2000-yilda BMT Xavfsizlik kengashi xotin-qizlar, tinchlik va xavfsizlik borasida rezolyutsiya qabul qilib, jahon bo'ylab, har qanday mojaroda ayollarga alohida e'tibor qaratib, ularga gamxo'rlik qilishni majburiyat deya belgilagan edi.
BMT minbarlarida doimiy ravishda ta'kidlanadiki, ayollari xo'rlangan jamiyat hech qachon farovon yashamaydi. Tahlillar ham shuni ko'rsatadiki, jinsiy tengsizlik hukmron davlatlar aksariyat hollarda qoloq; ularda taraqqiyot davomiy emas va vaziyat beqaror.
Mana shu hujjatning 20 yilligi munosabati bilan Xavfsizlik kengashining doimiy a'zosi AQSh va uning strategik sherigi O'zbekiston shu yo'nalishda hamkorlikni kengaytirishga kelishib olgan.
O'zbekistonga ko'ra, BMT rezolyutsiyasi respublika hukumatining maqsadlari va vazifalari bilan hamohang. Mamlakat o'z dasturiga ega.
Davlat departamenti qayd etishicha, Qo'shma Shtatlar hukumati va fuqaro jamiyati O'zbekistonda bu programmani amalga oshirishda ko'maklashadi.
Xususan, xotin-qizlarning haq-huquqlarini ta'minlash, ayollarning siyosiy, iqtisodiy va ijtimoiy rolini oshirish, ularning butun tizimdagi o'rni va ovozini kuchaytirish, qaror qilishda ularning ham fikr-qarashlari va takliflarini inobatga olish yo'lida Amerika va O'zbekiston birga ishlaydi, deyiladi qo'shma bayonotda.