Myanma atrofidagi lagerlarda yashayotgan o’n minglab keksa qochqinlarga insonparvarlik yordami yetib bormayapti, ularning ehtiyojlari hisobga olinmayapti. “Xalqaro Amnistiya” tashkiloti Bangladeshda jon saqlayotgan yuzlab qochqinlar ahvoli bilan tanishgandan so’ng shunday xulosa qilmoqda.
Mojaro uch yil oldin jangarilar va Myanma harbiylari o’rtasidagi to’qnashuvlar ketidan boshlangan edi. Oqibatda millionlab rohinja musulmonlari uy-joylarini tashlab ketishga majbur bo’lgan.
Bangladeshning Koks-Bozor shahrida dunyodagi eng yirik qochoqlar lageri joylashgan. 600 mingdan ortiq odam yashaydi, asosan rohinja musulmonlari. Yon-atrofdagi lagerlarni qo’shganda, bu hududda qochqinlar soni millionga yetadi.
Myanma armiyasining shafqatsiz hujumlaridan yoshlar qochib jon saqlaydi, keksa qatlam odatda ulgurmaydi. Myanma askarlari Mariyam Katunning qishlog’iga kirganda uch bolasi bilan qochgan.
“Askarlar uyimni yoqib yuborishganda, ota-onam ichkarida edi. Ular besh yildan beri to’shakka mixlangan, yurmaydi. Hojatga ko’tarib olib borardim. Chiqib ketayotganimizda ularni olib ketolmadik. Daryoni suzib o’tdik, ota-onam olov ichida qolib ketdi”, - deydi ayol.
Lagergacha yetib kelgan keksalar uchun bu yerda ham sharoit og’ir.
“Infrastruktura yordam tarqatiladigan nuqtaga, suv ulashiladigan joyga yoki lager klinikasiga yurib bora oladiganlar uchun qurilgan. Bangladeshdagi lager tepaliklarida harakatlana olmasangiz, tepaga va pastga tusha olmasangiz, hojatxonaga va suv olishga borolmaysiz”, - deydi “Xalqaro Amnistiya” tashkilotidan Metyu Vells.
Keksalarning ko’pchiligi kamida uch marta yoki undan ortiq uyini tashlab ketishga majbur bo’lgan.
“Hamma joy yonayotgan edi, xavfsizlik kuchlari qishloqda edi. Bir chekkadan xonadonlarga o’t qo’yishdi”, - deydi Shaharuk ismli ayol.
Myanma hukumati qochoqlar uylariga qaytishi uchun hudud xavfsiz ekanini isbotlashga urinmoqda. Biroq rohinjaliklarga fuqarolik berilmaydi, Myanma ularning uyiga qaytishiga ham ruxsat bermayapti.
“Savol shundaki, rohinjaliklar Myanmaga qachon qayta oladi? Buning uchun avvalo hududda tinchlik, xavfsizlik bo’lishi, shuningdek, muammoga yechim ham topilishi kerak”, - deydi BMT Qochqinlar bo’yicha oliy komissariatidan Stefan Pattison.
Myanmada barqarorlik o’rnatilgunga qadar, “Xalqaro Amnistiya” tashkiloti lagerlardagi keksa qochqinlarga alohida e’tibor qaratishga undamoqda.
Facebook Forum