Breaking News

Aholi ko’payarkan, ona-zamin muhofazaga yanada muhtoj


Hozirda sayyoramizda qariyb 7 milliard odam yashaydi. 2050-yilga borib yer aholisi 9 milliardga yetadi. Bu bilan esa energiya, suv va oziq-ovqatga talab oshadi. Xo’sh, kelajakda dunyo ahli o’z ehtiyojlarini qondirib, ayni vaqtda atrof-muhitga zararni kamaytirishning uddasidan chiqadimi?

20 yil avval jahon rahbarlari Braziliyaning Rio-de-Janeyro shahrida birinchi “Barqaror taraqqiyot” nomi ostidagi sammitga yig’ilganidan buyon ko’pgina ijobiy o’zgarishlar ro’y berdi.

Global miqyosda qashshoqlik 50 foizga kamaydi. Jon boshiga daromad ikki barobarga oshdi. Inson o’rtacha umri to’rt yilga uzaydi. Biroq bu muvaffaqiyatlarning atrof-muhitga salbiy ta’siri ham kam bo’lmadi, deydi Jahon resurslar instituti prezidenti Endryu Stir.

"So’nggi 20 yil davomida yiliga 3,3 million odam faqat atmosferaning zaharlanishidan nobud bo’ldi. Har yili 13 million gektardan o’rmon yo’qotdik. Bir yillik ko’rsatkich Angliya hududi bilan barobar. Atmosferani bulg’aydigan gazlar hajmi 50 foizga oshdi. Hozirda o’rtacha havo harorati tarixiy ko’rsatkichdan 4 gradus balandroq”,- deydi ekspert.

Dunyoda 1,3 milliard odam elektr tokisiz yashaydi. Bugunda 2 milliardga teng, 2050-yilga borib esa 5 milliard odamni tashkil etadigan o’rta sinf ham ko’proq elektr energiyasi talab qilmoqda.

Endryu Stirning bildirishicha, so’nggi sakkiz yilda ilk bor, 2012-yilda, qayta tiklanadigan energiyaga ajratilgan sarmoya hajmi kamaydi. Biroq hukumatlar bu jarayonni o’zgartirishi mumkin, deydi mutaxassis.

“Yuzdan ziyod mamlakatlar qayta tiklanadigan energiya manbalariga oid dasturlar ishlab chiqqan. Bu yili biz bunday siyosat va dasturlar samara berish- bermasligini ko’ramiz. Qayta tiklanadigan energiya manbalari iqtisodiy jihatdan to’g’ri yechimmi? Buni ham joriy yil natijalari ko’rsatadi”.

Kanadaning Energiya va tabiiy resurslar tadiqotlari instituti direktori Ken Grin bunday umidlar asossiz, deydi.

“Qayta tiklanish energiyasi “pufagi” yaqinda yoriladi. Men bu nomni hukumatlarning “yashil” sarmoyalariga berganman. Chunki ular bunday sarmoyalar oqibatida qarzga botdi. Yevropa va AQShda iqtisodiy ahvol qiyinligicha qolar ekan, bunday dasturlar yaqinda yakunlanishi mumkin. Shuning uchun men “yashil” sarmoyalar kamayadi, degan fikrdaman. Axir xususiy investorlar bunday mavhum va darrov daromad bermaydigan sohaga sarmoya kiritmaydi”, - deydi olim.

2012-yilda BMT dunyo aholisini energiya bilan ta’minlash maqsadida yangi tashabbus bilan chiqdi. 2030-yilga borib qayta tiklanadigan energiya manbalarini ikki baravar ko’paytirishni maqsad qilib oldi.

BMT bu sohada Jahon Banki bilan hamkorlik qilmoqda. Bank vitse-prezidenti Rechel Kayt deydiki, yuqoridagi maqsadga erishish uchun davlatlar “yashil” energiya sohasini kengaytirishi, xususan tabiiy gaz va qayta tiklanadigan energiya manbalaridan foydalanishi kerak.

“Rivojlanayotgan mamlakatlarda bir nechta yirik gaz konlari topildi. Demak, ko’mir o’rniga gaz ishlatish imkoni paydo bo’ldi. AQSh tabiiy gaz hajmini oshirganidan keyin atmosferani bulg’aydigan gazlar hajmi kamayganini yaxshi bilamiz. Gaz nafaqat AQSh iqtisodi, balki geosiyosatni o’zgartirmoqda”.

Atmosferaning ifloslanishi oqibatida havo harorati ham ko’tariladi. Demak, tabiiy ofatlar kam ko’payadi. Tabiatni e’zozlasak, qayta tiklanadigan energiyadan ko’proq foydalanaylik, deydi Kayt.

Gap siyosiy iroda va real qadamlarda, deydi mutaxassis.
  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Shu mavzuda

XS
SM
MD
LG