Shavkat Mirziyoyevni O’zbekiston qahramoniga aylantirish tashabbusi o’zgarishlar bo’sag’asidagi o’zbek jamiyati uchun xavotirli ishora sifatida baholanmoqda. Hokimiyatga kelganiga ikki yil to’lmagan Mirziyoyev “O’zbekiston qahramoni”, shuningdek xalqaro Nobel mukofotiga loyiq degan chaqiriq va takliflar yangramoqda. Tashabbuschilar qatorida Karimov davridan hukumat partiyasi bo’lib kelayotgan Liberal demokratlardan tortib, Mirziyoyev islohotlarini olqishlayotgan jamoatchilik vakillarigacha bor.
Prezident Mirziyoyev qaroriga ko’ra ishga tushirilgan “Mening fikrim” portalida 10 mingdan oshiq imzo yiqqan dastlabki taklif uning o’zini “O’zbekiston qahramoni” unvoni bilan taqdirlash haqidagi tashabbus bo’ldi. Ayni paytda 12 mingdan oshiq imzo to’plagan bu tashabbus hukumat qarorida belgilanganiga muvofiq Oliy Majlisda ko’rib chiqilishi shart.
Taklif ovozga qo’yilgan taqdirda xalq deputatlari prezidentni taqdirlashga qarshi ovoz berishini tasavvur qilish qiyin. Agar marhum Karimov kabi Shavkat Mirziyoyev ham bu unvondan ixtiyoriy voz kechmasa, yaqin kelajakda Mirziyoyevni “O’zbekiston qahramoni” unvoni bilan tabriklash mumkin bo’ladi.
Ibrohim Norov tomonidan kiritilgan murojaatda Shavkat Mirziyoyev mamlakat taraqqiyotiga qo’shgan ko’p yillik xizmati uchun “Mehnat shuhrati”, “Fidokorona xizmatlari uchun” ordenlari bilan taqdirlangani, ammo Mirziyoyev xizmati hali yetarli baholanmagani, “...hayotga yorqin nur, xonadonlarga xursandchilik olib kirgan, qo’shnilar bilan munosabatni yaxshilagan, shahar va qishloqlarni go’zal qilib berayotgan Yurtboshini” O’zbekiston qahramoni unvoni bilan taqdirlash taklif qilinadi.
“O’zbekiston qahramoni” Shavkat Mirziyoyev munosib ko’rilayotgan yagona mukofot emas., Karimov o’limi ortidan o’z rahbaridan ayrilgan, ammo Mirziyoyev yetakchiligida hamon qudratda qolayotgan liberal demokratlari partiyasi yangi yetakchisi nomzodini xalqaro Nobel mukofotiga ham surmoqchi. Ta’kidlanishicha, O’zbekiston rahbari Nobel mukofoti berilayotgan barcha sohalarda, adabiyotdan tortib, tinchlik, ilm-fan masalalari bo’yicha ham taqdirlanishga loyiq.
Bu tashabbus jamoatchilik tomonidan qo’llab quvvatlanmoqda, ammo buni keskin norozilik bilan kutib olgan, o’zgarishlar bo’sag’asidagi tuzum va jamiyat taqdiridan xavotirga tushgan faollar ham bor.
Adabiyotshunos olim Baxtiyor Isabek jamoatchilik tomonidan ko’tarilgan bu tashabbusni xavotir bilan qarshilab, Mirziyoyev qilayotgan o’zgarishlarni inkor etmagan holda, Karimov davriga xos bu tashabbusni o’zbek jamiyati uchun xatarli deya baholaydi.
“Bir odamning amalga ko’tarilishi ortidan hamma gapi to’g’ri, deb baholanishi xavotirga asos. Afsuski, jamiyatda hamon kim birinchi bo’ladigan bo’lsa, oliy amalga o’tirsa u hammadan aqlli, donishmand degan tushuncha hukmron. Gap bu yerda kishining aqliy qobiliyati, idroki haqida emas, aynan uning amali haqida ketmoqda. Har holda jamiyatning katta bir qismi shunday tushunchada, bu shunday qilsak biz kattaroq ulushga ega bo’lamiz degan maqsadda qilinadimi, yoki boshqa sababmi, aniq izohlash qiyin. Ammo bir narsa aniq, tashabbuslar ortidagi asosiy belgilovchi narsa bu amal, taxt, ya’ni bu taxtga o’tirgan odam darrov xonga aylanadi, xonning saviyasi esa jamoatchilik uchun muhim emas. Qolaversa, Islom Karimov yo’li bilan ketishning o’zi jar yoqasiga kelib qolgan, bu hammaga ayon edi”, - deydi Baxtiyor Isabek.
Baxtiyor Isabek tashabbus partiyaviylikdan qat’i nazar, parlament deputatlar tomonidan to’liq quvvatlanishiga shubha qilmaydi. Mamlakatda prezidentdan natija va samara haqida so’raydigan siyosiy kuch, jamoatchilik ham yo’q.
“To’g’ri, Mirziyoyev mehnat qilyapti, o’zgartirishga urinyapti, buni hamma ko’rib turibdi, lekin uning faoliyati natijalarga qarab baholanishi kerak, buning uchun esa hali vaqt bor, hosil ko’rinishi kerak. Mayli “O’zbekiston qahramoni”ni bersin, lekin qandaydir natija, samaralar uchun bersin. Nobel mukofoti masalasida, O’zbekistonni zamonaviy demokratik jamiyatga aylanishi uchun hali vaqt bor, muxolafatga ham yo’l ochilishi kerak, bir paytlar siyosiy maqsadlar yo’lida chiqarilgan sud qarorlari bekor qilinishi, odamlar mamlakatga qaytishi kerak. Agar gap adabiyot masalasida bo’lsa, tabiiyki buning uchun prezidentdan boshqa munosib nomzodlar bor” - deydi Baxtiyor Isabek.
O’zbekistondagi jamoatchilik, jumladan Shavkat Mirziyoyevni Nobel mukofotiga tavsiya etayotgan liberal demokratlar partiyasi vakillari ham prezidentning qalam ahliga ko’rsatayotgan diqqati, yaratayotgan sharoitlarini alohida ta’kidlashadi.
Ammo so’nggi xabarlarga ko’ra, Karimov davrida “qora ro’yxat”ga kiritilgan adiblar ham hamon taqiq ostida. Jurnalist Karim Bahriyev ijtimoiy tarmoqdagi sahifasida Stalin davri qatag’onlarini boshdan kechirgan O’zbekiston xalq shoiri Shukrullo “qora ro’yxat”da qolayotgani, uning faoliyatiga bag’ishlangan ko’rsatuvni televideniyeda namoyish qilinishiga taqiq qo’yilgani haqida yozdi.