Chikagoda taomlar juda mazali. Shaharning qay burchagida bo’lmasin, restoranlardan nolish qiyin. Qizig’i, hatto ayrim qamoqxonalarda ham ovqat yomon emas. “Amerika Ovozi” yaqinda bunga o’zi guvoh bo’ldi.
Chikagodagi jazoni o’tash muassasalaridan biridamiz. Qamoqxona deganda ko’z oldimizga panjara qatorida sifatsiz yegulik keladi. Qulflangan hayot axir.
“Tandir yonidaman. Pitsa yasab, yopaman. Xamir qoraman. Qilmagan ishim yo’q. Maza qilib ishlayman, to’g’risi. Noliydigan yerim yo’q”, - deydi Sleyter.
Mahbuslar uchun bu pitsalar ozodlik mazasidir. O’tmishni eslashadi.
“Qamoqdan oldingi hayotim haqida o’ylayman. Erkinlikning qadriga yetasiz”, - deydi Skott.
Pitsalar tekin emas. Haftasiga 200 tasi tayyorlanadi va mahbuslarga tarqatiladi. Oldindan buyurasiz. Har biri 7 dollar.
“Pitsangiz kelganida ko’ngil yayraydi. Ana, nasibam keldi, deb quvonaman. Xuddi yangi yildek bayram qilasiz. Hammaning kayfiyati ko’tariladi. Buyurtma tinmaydi”, - deydi Jonatan Skott.
Pazandalarga italyan ustoz, Bruno Abate.
“Eng sifatli mahsulotlar ishlatamiz. Bu yerda o’tirganlarning ko’pi rayhon nima ekanini bilmaydi. Zukkini degan sabzavot ular uchun yangilik. Xullas, yangi bilim, toza yegulik”, - deydi u.
Qamoqxonadagi har kungi ovqat maqtashga arzimaydi. Qorin to’yadi lekin mazasi og’izda qolmaydi.
“Taom vujudni oziqlantirishi kerak, jismonan va ruhan”, - deydi shef-povar.
Hayotiy saboqlardan biri shu, deydi mahbuslar.
“Shef-povar antiqa inson. Kunni rejalashdan tortib ahloqiy normalargacha, undan o’rganayapman. Niyatim - bu yerdan chiqsam, orqaga qaytmaslik”, - deydi Shakil Sleyter ismli mahbus.
Loyihaning maqsadi esa astalik bilan mahbuslar pishirgan pitsalarni ko’chalarda sotish, toki aholi bilsinki, panjara ortida o’tirganlarga yana bir imkoniyat bersak arziydi.