O'zbekistonda Ixtiyor Abdullayev Davlat Xavfsizlik Xizmati (DXX) rahbarligidan olingan. Uning o'rniga Mudofaa vaziri general-leytenant Abdusalom Azizov tayinlangan. Azizovning o'rnni esa general-mayor Bahodir Qurbonov egallaydi.
Xorijdagi muxolifat yetakchilaridan biri Muhammad Solih fikricha, DXXning yangi raisi Ixtiyor Abdullayevning xatolarini takrorlamasligi kerak.
O'zbekiston matbuotiga ko'ra, Ixtiyor Abdullayev sog’lig’i bilan bog’liq muammolar tufayli va o’z xohishiga ko’ra vazifasidan ozod qilingan. Bu - rasmiy bayonotga asoslangan xabar.
Unga ko'ra, DXXdagi o’zgarishlar haqida Bosh vazir Abdulla Aripov Qurolli kuchlar akademiyasida o’tgan yig’ilishda bildirgan. Bu gaplar esa Ixtiyor Abdullayev bir muncha avval ishdan olingan, degan taxminlarni kuchaytirmoqda.
O’zbekiston prezidenti matbuot xizmati ham huquq-tartibot organlari rahbariyatidagi o’zgarishlarga doir qisqa bayonot tarqatdi.
Unda qayd etilishicha, Ixtiyor Abdullayev sog’ligi yomonlashgani sabab vazifasidan ozod etilgan. Abdullayevning bo’yin va bel umurtqa pog’onasida ikki marta og’ir jarrohlik amaliyoti o’tkazilgan.
Abdullayev 2018-yilning 31-yanvarida Milliy Xavfsizlik Xizmati (MXX) raisi etib tayinlangan edi. Keyinroq bu organning nomi o'zgardi.
Sobiq bosh prokuror sifatida tanilgan Abdullayev tiizimni tubdan isloh qilishi kerak edi. U o'tgan yili Senatda qilgan nutqida muxolafatdagi partiyalar - “Birlik” va “Erk” - mamlakat xavfsizligiga tahdid soluvchi kuchlar deya ta'kidlagan edi.
“Erk” yetakchisi Muhammad Solih nazarida Ixtiyor Abdullayev MXXning uzoq yillik rahbari Rustam Inoyatov an’analariga sodiq qoldi.
“Bu tizimdan Inoyatov ketib, o’rniga Ixtiyor Abdullayevning kelishi katta umidlar uyg’otgan edi. Ammo ilk davrdagi bu umidlar oqlanmadi. Ixtiyor Abdullayev avvalgi rejimni siyosatini davom ettirdi. Hatto Inoyatov davrida muxolafatga, hurriyatga qarshi ochiq aytilmagan gaplarni ham ayta boshladi. Senatda muxolafatga qarshi aytilgan bu gaplar O’zbekiston matbuotida ham bosildi", - deydi Solih.
"U ochiqchasiga “Erk” va “Birlik”ni qora kuchlar deb atadi. Buni hatto MXX boshlig’i bo’lib kelgan Rustam Inoyatov ham aytmagan edi. Bu bayonotdan keyin muxolifatni ham, xalqni ham hurriyatga bo’lgan umidlari so’ndi. Haqqiqatdan ham MXX dan DDX ga aylangan bu tizimni xalqqa qarshi tutumida o’zgarish bo’lmadi. Hozirgi o’zgarish bu manzara fonida albatta ijobiy ko’rinadi. DXX kelgan yangi rahbar Abdusalom Azizov avvalgilarining xatolarini takrorlamaydi va bu tizimda mutlaqo yangi bir siyosat boshlaydi, deb umid qilyapmiz. Umid qilamizki, yangi rahbar MXX o’tmishidan saboq chiqaradi, xalq hurriyati, ozodligini bosim ostida tutmaydi”, - deydi Muhammad Solih.
Ixtiyor Abdullayev xavfsizlikni ta'minlash sistemasini korrupsiyaga tozalashi kutilgan edi. O'tgan yilning shu paytda prezident ham, bosh vazir ham, umuman barcha organlarning rahbarlari yulg'ichlikka qarshi kurash boshlanmoqda, deya bong urayotgan edi.
Muhammad Solih:
“Bizdagi xabarlarga ko’ra, hukumatda haliyam Mirziyoyev islohotlariga to’sqinlik qilib turgan guruhlar bor. Ziddiyat davom etmoqda. Shuning uchun ham biz prezidentning islohotlarini dastaklayapmiz, muxoliflikni faollashtirganimiz yo’q. Hozirgacha kuch ishlatar tizimlarda radikal islohotlar qilinmadi. Hozirgi yangilik ham shuning mahsuli deb ko’ryapmiz. Bu tizimda zehniyat o’zgarmas ekan, mamlakat kelajagi mavhum qolaveradi”.
DXXni yangi raisi Abdusalom Azizov Ichki ishlar vazirligi akademiyasi bitiruvchisi. U bir muddat “O’zbekneftgaz” va “O’zneftmahsulot” kompaniyalariga rahbarlik qilgan, ammo asosiy faoliyati ichki ishlar tizimi bilan bog’liq.
2009-2017 yillarda Jizzax viloyat Ichki ishlar boshqarmasiga rahbarlik qilgan Azizov mamlakatda rahbar yangilanishi bilan Toshkentga olib kelingan.
Azizov dastlab Ichki ishlar vaziri bo’lib ishladi, biroz vaqt o’tib Mudofaa vaziri lavozimiga tayinlandi.