Pandemiya Putinning siyosiy rejalarini buzdimi?

  • Amerika Ovozi

Moskva, 7-aprel, 2020

22-aprel kuni Rossiyada saylovchilar bosh qomusni o'zgartirish yuzasidan ovoz berib, Vladimir Putinning 2036-yilgacha hokimiyatda qolishini ta'minlashi mumkin edi. Putinning bu umidi hozircha puchga chiqqan ko'rinadi, deydi tahlilchilar.

Koronavirus tarqalishi sabab tadbir kechiktirildi va referendum targ'iboti bekor qilindi.

9-may kuni o'tishi kutilayotgan tantanalar ham o'tkazilmasligi mumkin. Chunki hozir hech kimning ko'ngliga Ikkinchi jahon urushi tugaganining 75 yilligini nishonlash sig'maydi. Xalq salomatligini saqlash lozim.

Moskvada tayyorgarlik avjida edi. Fransiya va Hindiston rahbarlari tantanaga kelishini allaqachon tasdiqlagan ham edi.

Hozircha Rossiya yopiq. Dunyoning boshqa davlatlari singari federatsiya ham pandemiya zararini kamaytirish payida.

Kreml so'zlovchisi Dmitriy Peskov deydiki, 9-may bilan bog'liq barcha tadbirlar bekor qilinmagan va sharoitga qarab, ayrimlari o'tkazilishi mumkin. Urush faxriylari ularda qatnashmaydi, chunki virus ayniqsa keksalar uchun xavfli.

Konstitutsiyaga o'zgartirish kiritish bo'yicha saylov qachon o'tishi aniq emas. Agar ular tasdiqlansa, Putin 2024-yildan keyin yana ikki muddat olti yildan, ya'ni 12 yil mobaynida hokimiyatda qolishi mumkin. Qonunchilar bu takliflarni allaqachon quvvatagan, lekin o'zgarishlar demokratik deya ko'rsatish uchun takliflar xalq ovoziga ham qo'yiladi.

Rossiya va Saudiya Arabistoni neft ishlab chiqarish va savdosi yuzasidan hamon kelisha olmadi

Rossiya OAVlari, xususan, "Tass" davlat axborot agentligi 67 yoshli Putin bilan maxsus suhbat qilib, uning 20 yillik rahbarligini tahlil qildi. Maqsad - Putinni Rossiyaning eng munosib prezidenti sifatida namoyish qilish. Biroq hozirga kelib, "Tass" ham bu dasturlarni to'xtatgan.

G'arb aql markazlaridagi ayrim ekspertlar nazarida Putinning rejalari hozir haqiqatdan ham puchga chiqmoqda.

Mart oyida Putinning reytingi 63 foizda edi. Neftdan daromad tushib ketgan. Saudiya Arabistoni bilan qora oltin savdosi va mahsulotni ishlab chiqarish borasida ziddiyat hal etilmagan. Buning ustiga pandemiya iqtisodiyotni yanada zaiflashtirmoqda.

Millionlab rossiyaliklar ishda emas. Sanoatlarning aksariyati yo to'xtagan yoki cheklangan tarzda faoliyatini tebratmoqda. Samaradorlik misli ko'rilmagan darajada pasayib ketgan.

Moskva ko'chalarida

Savdo va sanoat palatasiga ko'ra, yaqin oylarda uch milliondan oshiq kompaniya yopiladi va sakkiz million kishi ishsiz qoladi. Bu Rossiyadagi ishchi kuchining deyarli 11 foizi demakdir.

Boshqa ko'plab hukumatlar singari Putin ma'muriyati ham pandemiya xavfini o'z vaqtida ko'rib, to'g'ri baholab, tegishli choralar ko'rmaganligi uchun tanqid ostida. Real harakat qilmay hukumat o'z imijini himoya qilishga berildi, oddiy xalq manfaatini ko'zlamadi, degan qarash keng tarqalgan.

Haftalik chiqishlarida Putin Rossiya ommasini o'ziga ishonishga, har bir fuqaroni o'zini ehtiyot qilishga chorlab, "buyuk mamlakatimiz bu qiyinchilikni ham yengadi", deya ishontirishga urinmoqda.

Uni quvvatlovchilar hamon talay, lekin muxolifat safi ham kengayib bormoqda. Tanqidchilar fikricha, Putin bugun xalqdan yanada uzoqlashgan va uning dardini tushunmaydi, vaholanki o'z bayonotlarida buning aksini ko'rsatishga harakat qilsa-da.

Buni ham ko'ring Putin prezidentlikka yana saylanishiga imkon beruvchi tuzatishlarni ma'qulladi

Odamlar samaraga qarab baholaydi, deydi Samuel Grin, Londondan tahlilchi.

Yana bir ekspert Nikolay Petrov esa koronavirus Rossiyada yetilib kelayotgan qator muammolarni yanada avj oldirib, Kremlga qarshilikni kuchaytirdi, deya xulosa qilmoqda.

Petrov deydiki, shu paytgacha Putin odamlarni mahalliy muammolardan chalg'itish uchun Rossiyaning global maydondagi roliga urg'u berdi. Federatsiyani katta mojarolarga aralashtirdi. Davlatni shu tariqa oddiy fuqaro nazarida qudratli va nufuzli deya ko'rsatishga urindi. Rossiya ommasi buni keng miqyosda qabul qildi ham. Biroq hozir pandemiya tufayli har bir rossiyalikning tirikchiligi va salomatligi bevosita tahdid ostida ekan, "odamlarni chalg'itish yoki aldash qiyin", deydi Petrov.