Mirziyoyevning Fransiya tashrifini Yevropadagi o'zbeklar qanday baholamoqda?

Bu hafta O'zbekiston rahbari Shavkat Mirziyoyev Fransiyaga tashrif buyurdi. Sharhlovchilar nazarida safar muvaffaqiyati haqida gapirishga erta. Besh milliard yevro atrofidagi shartnomalar ham hali real sarmoyadan darak emas. Mirziyoyevning rasmiy safarlarida kelishilgan bitimlarning aksariyati amalda hozircha natija bergani yo'q, deydi tahlilchilar.

Fransiya sarmoyasi ham bundan mustasno emas. Dunyoning iqtisodiy qudratlaridan bo’lgan Yevropa Ittifoqiga amalga oshirilgan dastlabki rasmiy safar islohotlar va’dasidagi prezidentga ko’rsatilayotgan siyosiy iltifot o’laroq baholanmoqda.

Uzoq yillik turg’unlikdan chiqayotgan O’zbekiston haqida Yevropa Ittifoqidagi tasavvurlar hali butkul o’zgarmagan. O’zbekiston bilan iqtisodiy, siyosiy munosabatlar qurilishi ham asosan shu tasavvurlardan kelib chiqadi. Bunga O’zbekiston-Fransiya o’rtasidagi iqtisodiy aloqalar ko’lami o’ta pastligi ham misol bo’ladi.

Mirziyoyevning Fransiyaga rasmiy tashrifi Yevropa jamoatchiligida O’zbekiston haqidagi mavjud tasavvurlarni qanchalik o’zgartirgani noma’lum, safar muvaffaqiyati, natijalari haqida gapirishga hali erta.

Fransiyada yashayotgan o’zbek faollariga ko'ra, fransuz matbuoti Mirziyoyev safariga deyarli diqqat qaratmagan.

Siyosiy sharhlovchi Kamoliddin Rabbimov tashrifini kuzatish uchun Parijga borgan. Uning aytishicha, tashrif yopiq o’tgan, asosan o’zbek jurnalistlari qurshovida kechgan va Fransiya matbuotida deyarli yoritilmagan.

“Mirziyoyevni har safar musiqalar bilan kutib olishdi, iltifotlar ko’rsatishdi. Lekin diqqat qilsak, Fransiya matbuotida O’zbekiston haqida biron ma’lumot deyarli berilmadi. Bunga albatta Shavkat Mirziyoyev emas, sobiq tuzum aybdor. O’zbekiston-Fransiya aloqalari hozirgi vaziyatda o’ta zaif. O’zbekiston matbuoti bergan ma’lumotga ko’ra, mamlakatda Fransiya ishtirokidagi korxonalar soni bor-yo’g’i 16 ta. Bu degani Fransiya mablag’i O’zbekistonda ishtirok etmayapti. Prezident rasman ijobiy yaxshi kutib olingani bilan, Fransiyadagi markaziy nashrlarda O’zbekiston haqida hech narsa yo’q. Faqatgina 24 soatlik bir televideniye safar haqida qisqa lavha berdi. Prezidentning safari asosan o’zbekistonlik jurnalistlar qurshovida o’tdi”, - deydi Rabbimov.

Prezident Mirziyoyev Fransiya biznes doiralari vakillari bilan, Parij, 8-oktabr, 2018

Uzoq yillik turg’unlik davri xalqaro jamoatchilikda, xususan Yevropa Ittifoqida ham O’zbekiston avtoritar boshqaruvdagi diktatura davlati ekanligi haqidagi tasavvurni shakllantirgan. Yevropa Ittifoqi bilan siyosiy, iqtisodiy munosabatlar ham shunga muvofiq turg’unlashib qolgan edi.

Mirziyoyevning Yevropa safari hokimiyatga kelganiga ikki yil to’lishi ortidan kuzatilmoqda. Bu vaqt davomida uning faoliyati asosan islohotlar shiori bilan kuzatildi, ammo bu islohotlarning qanchalik amalga oshishi hamon shubha ostida baholanadi.

Kamoliddin Rabbimovga ko’ra, Yevropa Ittifoqi sobiq tuzumning asosiy tanqidchilaridan edi, o’ta sovuq darajaga tushgan munosabatlar ehtiyotkorlik bilan qayta tiklanmoqda, dastlabki safar Fransiyaga uyushtirilgani ham bejiz emas.

“Nega aynan Fransiya ekanligini sababi ham ko’proq siyosiy qarashlarda. Makron hokimiyati Yevrosiyo masalasida, deylik, Trampdan farqli o’rta pozitsiyani egallamoqda, so’nggi paytda nisbatan Rossiyaga yaqinlashmoqda”, - deydi u.

Mirziyoyev tashrifi arafasida Fransiya bilan 5 milliard yevrolik hamkorlik shartnomasi imzolangani xabar qilindi. Mirziyoyev Parijda Fransiya biznes doiralari bilan uchrashdi, O’zbekistonga sarmoya yotqizishga da’vat qildi. Ayni paytdagi o’zaro savdo iqtisodiy ko’rsatkichlari o’ta past baholanadi, bu ko’rsatkichning o’sish imkoniyatlari esa islohot va’dalariga emas, O’zbekistondagi real o’zgarishlarga bog’liq bo’lishi ta’kidlanmoqda.

“O’zbekistonda islohotlar izchil amalga oshsa, huquqiy, demokratik, ochiq davlat nufuzi shakillanadigan bo’lsa Yevropa Ittifoqi ulkan sarmoyaviy imkoniyatlarga ega. Yevropada katta kapital, ilg’or texnologiya bor. Katta kapital har doim o’ziga qulay muhit izlaydi. O’zbekistonda islohotlar boshlanganini hamma kuzatyapti, lekin shu ikki yil davomida hali hech kim yirik bir mablag’ yotqizmadi, hamma kuzatishda davom etmoqda”, - deydi Rabbimov.

O’zbekiston prezidentini Fransiyaga tashrifi 22 yillik tanaffusdan so’ng amalga oshmoqda. Marhum Islom Karimov Fransiyaga 1996-yilda rasmiy safar qilgan. Ikki yil muqaddam hokimiyatga kelgan Shavkat Mirziyoyev uchun Yevropa Ittifoqiga qilingan dastlabki tashrif bo’ldi.