"Aeroflot"ga ishlagan 10 shaxs AQShda kontrabandada ayblanmoqda

  • Amerika Ovozi

19-oktabr kuni AQsh Adliya vazirligi Nyu-Yorkning Bruklin tumanida 10 shaxsga nisbatan ayblov e'lon qildi. Unga ko'ra, Rossiyaning "Aeroflot" kompaniyasining hozirgi va sobiq xodimlari bu mamlakatga Amerikadan elektronik vositalarni noqonuniy yo'llar orqali chiqarish bilan shug'ullangan. Maxsus agentlarga ko'ra, 50 million dollardan oshiq miqdordagi o'g'irlik haqida gap ketmoqda.

Xususan, deydi rasmiylar, katta hajmdagi "Apple" mahsulotlari kontrabanda qilingan. Aynlovda o'marilgan tovarlar transportatsiyasi, eksport qonun-qoidalarini buzish, texnologiyani noqonuniy tarzda yuborish va uyushgan jinoyatchilik singari ishlar qayd etilgan.

Akmal Asadov, Sayuz Daibagya, Anton Perevoznikov, Shohruh Saidov, Marat Shadkhin, Kirill Soxonchuk va Zokir Iskanderov 19-oktabr kuni Nyu-Yorkda hibsga olingan. Azamat Bobomurodov esa Illinoy shtatida ushlangan. Yana ikki kishi qidiruvda. Hibsdagilar sud oldiga olib borilgan va ayblovlar o'qilgan.

Politsiya, Federal Qidiruv Byurosi va bir necha vazirliklarning tegishli organlari birgalikda olib borgan operatsiya AQShdan Rossiyaga katta miqdorda, muntazam va jinoiy yo'llar bilan texnologik mahsulotlar olib chiqish biznesini fosh etdi, deya bildiradi Adliya vazirligi.

Hozirgacha ochiqlangan biror hujjatda ayblanuvchilarning qay davlat fuqarosi ekani haqida ma'lumot berilmagan. Norasmiy manbalarga ko'ra, ular asosan Rossiya va O'zbekistondan.

Amerikadan bu guruh tomonidan shu kungacha 50 million dollardan oshiq miqdordagi o'g'irlangan tovar jo'natilgan, deya tushuntiradi Ichki xavfsizlik vazirigi maxsus agent Piter Fitza.

Ayblanayotgan shaxslar "Aeroflot" yo'lovchilari va xodimlari orqali naqd pul va mahsulotlarni chiqargan va shu tariqa tijoriy havo yo'llari jinoiy tizim uchun transport vositasi bo'lgan, deya tasvirlanadi aybnomada.

Tergov natijasida "Aeroflot"ning 113 nafari xodimining vizasi bekor qilingan.