Breaking News

Amerikalik Iosif Stalin O'zbekistonda tug'ilgan, otasi paxtakor bo'lgan


Iosif Stalin - O'zbekistonda tug'ilgan amerikalik
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:04:44 0:00

Iosif Stalin, 85 yoshda, O'zbekiston SSRda tug'ilgan

Inson taqdiri chegara, elat yoki irq tanlamaydi. Hayot uchun kurash odamlarni qayerlarga yetaklashi mumkinligini o’zingiz yaxshi bilasiz. Dunyoning narigi burchagidan bu burchagiga, qashshoqlikdan boylikka, soppa-sog’likdan tuzalmas xastalikka… Har bir inson o’ziga xos kitob.

Maqolamiz qahramoni 85 yoshli qora tanli, amerikalik, O’zbekistonda dunyo kelgan.

1930-yillarda AQShda hayot kechirish juda qiyinlashgan. Eng qudratli davlatga aylanib borayotgan Amerikada esa ish yo’q edi.

“Mening ismim Iosif Stalin Kim Roan. Sovet Ittifoqida tug’ilgan birinchi qora tanliman”,- deya o'zini tanishtiradi suhbatdoshimiz.

Qo’shma Shtatlar moliyaviy inqiroz changalida ekan, ota-bobolari qullikda yashagan afro-amerikaliklar chet ellarga ish izlab ketgan. Ayrimlari SSSR tomon yo’l olgan.

Bu insonlar uchun endigina oyoqqa turayotgan kommunistik mamlakat bepoyon va imkoniyatlar makonidek tuyulgan. SSSRga yuqori malakali mutaxassislar kerak edi. Iosif Stalin boshliq tuzum xorijdan noyob kasb egalarini taklif qila boshlagan.

Iosif Stalin Kim Roan “Amerika Ovozi”ga otasiga bag’ishlangan muzeyni ko’rsatar ekan, bu oila tarixi ko’z oldimizda namoyon bo’ladi. O’sha paytda yosh va navqiron Jozef Roan Sovet Ittifoqiga borib yangi hayot boshlashga bel bog’lagan 16 qora tanli mutaxassisdan biri bo’lgan.

Virjiniya shtatida yashagan Roan vatanda imkoniyat topa olmay qiynalgan. SSSR esa unga har tomonlama tenglik va oyiga 600 dollar naqd pul va’da qilgan. 1930-yillarda Amerika hamon irqchilikka asoslangan jamiyat edi.

Jozef Roan Sovet Ittifoqini kashf etishga qaror qiladi va 1930-yilda O’zbekiston Sovet Sotsialistik Respublikasiga borib qoladi. Agronom yigit paxtachilikni rivojlantirishga kirishadi.

“Sovet Ittifoqi mening otam uchun o’ziga xos sehrli diyor bo’lgan. Bu yerda, AQShda, irqchilik uchiga chiqqan edi. Ish yo’q. SSSR esa unga noyob imkoniyat bergan, yaxshigina maosh va ijobiy munosabat. Otamni hurmat qilishgan, qadrlashgan”.

SSSRda mehnat qilish oson emas edi, albatta, sharoit ham og’ir edi. Lekin Jozef Roan qiyinchiliklarga tayyor edi. Rafiqasi Seydi u bilan borgan. Umrida ilk bor ta’tilga chiqqanida, Qrimda dam olgan. Qarabsizki, Sovet Ittifoqida birinchi qora tanli bola dunyoga kelgan – Iosif.

"1931-yilda tug’ilganimda, aytishlaricha, onamga bir emas, besh hamshira qaragan. Atrofida girdikapalak bo’lib, nimaiki kerak bo’lsa, olib kelishgan, yordamlashishgan. Onam ular nigohida noyob bir inson bo’lgan, chunki atrofda qora tanlilar yo’q edi-da”.

Chaqaloqqa Iosif Stalin deb ism qo’yishgan, “buyuk rahbar” sharafi uchun. Otasining o’zbek og’aynilari esa uni Kim deb ham atashgan. Otasi u paytgacha O’zbekistonda “paxta qiroli” degan nom qozongan edi. Sovet manbalariga ko'ra, Roan oq oltin sohasini rivojlantirishda qisqa davr ichida salmoqli hissa qo'shgan.

Jajji Iosifning tili ruschada chiqqan. Biroq uning Sovet Ittifoqidagi bolaligi qisqa bo’lgan, chunki siyosiy vaziyat murakkablasha boshlagan. 1934-yilda Leningradda obkom kotibi Sergey Kirov o’ldiriladi. Repressiya va siyosiy terror davri avj olar ekan, Jozef Roan kelajakdan xavotirga tushadi. AQShda onasi kasal ekanini eshitib, vataniga keladi. O’zbekistonga qaytish umidi hech so’nmagan, biroq Stalin rejimi unga qo’rqinchli tuyulgan: qatag’on, bosimlar.

Jozef Roan Amerikada yana ishsizlik va irqchilik bilan yuzlashgan. Oliy ma’lumotli, kasb-hunarli ekani unga qo’l kelgan. Virjiniya shtatida qora tanlilar tashabbusi bilan ochilgan maktabda ishlay boshlagan.

Iosif Stalin O’zbekistonni eslay olmaydi, albatta, biroq uning ismi o’sha davr va tarix nishonasi.

Bugun bu ilm dargohi afro-amerikaliklar muzeyiga aylangan. Butun mamlakatdan kelib, Jozef Roanning SSSRda qilgan ishlari, bu oilaning zildek og’ir o’tmishi va qora tanlilar 20-asrning birinchi yarmida qanday mashaqqatlarga duch kelgani haqida o’rganishadi.

Iosif Stalin Virjiniya shtatining Kreml degan shaharchasida yashaydi
Iosif Stalin Virjiniya shtatining Kreml degan shaharchasida yashaydi

Qizig’i shuki, Iosif Stalin yashaydigan bu shaharcha Kreml deb nomlanadi. Uning otasi O’zbekistonda yaratgan paxta yetishtirish uslubi bir paytlar Amerikada ham qo’llanilgan. Lekin dunyoning bu ikki qismini qiyoslash qiyin, deydi suhbatdoshimiz.

Iosif Stalin ham o’qituvchilik qilgan. Uch yoshida unga O’zbekistonda qizil armiya qalpog’i sovg’a qilingan ekan. Bu oilaning bebaho boyligi, deyarli bir asrga teng tarix timsoli. Sovet Ittifoqi otasini unutmagan. 1970-yillarda unga mukofot berishgan. Lekin Jozef Roan taqdimotga bormagan. Taqdirga tan bergan.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Shu mavzuda

XS
SM
MD
LG