Breaking News

AQSh Navalniyning ehtimoliy zaharlanishi yuzasidan “chuqur xavotirda”


Aleksey Navalniy hozirda Berlindagi kasalxonada
Aleksey Navalniy hozirda Berlindagi kasalxonada

AQSh hukumati Rossiyada muxolifat lideri Aleksey Navalniy zaharlanganidan darak beruvchi tibbiy tekshiruvlardan “chuqur xavotirda” ekanini bildirmoqda. Navalniy Germaniyadagi kasalxonaga evakuatsiya qilingan.

“Xabarlar to’g’ri bo’lsa, AQSh Yevropa Ittifoqining keng qamrovli tekshiruv o’tkazish taklifini qo’llab-quvvatlaydi va bu borada yordamga tayyor”, - deydi AQSh Davlat kotibi Mayk Pompeo.

Rossiya hukumati Sibirdan Moskvaga uchayotganda holsizlangan va hozirda komada yotgan Navalniyga hujumga aloqasi borligini rad etmoqda. Aviakompaniya samolyotda unga ovqat yoki ichimlik berilmaganini bildirdi. Ammo Kreml tanqidchisi aeroportda choy ichayotgani tasvirga tushirilgan.

Navalniy tarafdorlari Kremlni ayblab, Prezident Vladimir Putinning bu ishga aloqasi bor yoki yo’qligini tekshirishga chaqirmoqda.

“Ayblovlar mutlaqo asossiz, shovqindan boshqa narsa emas”, - deydi Kreml so’zlovchisi Dmitriy Peskov.

Germaniyalik shifokorlar Aleksey Navalniyning qonida “xolinesteraz ingibitorlari” borligini aniqlagan. Xolinezterazlar nerv sistemasining normal faoliyati uchun muhim bo’lgan fermentdir. Ingibitorlar esa nerv hujayralari orasidagi signallarni to’sadi. Dementsiya kasalligini davolashda qo’llanuvchi xolinesteraz ingibitorlari kimyoviy qurollar va pestitsidlarda ham ishlatiladi.

Aleksey Navalniy va so'zlovchisi Kira Yarmish
Aleksey Navalniy va so'zlovchisi Kira Yarmish

Peskovga ko’ra, Navalniyning kasallanishi yuzasidan tekshiruv boshlashga asos yo’q, chunki sabablar turlicha bo’lishi mumkin.

“Agar biror modda topilsa va uning zaharlangani aniqlansa, shunda tekshiruv uchun sabab paydo bo’ladi”, - deydi u.

Navalniyning matbuot kotibi Kira Yarmishning aytishicha, Rossiya hukumati tekshiruv boshlashga moyil emasligi ajablanarli hol emas.

“Jinoyat tegishli ravishda tekshirilmasligi, aybdor topilmasligi ma’lum edi. Ammo biz uning kimligini juda yaxshi bilamiz”, - deya yozdi Yarmish “Twitter” sahifasida.

Ekspertlarga ko’ra, Navalniy qanday zaharlangani haqida xulosa qilishga hali erta. Ayrim ekspertlar esa ikki yil ilgari Britaniyada sobiq rus josusi Sergey Skripal va uning qizi aynan xolinesteraz ingibitorlari bilan zaharlanganini qayd etadi.

Sergey Navalniy Rossiyada korrupsiyaga oid mustaqil tergovlari, Putinga nisbatan ashaddiy tanqidlari bilan tanilgan. Germaniya kansleri Angela Merkel va Yevropaning boshqa rasmiylari Rossiyani to’liq tekshiruv o’tkazishga undamoqda.

AQSh Davlat kotibi muovini Stiven Bigun Rossiyaga safari davomida bu mavzuni ham ko’tarishi kutilyapti.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG