Breaking News

Misrda to’qnashuvlar, prezident Mursiy fitnada ayblanyapti


Misrda ikki raqib tomon - armiya tarafdorlari va sobiq prezident Muhammad Mursiyni quvvatlayotganlar alohida namoyish o’tkazib, o’z kuchini namoyish etmoqda.

Aleksandriya shahrida minglab odamlar bir-biriga tosh otib, ikki kishi o’lgani ma’lum.

Prezident Mursiyni hokimiyatdan ag’dargan harbiylar va uni lavozimiga qaytarishni talab qilayotgan “Musulmon Birodarlar” harakati kun bo’yi o’z tarafdorlarini namoyishlarga undadi.

Qohiraning odamlar bilan gavjum Tahrir maydonida ham to’qnashuvlar ro’y bergan.

“Mamlakat kelajagi haqida qayg’uradigan barcha misrliklar ko’chaga chiqing, zo’ravonlik va terrorizmga qarshi ekaningizni namoyish eting”, - deya undadi Misr armiyasi rahbari Abdul Fattoh al-Sisi.

Prezident Mursiy lavozimdan chetlatilganidan beri Misr ahli teng ikkiga bo’lingan. Mursiy tarafdorlari nazarida, general al-Sisining bayonoti “Musulmon Birodarlar” ga qarshi ta’qiblar boshlanishidan darakdir.

Bundan bir yil oldin demokratik tarzda saylangan prezident ayni paytda qamoqda. U 2011-yilgi inqilob paytida Falastinning Xamas jangari guruhi bilan til biriktirgan holda qamoqdan qochgani, Xamas bilan maxfiy aloqa qilganlikda gumon qilinyapti.

Sud qaroriga muvofiq Mursiy 15 kun qamoqda saqlanadi va yuqoridagi da’volar tekshiriladi. Xamas guruhi Misr ichki ishlariga hech bir payt aralashmaganmiz, deya ma’lum qildi.

BMT Bosh kotibi Pan Gi-Mun tomonlarni bosiqlikka undab, misrliklar tinch namoyishlar uyushtirishga haqli, deydi. Uning aytishicha, prezident Mursiy va “Musulmon Birodarlar”ning boshqa yetakchilari ozod etilishi yoki ularning ishi tezda ko’rib chiqilishi zarur.

Qo’shma Shtatlar Misr armiyasiga F-16 rusumidagi to’rtta qiruvchi samolyotni yetkazish rejasini kechiktirishga qaror qilgan. Obama ma’muriyati Misrdagi voqealarni davlat to’ntarishi deb ta’riflashga shoshmayapti.

Bu degani, Misrga atalgan milliardlab dollar iqtisodiy va harbiy ko’mak davom etadi.
  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG