So’nggi kunlarda Ukrainaning Mukachevo shahrida ham janglar kuzatildi. Bu shahar Yevropa Ittifoqiga a’zo Vengriya, Polsha va Slovakiya chegarasidan bir necha kilometr narida joylashgan.
Sharqiy Ukrainada hukumat qo’shinlari bilan yelkama-yelka rossiyaparast ayirmachilarga qarshi kurashayotgan "O’ng sektor" ko’ngillilar batalyoniga ko’ra, ular mahalliy mafia va kontrabandaga aralashgan politsiya zobitlariga qarshi ham kurashishga majbur. Ammo ayrim kuzatuvchilarga ko’ra, otishmalar Yevropa Ittifoqiga sigaretni noqoqnuniy yo’l bilan olib o’tish atrofida jinoiy guruhlar o’rtasida vujudga kelgan urush alomati.
Voqeada bir necha fuqaro jarohatlar oldi, politsiya avtomobillari yo’q qilindi. "O’ng sektor" jangchilari esa ularni qurolsizlantirishga yuborilgan askarlardan qochib, tog’larda yashirinishga muvaffaq bo’ldi.
Shundan keyin Ukraina Prezidenti Petro Poroshenko xodisaga aralashgan odamlar qurolsizlantirilib, hibsga olinishi kerak , deb aytdi va ish yuzasidan mustaqil tergov boshlashni buyurdi.
Biroq "O’ng sector" mamlakat bo’ylab o’z a’zolarini yig’ib norozilik bildirmoqda, Ukraina g’arbiy mintaqalaridagi ichki ishlar vaziri hamda boshqa rasmiylarni ishdan olishni talab qilmoqda. Ular, shuningdek, hukumat qo’shinlarini boshliqlar buyrug’ini bajarmaslikka undamoqda. "O’ng sektor" batalyonining Ukraina sharqida kurashayotgan jangchilari Kiyevdagi namoyishchilarga qo’shilgani haqida xabarlar bor.
Armiya qo’mondonlari va hukumat rasmiylari bilan Mukachevo xodisasini muhokama qilgan Prezident Poroshenko unga kontrabanda sabab bo’lganini taxmin qilgan va huquq-tartibot organlari xodimlariga “noqonuniy savdoga qarshi tezkor va samarali chora ko’rish” kerakligini aytgan.
"O’ng sektor" Ukrainadagi eng ko’p sonli xususiy armiya, mamlakat bo’ylab 10.000 qurollangan a’zoga ega. Mukachevodagi xodisadan oldin guruh hukumatga qarshi bayonotlar bergan va saylangan hukumatni “ichki bosqinchilar” deb atab, ularni hokimiyatdan ag’darishga da’vat etgan edi.
Iyul boshida "O’ng sektor" bir necha ming a’zosini hukumatning millatchilarga qarshi “terror” harakatlari hamda islohotlar o’tkazmayotganlikdan nozorilik bildirib, namoyishlar uyushtirishga chorladi. Ular, shuningdek, mamlakat sharqida rossiyaparast jangarilarga jiddiy hujum uyushtirishni talab qildi.
"O’ng Sektor": davlat to'ntaruvi vaqti keldimi?
Mukachevo xodisalaridan oldin "O’ng sektor" rahbari Artyom Skoropoadski “Amerika Ovozi”ga mana bunday degan edi:
"Agar yana bir inqilob boshlansa, Ukraina Prezidenti Poroshenko va uning safdoshlari eski prezident [rossiyaparast Viktor Yanukovich] kabi mamlakatdan qocha olmaydi. Ular Ukraina armiyasi va Milliy gvardiyasining yosh zobitlari tomonidan qatl etiladi”.
"O’ng sektor" davlat to’ntaruvini uyushtirishga xalqni chorlamayotganini ta’kidlar ekan, ammo agar hukumat ko’ngillilar batalyoni hamda aholi iltijolariga befarq qolsa, ularning hokimiyatdan ag’darilishi tayin, degan edi.
O’tgan yili Yanukovich hokimiyatdan quvilgani va sharqda urush boshlanganidan buyon Ukrainada hayot ancha og’irlashdi, milliy valyuta qadrsizlanib, narxlar oshdi, ishsizlar ham ko’paydi. Biroq ommaviy norozilik namoyishlari kuzatilmadi. Yaqinda o’tkazilgan so’rovga ko’ra, aholining 32 foizi Petro Poroshenkoni qayta prezident etib saylashga tayyor.
O’tgan yilgi parlament saylovlarida "O’ng sektor" Radadagi o’rinlarni egallash uchun yetarlicha ovoz yig’a olmagan edi.
Millatchilar: himoyachilarmi yoki la’nat?
Germaniyalik siyosatshunos Andreas Umland xalq qariyb ikki ming yosh yigitdan tarkib topgan "O’ng sektor" faoliyatini ma’qullamasligini aytadi.
Ukrainaning “Novoye vremya” gazetasi muxbiri Ivan Yakovina ham bu fikrga qo’shiladi: "Nazarimda, aksar ukrainlar, ayniqsa shaharlar aholisi inqilob, Qrimni yo’qotish va urushdan keyin yana beqarorlik takrorlanmasin, deydi”.
Hukumat qo’shinlari: ular kim tomonda?
Ba’zi kuzatuvchilar fikricha, keskin bayonotlariga qaramay o’ng kuchlar hukumat uchun haqiqiy tahdid emas.
""O’ng sektor" ko’chalarda kuchini namoyish qilayot bo’lsa-da, hukumat undan ancha kuchliroq”, - deydi sobiq journalist, hozir esa Rada deputati Serhiy Leshchenko.
Boshqalar esa ko’ngilli jangchilar va armiya o’rtasida rishtalar mustahkamligini aytadi.
Qaysi fikr to’g’riligidan qat’i nazar, Mukachevo masalasi tinch yo’l bilan hal bo’lmasa hukumat qo’shinlari jiddiy sinovga yuz tutishi mumkin.