Turkmanistonda prezidentning sevimli itiga haykal o'rnatildi

  • Amerika Ovozi

Ashgabat, Turkmaniston

Turkmaniston poytaxti Ashgabat markazida olti metrli haykal qad ko'tardi. Davlat rahbari Qurbonguli Berdimuhammedov televideniye orqali xalqqa murojaat qilib, uni muhim obida deya tasvirladi.

Berdimuhammedovga ko'ra, Alabay deya tanilgan kuchuk Turkmaniston madaniy boyligi va ajdodlardan qolgan merosning bir qismidir. Prezident bu borada kitob va she'rlar yozgan. Bu itning zotidan hatto Rossiya rahbarlariga sovg'a ham qilgan.

Bu oddiy it emas, deydi Berdimuhammedov, u insonning qo'riqchisidir. Odam va uning oilasi hamda molu-dunyosini qo'riqlaydi, deydi prezident.

Ashgabat, Turkmaniston

2015-yilda Turkmaniston rahbari Axal-Teke otiga ham haykal qo'ydirgan edi. U obida ham Ashgabatda.

Olti million aholiga ega mamlakat dunyodagi eng yopiq jamiyatlardan biri. Insonlar erkin yashamaydigan yurtda hayvonlarning oltin suvi yugurtirilgan haykallar bilan e'zozlanishi nafaqat kulgili, balki fojiali, deya baholamoqda ijtimoiy tarmoqlardagi jamoatchilik.

Turkmaniston asosan tabiiy gazini sotib, kun ko'radi. Koronavirus dunyo bo'ylab avj olar ekan, pandemiya bu respublikaga qanchalik zarar yetkazgani haqida hukumat hamon og'iz ochmaydi. Lekin prezident itga haykal qo'yilgani haqida maxsus bayonot qilgan.

Ashgabat, Turkmaniston