AQShning Afg'oniston bo'yicha maxsus elchisi Zalmay Halilzod va Oq uy rasmiysi Liza Kurtis 10-dekabr kuni O'zbekiston poytaxtida bo'ldi. Nima haqda gaplashdi?
Prezident Shavkat Mirziyoyev bilan uchrashgan arboblar asosan Afg'oniston xususida so'zlashgan. Bu mamlakat yuzasidan hamkorlik - strategik sheriklar oldidagi ustuvor maqsadlardan biri.
Shu yilning may oyida e'lon qilingan kelishuvga asosan O'zbekiston va Amerika 40 yildan beri urush domidan chiqa olmayotgan Afg'oniston hukumatini quvvatlash, bu mamlakat iqtisodiy rivoji uchun hissa qo'shish va bu xalqqa yaqindan ko'maklashish bobida birga ishlashga bel bog'lagan, deydi rasmiylar.
O'zbekiston qo'shni davlatga elektr toki, infrastruktura taraqqiyoti, ilm-fan va ta'lim bo'yicha madad berib kelmoqda.
Bugungi uchrashuvda Mirziyoyev bu boradagi say-harakatlar to'xtamasligi, aksincha boshqa jabhalarda ham hamkorlikka yo'l ochilayotgani, xususan O'zbekiston va Afg'oniston orasida tijorat ko'lami oshishi kutilayotgani haqida gapirgan.
Vashingtondan kelgan mehmonlar esa Afg'onistonda tinchlikka erishishda O'zbekiston roliga urg'u berib, qurolli muxolifat, ya'ni Tolibon bilan muzokara qilgan Toshkentga Kobuldagi markaziy hukumat va jangari guruh orasida tinchlikka erishilsa, tarixiy burilish bo'lishini eslatgan.
Halilzod va Kurtis Toshkentda O'zbekiston Tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilov va boshqa rasmiylar bilan ham muloqot qildi.
Xalilzod hozirgi lavozimiga uch oy oldin tayinlandi. Undan oldin AQShning BMTdagi elchisi lavozimida ishlagan. Halilzod - afg'onistonlik muhojir. Respublikachilar partiyasini yoqlovchi arbob Amerikaning tajribali diplomatlaridan biri sanaladi. Ayni damda u Markaziy va Janubiy Osiyo hamda Yevropa bo'ylab safarda.
Kurtis, Janubiy Osiyo bo'yicha yetakchi mutaxassis, Prezident Donald Trampning mintaqaga nisbatan siyosatini belgilashda yetakchi rol o'ynab kelmoqda. O'zbekiston-AQSh aloqalarining oldinga siljishida uning roli salmoqli.
Amerika Afg'onistonda 10 mingga yaqin qo'shinga ega. Ular NATO boshchiligidagi xalqaro koalitsiya tarkibida. Unga AQSh generali qo'monqonlik qiladi. Bu kuchlarning asosiy vazifasi afg'on harbiylarining salohiyatini oshirish.
O'zbekiston Afg'onistonga shimoldan zarur yuk olib kirishda AQSh bilan azaldan ishlab kelgan va bugunga kelib bu yo'nalishdan kamroq material olib o'tilsa-da, tranzit to'xtamagan.