaridagi blogerlar odamlarni chalg‘itishi mumkinmi?” va “Homiylik qilingan kontent ham axborot orqali odamlar fikriga ta’sir o‘tkazish usuli sanaladimi?” – deya so’raydi u.
“Ha, YouTube blogerlari, strimerlar va umuman ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilari odamlarga noto‘g‘ri tasavvur berishi mumkin. Menimcha, bu tez-tez uchrab turadi,” – deydi 8-sinf o‘quvchisi Bruno Kerman, sinfdoshlari bilan suhbatlashar ekan.
“Ha, shunda kim ular faoliyatini nazorat qiladi?” – deya savol bilan davom etadi uning sinfdoshi Niilo Korkeaoja.
O‘quvchilarning ta’kidlashicha, maktabdagi ta’lim ularga ijtimoiy tarmoqlarda, jumladan TikTok, Snapchat va Instagramda duch kelgan axborotni shubha ostiga olish, uni tanqidiy tahlil qilish va manbalarni tekshirish ko‘nikmalarini shakllantirgan.
“Maktab menga OAVda taqdim etilgan xabarlarni, xususan satr oralaridagi yashirin ma’nolarni ham tushunish bo‘yicha bilim berdi,” – deydi yana bir o‘quvchi Ronya Turunen.
Finlyandiyada aholi orasida media ko‘nikmalarni rivojlantirish bo‘yicha uzoq yillik an’ana bor. 1970-yillarda bepul umumiy ta’lim joriy qilingan paytda, dastlabki o‘quv dasturlarida ham OAV bo‘yicha ta’limga e’tibor qaratilgan edi. O‘shandan buyon media muhiti va raqamli texnologiyalar o‘zgarib, rivojlanib borsa-da, ta’lim tizimidagi eng muhim maqsad – tanqidiy fikrlashni shakllantirish o‘zgarishsiz qolganini ta’kidlaydi KAVI vakili Pekkala.
“Bizning bosh maqsadimiz – fuqarolarda mustaqil o‘ylash, tanqidiy baholash va demokratik jamiyatda faol ishtirok etish ko‘nikmalarini rivojlantirish,” – deydi u.
Bugungi kunda raqamli sohadagi tezkor o‘zgarishlardan hammani, xususan hayotida hech qachon internetdagi soxta xabarlarni aniqlashni o‘rganmagan, ammo soni tobora ortib borayotgan keksalarni ham xabardor qilish – katta muammo bo‘lib qolmoqda.